O‘zbekiston
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazilmoqda
Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.
Unda yangilangan Konstitusiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
“Bularning barchasi – millati, tili va dinidan qat’i nazar har bir yurtdoshimiz “qilsa bo‘lar ekan-ku”, deb o‘z ro‘zg‘ori, oilasi misolida yurtimizda yuz berayotgan katta o‘zgarishlarni yaqqol sezayotganidan dalolat emasmi?
Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz!”, – dedi davlatimiz rahbari.
Albatta, xalqimizning referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchamizga katta mas’uliyat yuklashi, el-yurtimizni rozi qilish uchun bizni yangi marralarga undashi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-g‘ayrat va ilhom bag‘ishlashi ta’kidlandi.
«O‘zining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, g‘oya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan ko‘p millatli, mard va olijanob xalqimizga ta’zim qilaman”, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shgan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, o‘zining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytdi.
Prezidentimiz ko‘pni ko‘rgan, hayot ma’nosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqlaganini ta’kidladi.
«Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish, ya’ni inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish ko‘rish – biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan.
Chindan ham, o‘zaro ahillik va hamjihatlik bo‘lgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot bo‘ladi.
Takror va takror aytaman: bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘p millatli buyuk xalqimizdir.
Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo do‘stlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimiz ekanini har doim yodda tutishimiz lozim” – dedi Prezident.
Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunimizda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmasligi qayd etildi.
«Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo bo‘layotganini barchangiz ko‘rib turibsiz.
Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham, jahonda sodir bo‘layotgan hozirgi ziddiyat va to‘qnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.
Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart!» – dedi Prezident.
Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni bo‘lgan, tengsiz va buyuk ne’mat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
«Biz uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqmiz. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan aholimizning taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun mas’ul va javobgarmiz.
Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz bo‘lib qoladi», – dedi davlat rahbari.
Ushbu maqsadda milliy xavfsizlikni ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlari yangi bosqichga olib chiqilishi, “Xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko‘cha” konsepsiyalari jadal amalga oshirilishi aytildi.
Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosat davom ettirilishi, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalari, barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik rivojlantirilishi ta’kidlandi.
Mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlashda
global iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bog‘liq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqilishi va hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib borilishi qayd etildi.
«Biz O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qildik. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod ijtimoiy ko‘makka muhtoj, davlatdan yordam olayotgan oilalar bor. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat.
Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilmoqda.
Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash juda katta mehnat talab qiladi. Bunga davlat budjetidan har yili qo‘shimcha 30-40 trillion so‘m ajratish kerak bo‘ladi», – dedi Prezident.
Buning hisobidan har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurish lozimligi ta’kidlandi.
Yoshlar siyosatini, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha ham yangi imkoniyatlar safarbar etiladi.
Nuroniylar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko‘lami yanada kengaytiriladi.
Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib boriladi.
«Nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol bo‘ldilar, nimaga ular islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqdalar?
Chunki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko‘chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayaptilar», – dedi Prezident.
Birgina misol, o‘tgan yildan boshlab “Ochiq budjet” tizimi joriy etilgani qishloq va mahallardagi oddiy-oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatganini hammamiz ko‘rib, bilib turibmiz.
Lekin, odamlarimizning o‘sib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan ko‘ra ikki karra ko‘p ishlarni bajarishimiz kerak.
Mamlakatimizda kambag‘allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo‘yicha katta ish olib borilmoqda.
Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo‘lga qo‘yilib, salmoqli natijalarga erishildi.
«Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko‘p narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarur.
Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani.
Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi.
Hukumatga 1 avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag‘lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.
Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamizda ilk bor O‘zbekistonga huquqiy davlat degan ta’rif berilganiga e’tibor qaratdi.
Konstitutsiyada inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi.
Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi ta’minlanadi, degani. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘ladi.
«Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash
jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini, albatta amalda ta’minlashimiz zarur», – dedi Prezident.
Shu maqsadda, Asosiy qonunda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi; erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi; ayblanuvchiga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo‘yildi; advokatlar maqomi oshirilib, ular tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega bo‘ldi.
Asosiy qonunga kiritilgan bu ilg‘or yangiliklarni amalda joriy etish oson bo‘lmaydi, ko‘p jamiyatlar bunday o‘zgarishlarni faqat orzu qiladi.
Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash zarur. Eng muhimi, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, ma’naviy dunyosini yuksaltirish bilan birga aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, hammamizning dunyoqarashimizni o‘zgartirish talab etiladi.
«Qanday og‘ir bo‘lmasin, bu ishlarni amalga oshirishni zamonning o‘zi taqozo etmoqda», – dedi Prezident.
Prezident mamlakatimiz demokratik taraqqiyot yo‘lini qat’iy davom ettirishini ta’kidladi.
Bosh qonunimizda bu maqsadga erishish kafolatlari yanada kuchaytirildi.
«Bizga inson va biznesning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi kerak. Ma’muriy islohotlarni aynan shu maqsadda boshladik. Birinchi bosqichda Hukumat va vazirliklar ixcham qilinib, ularning ish uslubi o‘zgartirildi.
Navbatdagi vazifamiz viloyat va tuman darajasida ham boshqaruv sifatini oshirishdan iborat.
Mening eng katta niyatim – odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zi yechadigan xalqchil tizim yaratish», – dedi davlat rahbari.
Shu bois, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish reja qilingan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi