Salomatlik
Farzandlarini davolashda ota-onalar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan 6 ta keng tarqalgan xato
Farzandlarini davolashda ota-onalar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan 6 ta keng tarqalgan xato
Go‘dak og‘rib qoldimi? Uni o‘zingiz davolay olishingizga ishonchingiz komil bo‘lsa ham, shifokorni taklif qiling. Doktordan yordam so‘ramagan otalar va onalar bir nechta katta xatolarga yo‘l qo‘yadi. Shulardan bir nechtasi quyida havola etiladi.
Bolaga noto‘g‘ri tashxis qo‘yasiz
Sizningcha, bolani umumiy shamollash belgilari bezovta qilmoqda. Lekin aslida uning niqobi ostida boshqa kasallik yashiringan bo‘lishi mumkin. Misol uchun, qizamiq, qizilcha, virusli gepatit, poliomielit va boshqa ko‘plab infeksiyalar burun bitishi, tomoq og‘rig‘i bilan boshlanadi. Baʼzida ular shu alomatlar bilan chegaralanadi. Bunday hollarda shifokorlar kasallikning “o‘chirilgan” shakllari haqida gapirishadi. Ammo bola buni osonlik bilan boshdan kechirgan bo‘lsa ham, u hali hanuz uzoq vaqt davomida viruslarni tarqatuvchi bo‘lib qoladi, yaʼni u boshqa bolalarga virus yuqtiradi. Tajribali shifokor boladagi alomatlarni epidemiologik maʼlumotlar va tahlil natijalari bilan taqqoslab, nimadir noto‘g‘ri ekaniga shubha qiladi.
Bundan tashqari, bolalik davridagi ko‘plab infeksiyalar, xususan, qizamiq, qizilcha, skarlatinada toshma baʼzan qisqa vaqt ichida paydo bo‘ladi va u shu qadar yashirin bo‘ladiki, onalar uni allergiya deb o‘ylaydi yoki umuman sezmaydilar. Natijada bola o‘zi yuqtirgan infeksiyalarga qarshi emlanishni davom ettiradi, garchi endi bu shart bo‘lmasa ham. Ammo eng yomoni, u skarlatina bilan og‘rigan bemorlarga asoratlarni oldini olish uchun buyuriladigan antibiotiklar kabi maqsadli davolanish kursini olmaydi. Shu tarzda davolanmagan bolalarda buyraklar, yurak va bo‘g‘imlarga zarar yetkazish xavfi ortadi va ularning patologiyasi darhol paydo bo‘lmaydi, uzoq vaqt o‘tib kelgusida asoratlar yuzaga chiqadi. Shunday ekan bolaning sog‘lig‘iga xavf solmang!
Kasallikning umumiy kartinasini buzish
Sizning mustaqil tashabbusingiz bilan bolaga bergan dorilaringiz taʼsiri ostida kasallik alomatlari buzilgan bo‘lishi mumkin. Bu, ayniqsa, go‘dak qorin bo‘shlig‘idan shikoyat qilganda xavflidir: shifokor buni sezadi — qayerda ko‘proq og‘riyotganini aniqlaydi — bu ichak infeksiyasi, ko‘richak yoki strangulyatsiyalangan churrani aniqlashning yagona yo‘lidir. Agar bolaga og‘riq qoldiruvchi yoki isitmani tushiruvchi dori ichirgan bo‘lsangiz (isitma tushiruvchi dorilar ham og‘riq qoldiruvchi taʼsirga ega), og‘riq susayadi va bola sizga yaxshilanayotgandek tuyuladi, garchi yallig‘lanish jarayoni odatdagidek davom etaversa ham. Shu tariqa, siz bolaga yordam berish uchun qimmatli vaqtni o‘tkazib yuborasiz!
Noto‘g‘ri dori berish
Kasallik simptomlarining o‘ziga xos xususiyatlarini bilmasdan turib, uni o‘tkazib yuborish oson. Masalan, traxeya va bronxlarda shilimshiq faol shakllangan va uni yo‘talib chiqarib tashlashi kerak bo‘lgan bir vaqtda bolaga quruq yo‘tal siropini berish. Yoki onalar juda yaxshi ko‘radigan atsesistein kislotasiga asoslangan dori-darmonlarni qabul qilish — bu samarali vosita, ammo astmatik bronxitga moyil bo‘lgan go‘daklarda (kichik astmatiklarni hisobga olmaganda) astma xurujini qo‘zg‘atishi mumkin. Dori shifokor tomonidan tanlanishi zarur!
Qarshi ko‘rsatmalarni inobatga olmaslik
Farzandingiz gripp yoki suv chechak bilan kasallanganmi? Atsetilsalitsil kislotasidan (aspirin) tashqari boshqa antipiretik vositalar bo‘lmasa ham, ushbu dori vositasidan foydalanmang! Bolada qon ketishi, shuningdek, qonda qand miqdorining keskin pasayishi va ko‘pincha o‘lim bilan yakunlanadigan eng og‘ir Reye sindromigacha bo‘lgan boshqa asoratlar paydo bo‘lishi ehtimoldan holi emas! Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu dorini bolalarda qo‘llashni tavsiya etmasligi ajablanarli emas. Uning rahbarlari dorixonalarda aspirinni faqat retsept bo‘yicha berish masalasini hukumat darajasida ko‘targan.
Noto‘g‘ri doza tanlash
Baʼzan ota-onalar aynan bolalar uchun ishlab chiqarilgan tabletkalar o‘rniga uydagi dori qutisida mavjud bo‘lgan kattalarga mo‘ljallangan dorilarni qismga bo‘lib, bir qismini bolaga ichirishga odatlanishgan. Bu xato. Birinchidan, bu holda siz dozani noto‘g‘ri hisoblash yoki oddiygina tabletkalarni teng qismlarga ajrata olmaslik bilan osongina xatolikka yo‘l qo‘yasiz. Ikkinchidan, dorining yaxlitligini buzish mumkin bo‘lmasligi: bu go‘dak tishlarining holatiga va dorining so‘rilishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi, ayniqsa, kapsulalar, drajelar va qobiqlangan tabletkalar haqida gap ketganda bu ishni qilish yaramaydi.
Uchinchidan, bolaning dori-darmonlarini shirin qilishga harakat qilish, yaʼni uni murabbo, muzqaymoq, muss bilan aralashtirish yoki ichiga shirinlik qo‘yib ichirish orqali dorining foydali taʼsirini sezilarli darajada zararsizlantirasiz.
Bolani keraksiz dori-darmonlar bilan to‘ldirish
Agar harorat 38-38,5 daraja oralig‘ida bo‘lsa, bola yaxshi ahvolda bo‘ladi, agar oldin tutqanoq kuzatilmagan bo‘lsa, isitma tushiruvchi dorilar bir oz kutib tursin. Organizm infeksiyaga qarshi faolroq kurashish uchun haroratni ko‘taradi. Isitmani muhim sabablarsiz pastga tushirib, siz kasallikning davom etishiga va asoratlar ehtimolini oshirishga yordam berasiz.
Deylik, termometrdagi simob 38,5 darajadan oshib to‘xtadi. Bir shisha antipiretik siropni darhol ushlab olmang! Oddiydan boshlang — jismoniy sovitish usullari. Bolani yechintirib, tanasini suv bilan yuving.
Hech qachon bolaga o‘zbilarmonlik qilib antibiotik bermang! Ular viruslarga taʼsir qilmaydi: go‘dakdagi shamollash va grippni (shuningdek, qizamiq, qizilcha yoki parotit) bostirishi mantiqsizdir. To‘g‘ri, agar bola organizmi biron bir sababga ko‘ra zaiflashgan bo‘lsa, shifokor o‘tkir respirator virusli infeksiyalarda bakterial asoratlarning oldini olish uchun bunday dori-darmonlarni tavsiya qilishi mumkin. Ammo bu shamollashning 6-8 foizida talab qilinadi va amalda esa onalar o‘z farzandlarini antibakterial dorilar bilan tez-tez to‘ldiradilar. Bu ich ketishi (diareya), qichitqi va ko‘p doriga organizm qarshiligining rivojlanishiga olib keladi. Natijada, bolaga haqiqatan ham antibiotiklar zarur bo‘lganda, ular ishlamaydi, chunki sizning “rahm-shafqatingiz” bilan ularga duch kelgan patogenlar allaqachon o‘zini himoya qilishni o‘rgangan.
Yuqoridagi ko‘rsatmalar faqat shifokor bilan maslahatlashib, bolaning invidual holati va salomatligi darajasiga qarab amal qilish zarur.
Manba: “Daryo” nashri.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi