Buxoro yangiliklari

Ekopolitsiya: Buxoroda noqonuniy ov va noyob ilon bilan bog‘liq holatlar ochiqlandi

pic
Foto: Ekopolitsiya

Loading

Buxoroda ekoreyd: noqonuniy ov va yovvoyi hayvonlardan foydalanish holatlari fosh etildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya), Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida Buxoro viloyatida navbatdagi reyd tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda tashkilot axborot xizmati xabar qilmoqda.

Reyd davomida Peshku tumani cho‘l hududida 2 nafar shaxs tomonidan 8 dona kulrang g‘oz hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ovlangani aniqlandi. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar sifatida 3 million 296 ming so‘m hamda bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima belgilandi. Noqonuniy ovlangan qushlar olib qo‘yilib, ish hujjatlari sud organlariga yuborildi.

pic 02

Shuningdek, yana bir holatda Buxoro shahri Markaziy bozori avtoturargohida fuqaro F. M. tomonidan yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon yordamida sirk tomoshasi namoyish etilayotgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruvda ilonga oid ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud emasligi, shuningdek, saqlash talablariga rioya qilinmagani aniqlandi. Ilon belgilangan tartibda olib qo‘yilib, veterinariya ko‘rigidan o‘tkazildi va vaqtincha saqlash uchun Somoniy bog‘ida tashkil etilgan hayvonot bog‘iga joylashtirildi.

pic 03

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan joylarda yoki tutqunlikda saqlash taqiqlangan. Shuningdek, bunday hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda tomoshalar uchun foydalanishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur holat bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-prim 1-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. To‘plangan hujjatlar qonuniy baho berish uchun sud organlariga yuborildi.

Mas’ul idoralar yovvoyi tabiatni muhofaza qilish talablari buzilishiga nisbatan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.