Buxoro yangiliklari

Prezidentga Buxoro shahrining yangi bosh rejasi taqdim etildi

pic
Foto: Prezident.uz

Loading

Kecha, 15-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlar doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Taqdimotda qayd etilishicha, hozirda Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan EKSPO-2030 ko‘rgazmasida ishtirok etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlangan. Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston uchun maydoni 3,6 ming kvadrat metr bo‘lgan milliy pavilon qurish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik madaniy va turistik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

pic 02

Prezidentga mamlakat turizm salohiyatini AQSh, Fors ko‘rfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya bozorlarida faol targ‘ib qilishga qaratilgan yangi marketing strategiyasi taqdim etildi. Xususan, O‘zbekistonning xalqaro turistik platformalardagi ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish, shuningdek, yirik media resurslari va fikr yetakchilarini jalb etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Samarqand va Buxoroda yirik madaniy-turistik loyihalar

Taqdimotda qator yirik infratuzilma loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Samarqandda “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi ishga tushirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida Registon ansambli, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi 6,6 kilometrli yagona sayyohlik yo‘nalishi orqali o‘zaro bog‘lanadi.

pic 03

Shuningdek, Samarqandda yangi “Ipak yo‘li” muzeyini barpo etish loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli zamonaviy binoda inklyuziv muhit, ko‘rgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari hamda ta’lim uchun mo‘ljallangan hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash, yangi muzey binosi, immersiv ko‘rgazma zallari va tashrif buyuruvchilar markazini qurish ko‘zda tutilmoqda. Piyodalar yo‘laklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhiti bilan uyg‘unlashtiriladi.

pic 04

Taqdimotda, shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi ham namoyish etildi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bilan birga, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat obyektlari hamda yuqori toifadagi mehmonxonani o‘z ichiga olgan ko‘p funksiyali tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish rejalashtirilgan.

Muhokama yakunida Prezident madaniyatga oid loyihalarni turizmni rivojlantirish vazifalari bilan uzviy bog‘lagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi, sifatli boshqaruvi va uzoq muddatli samaradorligini ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi.

pic 05
Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.