Mashhurlar

Hayit bayramida masjid yonida xo‘rozqand sotgan va 48 dollarlik qo‘shig‘i ortidan mashhur bo‘lgan Samandar Hamroqulov

pic
Foto: Instagram (samandar_xamraqulov_)

Loading

“Nihol” mukofoti sohibi, “Sevgi fazosi” taronasi va “Muhabbat sinovlari” filmi orqali mashhurlikka erishgan aktyor Samandar Hamroqulov o‘zining hayot yo‘li, sabr va mehnat bilan to‘la yillari haqida Daryoga so‘zlab berdi.

“13 yoshimda poytaxtda yashash maqsadi paydo bo‘lgan”

Samandar 11—12 yoshlarida otasidan ayrilgan. Toshkentni esa ilk bor 13 yoshida — amakisini o‘qishga olib kelishganida ko‘rgan. O‘sha kezlardan unda poytaxtda yashash fikri uyg‘ongan.

Foto: Instagram (samandar_xamraqulov_)

— 1978-yilda Namangan shahrida tug‘ilganman. Ota-onam aslida Popdan bo‘lishsa-da, teatrda ishlagani sabab Namanganga ko‘chib kelishgan. Aktyorlarga uy berilguniga qadar teatrning grim xonasida yashashgan. Shu bois akam har doim konsertlarini Namangandagi Alisher Navoiy nomidagi teatrda o‘tkazadi. Onam esa ona tili va adabiyot fanidan oliy toifali o‘qituvchi bo‘lib nafaqaga chiqqan. Adabiyotga bo‘lgan mehrim ham onamdan o‘tgan. 5-sinfda Alisher Navoiyning “Xamsa”sini to‘liq o‘qib chiqqanman. Onam “O‘g‘lim, boy bo‘lishni istasang, katta boylik aqliy mehnat bilan topiladi”, deb aytganlar. Shu so‘zlar qulog‘imda yangrab, men ham Toshkentdagi oliygohda o‘qishni niyat qilganman, deydi aktyor.

“Qishda masjid yonida konfet sotganman”

Foto: Instagram (samandar_xamraqulov_)

— 1996-yilda Toshkent davlat san’at institutiga o‘qishga kirdim. O‘sha yillar juda mashaqqatli edi. Hayit namozi kunlari yotoqxona orqasida yashaydigan bir yigit “xo‘rozqand sotasizlarmi?” deb so‘radi. Pul topish ilinjida rozilik bildirdik. “Mana sizlarga konfet, 3 so‘mdan sotasizmi, 6 so‘mdan sotasizlarmi, menga 3 so‘mdan ‘kassa’ qilasizlar”, dedi. Sovuq qish kuni “Rakat” masjidi oldida xo‘rozqand sotdik. Suyak-suyagimdan sovuq o‘tib, qattiq shamolladim. Hali-hanuz o‘sha shamollashning asorati bor, sal shamollasam, anginam shishadi. Talabalik paytlarimdagi eng qiyin damlardan biri shu kun bo‘lsa kerak. Topgan foydani yo sog‘liqqa, yo ro‘zg‘orga ishlatishimga to‘g‘ri keldi. Talabachilik bo‘lgani uchun ro‘zg‘orga ishlatganman, deya eslaydi Samandar.

“Ingliz tilini mukammal bilaman”

Samandar Hamroqulov o‘qishini chet elda davom ettirganini eslaydi.

Foto: Instagram (samandar_xamraqulov_)

— San’at institutidan bir necha bor “sahna nutqi” va “aktyorlik mahorati” fanlaridan dars berish uchun taklif qilishdi. Lekin o‘sha paytda bizda magistratura yo‘q edi. Keyinchalik magistraturaga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Men esa bakalavrni tugatgach, Amerikaga ketdim. Avval ingliz tilini mukammal o‘rgandim, so‘ng Kaliforniya, Los Anjelesda o‘qidim. Shu sabab hozircha dars bera olmayman. Ammo agar bir kuni master-klassga taklif qilishsa, albatta borib, ochiq dars o‘tmoqchiman, deydi u.

“Singlim bizdan ham iste’dodli”

Foto: Instagram (samandar_xamraqulov_)

— Onam biz farzandlarning ko‘ngliga qaraydilar. Ta’tilda uyga borsam, “Singling ham Toshkentda o‘qimoqchi, u ham aktyorlikni xohlayapti”, derdilar. Avvaliga “bizda aktrisalarga uncha yaxshi qarashmaydi-ku”, dedim. Ammo bir-ikki marta ijrosini ko‘rib, iste’dodini tan oldim. Uch farzand ichida eng iste’dodlisi — singlim, deydi Samandar Hamroqulov faxr bilan.

“Farzand talabida 16 yil doktorma-doktor yurdik”

 Samandar Hamroqulov shaxsiy hayotida 16 yillik sinov bilan sinalganini yashirmaydi.

— 16 yil farzand kutdik. Shu yillar davomida qancha shifokorga bordik, dori ichdik. Doktorga qatnayverib, Turkiya ham, boshqa joy ham qolmadi. Oxiri o‘zimga ham, ayolimga ham achinib ketdim. Chunki ichimiz dori ichaverib dorixona bo‘lib ketdi. Lekin natija bo‘lmayapti. Har bir shifokor boshqacha tashxis qo‘yardi. Bir doktorning qo‘ygan tashxisini boshqa doktorga olib borsak, u “Iye, nimaga sizlarga bu dorini buyurdi? Bu mumkin emas umuman” deydi. Kimga ishonishni bilmay qoldik. Nega desangiz, unisi ham doktor, bunisi ham doktor. Ochiq aytish kerak, haqiqatdan mo‘maygina daromad olish uchun xohlagan dorilarni yozib beradiganlar ham bir vaqtlar ko‘payib ketgandi. Hozir-ku anchasini “dumini tugishdi”, deya eslaydi Samandar Hamroqulov.

“Sevgi fazosi” ning yaratilish tarixi

Samandar Hamroqulov “Sevgi fazosi” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida eslab o‘tdi. Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shiq unga 2002-yilda “Yil yangiligi”, 2004-yilda esa “Yil qo‘shiqchisi” unvonlarini olib kelgan. Ammo qo‘shiqning yo‘li oson bo‘lmagan — “sevgi fazosi” degan ifoda adabiyotda mavjud emasligi sababli badiiy kengashdan o‘tishi qiyin kechgan. Faqatgina bu so‘z majoziy ma’noda ishlatilganini isbotlab bergach, kengash qo‘shiqni tasdiqlagan.

— “Sevgi fazosi” she’rini Valijon Shamshiyev maktabda, 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarida yozgan ekan. O‘qishimizdagi sport zalda Ali degan kursdoshim gitara chalib o‘tirganini ko‘rib, unga “Seni sevdim” degan she’rini o‘qib bergan. She’r Aliga yoqib qolib, unga musiqa bastalagan. Bir kuni darsda o‘qituvchi chiqib ketganida Ali qoraqalpoq tilida yozgan yangi qo‘shig‘ini ijro etib berdi. Hammaga yoqqandi, ammo naqarotga kelganda to‘xtab qoldi. O‘shanda yuragim jiz etgandi. Mening ashulam bu dedim o‘zimga o‘zim. Alining ijrosida ham bu qo‘shiq zo‘r chiqardi. Undan qo‘shiqni menga sotishini so‘raganimda 200 dollar so‘radi. Men hali u vaqtlar 50 dollarni ham qo‘limga ushlab ko‘rmagan edim. Talabaman, buncha pulni qayerdan olaman, deb sotib ololmadim. Keyin u qo‘shig‘ini boshqalarga sotdi. Bir-ikki kishi aytib chiqdi, lekin ularning ijrosi u qadar ommalashmadi. Ozroq vaqt o‘tgandan so‘ng Alining o‘zi telefon qilib ashulamni olasanmi, dedi. $50 ga sotsa, olishim mumkinligini aytdim va u rozi bo‘ldi. Shu kuni tanishlarimdan qarz olib, $48 topdim va Aliga olib bordim. U qo‘shiq yozilgan kasetani menga berdi. Kasetani olib studiyaga bastakorga topshirib, qo‘shiq yozganman, deydi Samandar Hamroqulov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.