Mashhurlar

G‘ijduvonda “sapojnik” bo‘lib ishlagan, hozirda O‘zbekistondagi eng boy xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev haqida

photo
Foto: Instagram (@jaloliddin_ahmadaliyev)

Loading

Yo‘qchilik tufayli G‘ijduvonda kosiblik qilgan, Rossiyada muhojir bo‘lgan, musiqaga qiziqqan va bugungi kunda O‘zbekistonning eng boy xonandasi bo‘la olgan Jaloliddin Ahmadaliyev 2026-yilda 34 yoshni qarshilaydi. Daryo xonanda haqida qiziq ma’lumotlarni keltirib o‘tgan.

Uning kliplari televideniyeda biror marta efirga uzatilmagan bo‘lsa-da, YouTube’da million marta ko‘rilgan. “Yetmasmidi”, “Ona, seni unutganim rost”, “Yor bizdan ketdi”, “Menda qolmadi dil”, “Tuproqdan bo‘lgansan, tuproq bo‘lasan”, “Eh, jo‘ralar” kabi qo‘shiqlari bunga yaqqol misol. Xonandaning tug‘ilgan kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodiga nazar solamiz. “18 yoshimda Rossiyaga ketib, 21 yoshimda qaytganman”

Foto: “Daryo”

— Mahallamizdagi 18-maktabda o‘qiganman. To‘qqizinchi sinfni tugatib, kollejga kirganman. Ammo kollejda o‘qimasdan, Rossiyaga ishlashga ketdim. Sharoit sabab ketishga majbur bo‘lganmiz. Rossiyada 3 yil ishlaganman, ya’ni 18 yoshimda ketib, 21 yoshimda qaytib kelganman. U yerda akamlar bilan “moyka”da, qurilishlarda ishlaganmiz. Bizning yurtdagi qiyinchilik qiyinchilik emas, hamma qiyinchilik musofir yurtlarda bo‘ladi. Rossiyada akamlar bilan sovuq kunlarda qiynalib qolgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Moskvada ishlaganmiz. Rossiyaga ketishimizning asosiy sababi bu yerda qo‘limizda hunarimiz bo‘lmagani uchun ketganmiz, deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

G‘ijduvonda kosibchilikdan Farg‘onada santexnikkacha…

Foto: “Daryo”

— O‘zbekistonga kelib, Qo‘qonda yana “moyka”da ishlaganmiz. Keyin kosib o‘rtog‘imga shogird tushib, kosibchilik qilganmiz. Buxoroda, G‘ijduvonda xususiy tadbirkorning uyida oyoq kiyim chiqarardik. G‘ijduvonning Bobur ko‘chasida ko‘p vaqt ishlaganmiz. Kosibchilikda yelim bilan ishlardik: hidi juda yomon edi, juda-juda yomon. Yelim hidi oshqozonimni qiynab qo‘ygan. Tushlikka chiqqanimda oshqozonimga ovqat kirsin, yiqilib qolmay, deb majburan ovqatlanardim. Chunki yelim hidi ishtahani yo‘qotar ekan. Oshqozonim og‘riyverganidan so‘ng santexnik bo‘lishga qaror qildim. Mahallamizda bir akamizga shogird tushib, bu kasbni ham o‘rganganman. Toshkentda Chorvoqda ham santexnik bo‘lib ishladim. Yaqin olti oygacha shu kasb bilan shug‘ullanganman. Qayerda ishlashimdan qat’iy nazar, qo‘shiq kuylashni, she’rni kuyga solish xayoli bilan yurganman, deydi xonanda.

“Yoshligimdan foydalanishgan”

Foto: “Daryo”

— Birinchi studiyada yozgan qo‘shig‘imni ancha avval 50 dollarga sotib olganman. Qo‘shiq nomi “Xumor ko‘zlaring” deb nomlangan. Qo‘shiqni sotib olganimdan so‘ng, uning haqiqiy egasini topib olganman. O‘zi u qo‘shiq muallifi boshqa odam ekan, yoshligimdan foydalanib, bu qo‘shiqni menga ham sotishgan ekan. U qo‘shig‘imni chiqarmaganman, deydi Jaloliddin Ahmadaliyev.

“Qo‘shiqlarimni turklar, eronliklar sotib olmoqchi bo‘lgan”

Foto: Instagram (@jaloliddin_ahmadaliyev)

— “Yor bizdan ketdi” qo‘shig‘i mashhur bo‘lgandan so‘ng Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston va Qozog‘istondan ushbu qo‘shiqqa xaridorlar chiqdi. “Eh, jo‘ralar” degan qo‘shig‘imizni ham sotib olishmoqchi bo‘lishdi. U vaqtda hali bu qo‘shiqlarga videoklip suratga olmagandik, “klipdan so‘ng kuylashingizga ruxsat beramiz”, dedik. Agar o‘sha vaqtda qo‘shiqlarimizni ularga sotib yuborganimizda, hamma meni ulardan o‘g‘irlagan, deb o‘ylardi, deydi xonanda.

Birinchi to‘yi, birinchi gonorari haqida

Foto: “Daryo”

— Birinchi to‘yimiz o‘zimizda, Qo‘qonda bo‘lgan. Unda ovoz kuchaytirgichga ulanadigan gitaram bo‘lmagan, oddiy gitara edi. U gitaraga qo‘lbola qilib, mikrofon ulanadigan qilganman. Ammo to‘yga olib borganimda gitarani ovoz kuchaytirgichga ulab bo‘lmagan. O‘shanda birinchi marotaba elektrogitarada, notalarda adashib, bir amallab qo‘shiq aytganman. Birinchi olgan pulim 300 ming so‘m bo‘lgan. U pul ham qistir-qistirdan tushgan. To‘ydan yaxshi pul topsa bo‘larkan-ku, degandim. Keyingi to‘yimiz Marg‘ilonda bo‘lgan. Unda ham o‘zim gitara chalib, qo‘shiq aytganman. Undan so‘ng to‘ylarimiz ko‘payib ketdi. Bir kunda yettita birrovga kirgan vaqtlarimiz bo‘ladi, deydi san’atkor.

“O‘sha santexniklik vaqtlarimni qumsayman…”

Foto: “Daryo”

— Hozirdan ba’zi bir to‘siqlarga kuchim yetmay qolyapti. Endi chiqib kelayotgan san’atkorman. Nimaki bo‘lsa, Alloh kuch-quvvat berdi, shu bilan harakat qilyapman. Oyoqqa bolta uradiganlar ko‘p bo‘lar ekan. Bunday holatlarni hayotimda endi ko‘ryapman. Shu vaqtgacha bunday odamlarni ko‘rmagan edim. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, o‘sha santexnik vaqtimga qaytib qolgim keldi. Mendan foydalanayotgan odamlar ko‘p. Bilib turib ko‘p narsaga ko‘z yumdim. Kamtarligim, soddaligim o‘zimga qarshi ishlayotgan vaqtlar bo‘ldi. Santexnik bo‘lib ishlaganimda bo‘yimizdan baland chuqurlarni kovlashga ham majbur bo‘lganmiz. O‘sha vaqtlarda san’atkorlarga havas qilib, xonandalar toza, ozoda yuradi, ularga maza deb o‘ylardim. Noshukrlik qilmoqchimasman, ammo xonandalikning mas’uliyati og‘ir. O‘sha qiynalib santexniklik qilib yurgan vaqtimda avtobusda yurib bo‘lsa ham oilamga vaqt topa olardim. Hozir o‘zimning shaxsiy mashinam bor, ammo oilamga, ota-onamga vaqt topa olmayman, deydi u.

“Uy, mashina va’da qilgan homiylarga rad javobini berdim, chunki…”

Foto: “Daryo”

— O‘ndan ortiq insonlar homiy bo‘lish niyati bilan chiqgan. Boshidan homiy bilan ishlash niyatim bo‘lmagan. Keyin dadam ham “O‘g‘lim, qo‘yaver, shart emas, xohlagan vaqtingda xohlagan joyingga bora olmaysan. Qarindoshingning to‘yiga ham ular ruxsat bersagina borishingga to‘g‘ri keladi”, deganlar. Bir homiy bilan akam gaplashgan. Akam ularga “Siz bilan ishlasak, bizga nima qilib bera olasiz”, deb savol berganlar. “Qo‘shiqlarini studiyada yozdiraman”, degan, akam “Bu ishni o‘zimiz ham qilyapmiz”, deganlar. “Kliplarini suratga oldiraman”, degan, “Buni ham o‘zimiz qilyapmiz”, deyishgan, “Uy olib beraman”, deyishgan, “Uyimiz ham bor”, deganlar akam. Xullas, homiy bilan ishlashni rad qilganmiz, xafa bo‘lishmasin, o‘zimiz qiynalib chiqishni ma’qul ko‘rganmiz, deydi san’atkor.

“Fonogramma aytsam, dadam urishadilar”

Foto: Instagram (@jaloliddin_ahmadaliyev)

— Ba’zi bir joylarda kelib, og‘iz qimirlatib, ko‘rinib ketsangiz ham bo‘ladi, deyishadi. Endi to‘yda birrov ko‘rinib ketganimizga pul olamizmi? Mehnat qilib, pulimizni halollab olishimiz kerak, deb o‘ylayman. Fonogramma aytadiganlarni puli harom demoqchi emasman, ular ham mehnat qiladi, qo‘shiq yozadi, uni reklama qiladi. Lekin men jonli aytish yo‘lini tanlaganman. Keyin fonogramma aytsam, dadam ham urishadilar. “Tomog‘ing yo‘q bo‘lib qolsa ham jonli ayt”, deydilar.

“Narxim muomalasiga yarasha”

Jaloliddin Ahmadaliyev Toshkentdagi to‘ylarda xizmat qilish 5 ming dollar ekaniga izoh berdi.

Foto: Instagram (@jaloliddin_ahmadaliyev)

— Toshkentdagi to‘ylarda xizmat qilishimiz narxi 5 ming dollar etib belgilangan. Hozir sizga hammasini noldan isboti bilan aytib beraman. Bitta “Yetmasmidi?”, degan qo‘shig‘im bor. Shuning aranjirovkasini turklar qilib bergan. Bu qo‘shiq juda katta pulga tushgan. Qo‘shiqning o‘ziga juda ko‘p pul ketgan. Klipiga Yigitali Mamajonov va Aysanem Yusupova tushib bergan. Ular ham bepul ishlamaydi. 11 ta sozandam bor, o‘zim bilan 12 kishimiz. 5 ming dollarning ichida shuncha odamning rizqi bor. Keyin men jonli aytaman, Toshkentdagi to‘ylarda jonli kuylaydigan san’atkorlar barmoq bilan sanarli darajada kam. Lekin bir narsani aytib o‘tishim kerak. Biz hammaga bunaqa narx qo‘ymaymiz. Odamlar telefon qiladida “Anuvni anaqasimisan?”, deydi yordamchimga. Kimni anaqasi? Kimni nimasi? Hech bo‘lmasa “Anuvni administratorimisan yoki Jaloliddinning anaqasimisan?”, desa ham sal tushunsa bo‘ladi. Bunaqa muomala qilgan odamga administrator ham “Ha, o‘shani anaqasiman”, deb javob beradi va 5 yoki 6 ming dollar narx aytadi. Endi narxni o‘zining muomalasiga yarasha aytadi. Lekin o‘zi aslida xizmat haqimiz 5 ming dollar emas. Masalan, Toshkentda bir kunda 2-3 ta to‘y bo‘lib qolsa, juda arzon narxga kirib ketamiz, deydi xonanda.

“O‘zbekistondagi eng boy xonanda”

Foto: “Daryo”

O‘zbek estradasidagi eng badavlat san’atkorni ko‘pchilik Yulduz Usmonova deb biladi. Ammo u bu reytingda u ikkinchi o‘rinda turadi. Xalqaro musiqa statistikasi va reytinglar sayti ma’lum qilishicha, Jaloliddin Ahmadaliyev 2024-yilda eng boy san’atkor deb topilgan. Uning sof daromadi taxminan, 3,7 million dollar atrofida baholangan.

“Poytaxtga kelish niyatim yo‘q”

Jaloliddin Ahmadaliyev nima sababdan Toshkentga ko‘chib kelib, shu yerda ijod qilmasligi haqida gapirdi.

Foto: “Daryo”

— Toshkentda uyim yo‘q. Toshkentga ko‘chib kelish niyatim ham yo‘q, chunki men ota-onamni tashlab keta olmayman. Ota-onam esa Toshkentda yashagisi kelmaydi, deydi u.

2024-yili xonanda BMW X7 avtomobilini xarid qildi hamda quvonchini muxlislari bilan bo‘lishdi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.