Jahon

Xodim xojatxonaga kirib, ishidan ayrildi: Xitoyda bahsli hodisa yuz berdi

pic
Foto: Aatma.ua

Loading

Xitoyda muhandis ish vaqtida hojatxonada haddan tashqari uzoq qolib ketgani uchun ishdan bo‘shatildi. U o‘zini bavosil (gemorroy) bilan og‘riganini aytib oqlagan. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.

Voqea 2024-yil aprel–may oylarida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, sud jarayoni yakunlangach, tafsilotlar endi ochiqlanmoqda. Familiyasi Li bo‘lgan xodim bir oy davomida 14 marotaba hojatxonaga chiqib, ayrim hollarda u yerda bir soatdan ortiq, eng uzoq tanaffusda esa to‘rt soatgacha vaqt o‘tkazgan. Ish beruvchi aynan shu holatlarni asos qilib, u bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan.

Bundan norozi bo‘lgan Li kompaniyani sudga berib, mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilinganini ta’kidladi hamda 320 ming yuan (taxminan 45 ming dollar) miqdorida tovon puli talab qildi.

Sudda u sog‘lig‘i bilan bog‘liq dalillarni taqdim etdi. Jumladan, 2023-yil may–iyun oylarida onlayn xarid qilingan gemorroy dorilari hamda 2024-yil yanvar oyida statsionar davolanish va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani haqidagi tibbiy hujjatlar ko‘rsatildi.

Biroq kompaniya o‘z navbatida xodimning hojatxonaga tez-tez va uzoq vaqtga chiqib ketganini tasdiqlovchi videokuzatuv yozuvlarini sudga taqdim etdi.

Sud nimaga asoslandi?

Sud Lining hojatxonada o‘tkazgan vaqti uning “jismoniy ehtiyojlaridan ancha oshib ketganini” qayd etdi. Shuningdek, taqdim etilgan tibbiy hujjatlar aynan u ish vaqtida tez-tez hojatxonaga chiqa boshlagan davrni to‘liq qamrab olmasligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Li kompaniyani sog‘lig‘i haqida oldindan ogohlantirmagan va belgilangan tartibda kasallik ta’tiliga ariza bermagan. Kompaniya xodim bilan xizmat yozishmalari ilovasi orqali bog‘lanishga uringan, biroq javob olmagan. Holbuki, uning lavozimi doimiy aloqada bo‘lishni talab qilgan.

Tekshiruvlardan so‘ng, kompaniya Li bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u kompaniyada 2010-yildan buyon ishlagan, 2014-yilda esa muddatsiz mehnat shartnomasi tuzgan. Shartnomaga ko‘ra, ruxsatsiz ish joyini tark etish ishda yo‘qlik deb baholanadi va 180 kun ichida jami uch ish kuni ishga chiqilmasa, shartnoma darhol bekor qilinishi mumkin.

Shuningdek, kompaniya xodimni ishdan bo‘shatishdan oldin kasaba uyushmasining roziligini ham olgan.

Ikki bosqichli sud jarayonidan so‘ng, sud Lining noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganini tan olmadi. Biroq uning kompaniyaga qo‘shgan hissasi va ishsiz qolganidan keyingi qiyinchiliklarini inobatga olib, tomonlarni kelishtirdi. Natijada kompaniya unga 30 ming yuan (taxminan 4 200 dollar) miqdorida moddiy yordam to‘lashga rozi bo‘ldi.

Bu yagona holat emas

Xitoyda hojatxona tanaffuslari bilan bog‘liq mehnat mojarolari ilgari ham kuzatilgan. Masalan:

  • 2023-yilda bir xodim hojatxonada eng uzoq olti soat qolib ketgani uchun ishdan bo‘shatilgan va sud kompaniya qarorini qo‘llab-quvvatlagan.
  • 2016-yilda esa haydovchi mijozni olib ketish vaqtida olti daqiqaga hojatxonaga chiqib ketgani sabab buyurtmani yo‘qotgan va sud uni qisman aybdor deb topgan.

Ayni paytda ayrim kompaniyalarda hojatxonalarga taymerlar o‘rnatish kabi usullar qo‘llangani ham jamoatchilikda shaxsiy hayot daxlsizligi masalasida bahslarga sabab bo‘lgan.

Xitoy mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimlar sanitariya va mehnat xavfsizligi himoyasiga ega. Biroq sud amaliyoti hojatxonalardan “oqilona foydalanish” talabi ham qat’iy baholanishini ko‘rsatmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.