Jahon
Grenlandiya qo‘zg‘aldi: minglab odamlar Trampga qarshi ko‘chaga chiqdi
Grenlandiyada minglab odamlar AQSh prezidenti Donald Trampning orolni nazorat qilish haqidagi rejalariga qarshi ko‘chalarga chiqdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, bu aksiya mamlakat tarixidagi eng yirik ommaviy norozilik namoyishi bo‘ldi. Bu haqda Euronews xabar qilmoqda.
Shanba kuni Grenlandiya poytaxti Nuukda minglab aholi marsh o‘tkazib, AQSh konsulligi tomon yo‘l oldi. Namoyishchilar milliy bayroqlarni ko‘targan holda “Grenlandiya sotilmaydi” degan shiorlarni hayqirib, o‘zini o‘zi boshqarish huquqini himoya qildi.
Norozilik yurishi yakunlangan zahoti Vashingtondan keskin bayonot yangradi. Tramp Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Finlyandiya va Buyuk Britaniyadan import qilinadigan mahsulotlarga 10% lik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Uning aytishicha, agar iyungacha “Grenlandiyani to‘liq va yakuniy sotib olish bo‘yicha kelishuv”ga erishilmasa, boj stavkalari 25% gacha oshirilishi mumkin.
Grenlandiya bosh vaziri Yen-Frederik Nilsen AQSh konsulligi oldida so‘zga chiqib, Tramp siyosatini keskin tanqid qildi. Hukumat vakillari namoyishda orol aholisining qariyb chorak qismi qatnashganini ma’lum qildi.
Norozilik aksiyalari faqat Grenlandiya bilan cheklanib qolmadi. Daniya bo‘ylab, jumladan Kopengagenda, shuningdek Kanadaning shimolidagi inuitlar boshqaruvidagi Nunavut hududida ham birdamlik marshlari o‘tkazildi.
Namoyish ishtirokchilaridan biri, daniyalik Eliza Riechi:
“Bu masala butun dunyo uchun muhim. Kichik davlatlar ko‘p, lekin ularning hech biri sotilmaydi”, — dedi.
Nuukda barcha yoshdagilar an’anaviy qo‘shiqlar sadolari ostida marsh qildi. 47 yoshli Mari Pedersen bolalarini ham olib kelganini aytib, “ular o‘z fikrini ochiq ayta olishini ko‘rsin” deya ta’kidladi.
Mahalliy politsiya xodimi Tom Olsen bu namoyishni o‘zi ko‘rgan eng yirik aksiya deb atadi:
“Umid qilamanki, bu Yevropa bir tan-u bir jon ekanini ko‘rsatadi. Biz taslim bo‘lmaymiz”.
Tramp Grenlandiyani nazorat qilish g‘oyasini ilk bor birinchi prezidentlik muddati davrida ilgari surgan edi. 2025-yil yanvarida Oq uyga qaytganidan so‘ng bu chaqiriqlar yanada kuchaydi. AQSh prezidenti bu rejani milliy xavfsizlik bilan izohlab, Yevropa noroziligiga qaramay, maqsadidan qaytmasligini bildirdi.
Grenlandiyada Daniyadan mustaqillik uchun kurashlar davom etgan bo‘lsa-da, AQSh tarkibiga kirish g‘oyasi aholining katta qismida keskin norozilik uyg‘otmoqda. 2025 yil martidagi saylovlarda mustaqillik tarafdorlari parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotdi. Yangi hukumat Grenlandiyaning Daniya tarkibidagi maqomini himoya qilmoqda.
Shu bilan birga, Trampning bayonotlari fonida orol bilan bog‘liq biznes faolligi oshdi. Financial Times xabariga ko‘ra, Grenlandiya bilan aloqador kompaniyalar aksiyalari keskin qimmatlagan. Orolning yirik banki Grønlandsbanken aksiyalari 2026-yil boshidan beri 34% ga o‘sdi. AQShning nodir metallar bilan shug‘ullanuvchi Critical Metals kompaniyasi qimmatli qog‘ozlari esa NASDAQ’da 103% ga ko‘tarildi.
Oq uy bu masalani nafaqat biznes, balki Rossiya va Xitoyning Arktikadagi ta’siriga qarshi strategik xavfsizlik masalasi sifatida ko‘rmoqda. Yevropa esa buni o‘z suverenitetiga tahdid deb baholayapti.
Avvalroq The Wall Street Journal AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kongress a’zolarini Grenlandiyaga yaqin orada harbiy bostirib kirish rejalari yo‘qligiga ishontirganini yozgan edi. Rubio so‘zlariga ko‘ra, maqsad — orolni Daniyadan sotib olish.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


