Buxoro yangiliklari

Gulshoda Ibrohimova viloyatdagi Jurnalistlar uyushmasiga rahbar etib saylandi

photo
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Bugun, 6-noyabr kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uyushma bo‘limi boshqaruvi a’zolari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda qatnashgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v. b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy jurnalistikamizni rivojlantirish, mediaga doir qonunchilikni takomillashtirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Uyushma va uning hududiy bo‘limlari faoliyatini bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng Uyushmaning Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha bo‘lim boshqaruvi a’zosi Shamshod Ochilovning hisoboti eshitildi. Ma’lumot uchun, Sh. Ochilov yaqinda o‘z arizasiga ko‘ra, Uyushma bo‘limi raisi vazifasini vaqtincha bajarish vazifasidan ozod etilgan edi. 

Yig‘ilish kun tartibiga binoan  Uyushma Buxoro viloyati bo‘limi raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi, Ibrohimova Gulshoda Amrilloyevna  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi raisi etib saylandi.

Yig‘ilishda so‘z olgan “Buxoronoma” gazetasi bosh muharriri Shodmon Sulaymonov, “Buxoro yoshlari” gazetasi muharriri Laylo Hayitova, “Qorovulbozor tongi”  gazetasi muharriri Bahrom Soliyev, “Buxoro viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi direktori Obid Shabanov va boshqalar nomzodni qo‘llab-quvvatladi.

Ma’lumot uchun, Gulshoda Ibrohimova 1982-yil 27-dekabr kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2018-2020-yillari esa O‘zbekiston jurnalistika  va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining mediamenejment yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qigan. Ilk ish faoliyatini Buxoro viloyati “Osiyo” telekanalida muxbir sifatida boshlagan. Keyinchalik Buxoro viloyati “Koinot” telekanali bosh muharriri, “G‘ijduvon oynayi jahon” MChJ bosh muharriri, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” Internet va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash bo‘limi jurnalisti,  O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati mutaxassisi, Buxoro shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari kabi lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining xabar qilishicha, mazkur yig‘ilishda Buxoro viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev ham qatnashdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.