O‘zbekiston

Prezident Qashqadaryoga rasmiy tashrif bilan bordi

photo 1370
Foto: O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati

Loading

Bugun, 24-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimizning ijtimoiy siyosati har bir mahallaga kirib borish va aholi talabini manzilli hal etishga qaratilgan. Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida ham infratuzilma izchil rivojlantirilmoqda. 2021-yilda tashkil topgan mahalla bo‘lgani bois bu yerda maktab yo‘q edi. 500 dan ortiq o‘g‘il-qiz 10 kilometr masofadagi maktabga qatnardi.

photo 06 65

Yaqinda bu yerda yangi maktab qurib bitkazildi. Prezidentimiz mahallaga tashrifi chog‘ida uni kirib ko‘rdi.

Maktab 660 o‘rinli. O‘ttizdan ortiq sinfxonalar, kutubxona, faollar zali, oshxona, STEM laboratoriyasi, kompyuter xonasi va kasbga yo‘naltirish xonalari mavjud. Ochiq va yopiq sport maydonchalari, yo‘l harakati xavfsizligi yo‘laklari tashkil etilgan.

photo 04 164

Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlarni kamida ikkita chet tili va bitta zamonaviy hunarga o‘rgatish maktab ta’limidagi asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Yangi maktabda ham bunga sharoit yaratilgan. Maxsus jihozlangan xonalarda o‘quvchilar tikuvchilik, zargarlik, pazandachilik, sartaroshlik, elektrsozlik, kompyuter va mobil telefonlarga xizmat ko‘rsatish, robototexnika bo‘yicha kasb sirlarini o‘rganadi.

Davlatimiz rahbari o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi.

Shunday sharoit yaratayapmizki, o‘quvchilar maktabdan chet tillarini va hunar o‘rganib chiqadi. 11-sinf hayot yo‘li sinfi bo‘ladi. Agar har bir yosh shunday o‘qib, jamiyatda o‘z o‘rnini topsa, O‘zbekistonimizga mustahkam zamin bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda qashqadaryolik o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

photo 05 99

Har bir islohotda, qaror qabul qilishda o‘qituvchilar ko‘z oldimda bo‘ladi, – dedi davlat rahbari. – Sir emas, ilgari bolalar uch oylab paxtaga chiqarilardi. Birgina Qashqadaryoda 155 ming o‘quvchi o‘rni yetishmasdi. Buning uchun viloyatga 1 trillion mablag‘ ajratildi. 215 ta maktab qurildi. Bugun Qashqadaryo maktablar soni bo‘yicha respublikada birinchi o‘rinda. O‘qituvchilarning oylik maoshlari ham oshirildi. Albatta, bularni yana davom ettiramiz. Lekin asosiysi – sifat bo‘lishi kerak. Bu avvalo o‘qituvchilarning bilimiga, dunyoqarashiga, fidoyiligiga bog‘liq.

Uchrashuvda pedagoglar o‘z faoliyati haqida so‘zlab, fikr va takliflarini bildirdi.

photo 01 217

Davlatimiz rahbari Qarshi tumanidagi Yangi Batosh mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi yashaydi. Hudud obodonlashtirilib, tadbirkorlik rivojlanmoqda. To‘qimachilik korxonasi, dorixona, minibank, oziq-ovqat do‘konlari va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari aholi xizmatida.

Mahallada Kasanachilik markazi tashkil etilmoqda. Prezident unda yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda tikuvchilik, charmdo‘zlik, gilamchilik mahsulotlari tayyorlanishi bilan birga kasanachilarga ish ham o‘rgatiladi. Hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faoli tomonidan ishsiz fuqarolar aniqlanib, qiziqish va xohishlariga ko‘ra yo‘nalishlar bo‘yicha ustalarga biriktiriladi. Buyurtmalarni tayyorlashni to‘liq o‘zlashtirgan kasanachilarga uyida ishlashi uchun kerakli dastgoh hamda xomashyo beriladi. Buyurtmachi va kasanachi o‘rtasida tuzilgan shartnomalar hokim yordamchisi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi” ga kiritiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi hunarmandlarni xomashyo bilan ta’minlash, aholi zich mahallalardagi kollejlarning ma’lum xonalarini kasanachilarga ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘zi hunar o‘rganishning eng katta zamini – mahalla. Bu an’anamizdan foydalanib, kasanachilik asosida, ustoz-shogirdlik asosida yoshlarni hunarli qilish mumkin. Bu ularga, ayniqsa, xotin-qizlarga ham ma’naviy, ham moddiy kuch bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaz Yangi Batoshdan tashqari unga tutash Batosh, Xoniyon, Taraqqiyot, Dasht, Jumabozor kabi mahallalarga ham xizmat qiladi. U to‘liq ishga tushsa, qariyb 24 ming nafar aholi bandligida muhim omil bo‘ladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 23-uy. Bosh muharrir: Nazarov S. L. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat beriladi.

    © 2023. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.