Jahon
Afg‘onistondagi oliygohlar peshtoqidan o‘zbek tilidagi yozuvlar olib tashlanmoqda (-mi?)
2021-yilda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” davrida Afg‘onistonda yashovchi millionlab o‘zbeklarning til va madaniyatiga oid ayrim o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shu jarayonda mamlakatning shimolidagi Samangan universiteti peshtoqidan o‘zbek va fors tillaridagi yozuv olib tashlanganini “Afghanistan International” ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bu o‘zgarish joriy yilning 2-yanvar kuni universitetga yangi rahbar tayinlangandan so‘ng amalga oshirilgan. Taxminan to‘rt kun avval eski lavha yangisiga almashtirilgan, unda pushtu tili saqlanib, fors va o‘zbek tillari chiqarib tashlangan.

Samangan universiteti peshtoqida arab alifbosidagi o‘zbek tilida yozilgan lavha
Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti, o‘zbek millatiga mansub Marshal Abdulrashid Do‘stum bu vaziyatni o‘zbek tili va madaniyatiga nisbatan e’tiborning kamayishi sifatida baholab, o‘zbek tili mamlakat hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Peshtoqning bugungi holati, undan o‘zbek va fors tillari chiqarib tashlangan
Faryob viloyatining sobiq hokimi Naqibullo Foiq ham bu kabi qarorlar turli elatlar o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Universitet o‘qituvchisi Muhibullo Muhibning yozishicha, muassasa universitet maqomini olganidan keyin Oliy ta’lim vazirligining ko‘rsatmasi bilan lavha yangilangan. Uning aytishicha, peshtoq matnini o‘zbek tilida ham yozish taklifi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, qabul qilinmagan. Avvalgi lavhada pushtu, fors, o‘zbek va ingliz tillari mavjud bo‘lgan.
Keyinchalik e’lon qilingan suratlarda eski yozuvlar olib tashlanib, yangisida o‘zbek va fors tillari aks etmagani ko‘rildi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda turli hududlarda turkiyzabon yozuv va yodgorliklarga oid ayrim o‘zgarishlar ham muhokama qilinib kelmoqda. Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, bunday jarayonlar mahalliy aholida tashvish uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston tomoni tarixiy va madaniy merosga oid masalalarda diplomatik kanallar orqali muloqotni davom ettirib kelmoqda. Avvalroq Mozori Sharifda Alisher Navoiy haykali olib tashlangani yuzasidan ham rasmiy izoh so‘ralgan edi. Afg‘oniston tomoni haykalning joylashuvi mos emasligi sababli olib tashlanganini, keyinchalik yanada munosib yodgorlik barpo etilishi rejalashtirilayotganini bildirgan.
Mazkur mavzu bo‘yicha turli fikrlar bildirilayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik madaniyatlararo hurmat va muvozanat saqlanishi muhimligini ta’kidlamoqda.
Ushbu holat yuzasidan Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanov ma’lumot berdi.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritdi.
Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qat’iy ta’kidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etgan.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur amaliyotga ko‘ra, ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab 3 tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan, Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.
Shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afg‘oniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


