O‘zbekiston

Janubiy Koreya o‘zbekistonliklar uchun viza berishni to‘xtatishi rost (-mi?)

pic
Foto: Unsplash.com

Loading

Koreya vizalari xavf ostida: noqonuniy migrantlar soni oshsa, O‘zbekiston fuqarolariga cheklov qo‘yilishi mumkin

Janubiy Koreyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari orasida noqonuniy maqomga o‘tayotganlar ulushi keskin oshmoqda. Hozirda bu ko‘rsatkich qariyb 9% ga yetgan. Agar u 10% lik chegaradan oshsa, Koreya Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni to‘liq to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Bu haqda Alisher Abdusalomov, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi, 17-yanvar kuni Toshkentda elchilar va tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Elchining ta’kidlashicha, Koreyaga rasmiy viza bilan borib, keyinchalik ish joyini tark etib, noqonuniy mehnat faoliyatiga o‘tayotganlar soni ortib bormoqda. Hozirda Janubiy Koreyada taxminan 100 ming nafar o‘zbekistonlik istiqomat qiladi va ularning deyarli 9 foizi nolegal holatda ishlamoqda. Diplomat bu holat O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va imijiga jiddiy putur yetkazayotganini alohida urg‘uladi.

Muammo faqat mehnat migratsiyasi bilan cheklanmayapti. Elchining so‘zlariga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishida ham jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilmoqda. Xususan, Koreyaga til kurslari yoki oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun kelib, keyinchalik o‘qishni tashlab ishlashga o‘tgan yoshlar viza talablarini buzmoqda. Bu esa tartibli migratsiya tizimiga zarar yetkazib, koreys ish beruvchilari orasida o‘zbekistonliklarga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, Alisher Abdusalomovning ma’lum qilishicha, Janubiy Koreya har yili O‘zbekistonga E-8 turdagi mavsumiy ish vizasi bo‘yicha 5 mingta kvota ajratadi. Biroq amalda ushbu imkoniyatdan atigi 600 ga yaqin fuqaro foydalanmoqda. Hozirda O‘zbekistondan Koreyaga ishchilar faqat Migratsiya agentligi orqali rasmiy tartibda yuborilmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Janubiy Koreyada tahsil olayotgan xorijiy talabalar orasida viza qoidalarini eng ko‘p buzuvchilar qatorida o‘zbekistonliklar ham bor. Jumladan, 2024-yilda D-2 talabalik vizasi bilan kelib qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan talabalarning 13 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri kelgan.

Mutaxassislar vaziyatni jiddiy deb baholab, migrantlarni faqat rasmiy yo‘llar orqali ishlash va o‘qishga borishga, viza talablariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda. Aks holda, bu holat kelajakda minglab fuqarolar uchun Koreya yo‘lining yopilishiga olib kelishi mumkin.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.