Jahon

Siyosiy rezonans: Moldova va Ruminiya davlatlari birlashishi mumkin

pic
Foto: Buxoroisharif.uz

Loading

Moldova prezidenti Mayya Sandu mamlakat Ruminiya bilan birlashishi bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi. Prezident bu pozitsiyasini Moldovada demokratiyani saqlab qolish va tashqi bosimlardan himoyalanish zarurati bilan izohladi.

Sandu bu haqda 11-yanvar kuni Britaniyada tayyorlanadigan The Rest Is Politics podkastiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Agar bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, men Ruminiya bilan birlashish uchun ovoz beraman”, — dedi prezident.

Davlat rahbari avval ham bir necha bor Rossiyani Moldova ichki siyosatiga aralashishga urinishda ayblagan. Uning ta’kidlashicha, hozirgi geosiyosiy vaziyatda Moldova kabi kichik davlat uchun suverenitet va demokratik boshqaruvni saqlab qolish tobora murakkablashib bormoqda.

“Bugun dunyoda yuz berayotgan jarayonlarga qarasak, Moldova singari mamlakatlar uchun mustaqil va demokratik davlat sifatida yashab qolish, ayniqsa Rossiya bosimiga qarshi turish oson emas”, — dedi Sandu.

Reuters agentligi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Moldovaning qariyb 2,4 million aholisidan 1,5 millionga yaqini Ruminiya fuqaroligiga ega. Shunga qaramay, jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari mamlakat aholisi orasida Ruminiya bilan birlashishni qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi uchdan bir qismdan oshmasligini ko‘rsatmoqda.

Prezident Sandu ham aholining aksariyati bu masalada uning fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Moldova uchun eng real yo‘l — Yevropa integratsiyasi hisoblanadi.

Amaldagi hukumat mamlakatni 2030-yilgacha Yevropa Ittifoqiga a’zo qilishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Biroq buning uchun poytaxt Kishinyov keng ko‘lamli siyosiy, sud-huquq va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi lozim.

Rasmiy doiralar ta’kidlashicha, Moldova tashqi siyosatda Yevropa yo‘nalishini ustuvor deb biladi va mamlakat suvereniteti masalasi jamoatchilik muhokamasi asosida hal etiladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.