Qiziqarli
“O‘ldingmi?”: Xitoyda yolg‘iz yashovchilar uchun noodatiy “programma” ommalashmoqda
Xitoyda nomi bilan ham, g‘oyasi bilan ham e’tiborni tortayotgan yangi mobil dastur qisqa vaqt ichida ommalashdi. Daryo shu haqda maqola tayyorladi.
BBC nashriga ko‘ra, xitoy tilida 死了么 (Si Le Me?), ya’ni “O‘ldingmi?” deb nomlanuvchi ushbu dastur, asosan, yolg‘iz yashovchi aholi qatlami xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Dasturning ishlash mexanizmi juda oddiy. Foydalanuvchi har ikki kunda bir marta maxsus yashil tugmani bosib, tirik ekanini tasdiqlashi lozim. Agar belgilangan vaqt ichida bu amalga oshirilmasa, dastur avtomatik ravishda favqulodda holatlar uchun ko‘rsatilgan shaxs bilan bog‘lanib, foydalanuvchiga nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.
Dastur o‘tgan yilning may oyida ishga tushirilgan bo‘lsa-da, aynan so‘nggi haftalarda odamlar uni faol yuklab ola boshladi va natijada Silema mamlakatdagi eng ko‘p yuklab olinadigan pulli dasturlardan biriga aylandi.

Xitoyning Global Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib mamlakatda yolg‘iz yashaydiganlar soni 200 millionga yetishi mumkin. O‘zini “xavfsizlik hamrohi” sifatida taqdim etayotgan ushbu dastur aynan shunday auditoriya: oilasidan uzoqda yashovchi ofis xodimlari, talabalar yoki ongli ravishda yolg‘iz hayot tarzini tanlagan shaxslarga mo‘ljallangan.
Xitoy ijtimoiy tarmoqlaridagi foydalanuvchilardan biri shunday yozadi:
“Hayotining qaysidir bosqichida yolg‘iz yashaydigan introvertlar, depressiyaga uchraganlar, ishsizlar yoki boshqa zaif ruhiy holatdagi insonlar, albatta, kimningdir e’tiboriga muhtoj bo‘ladi”.
Yana bir foydalanuvchi esa yolg‘izlikning eng qo‘rqinchli jihatini ta’kidlaydi:
“Eng dahshatlisi, yolg‘iz yashayotgan odam hech kim sezmasidan vafot etishi yoki yordam chaqira olmasligi mumkin. Ba’zan o‘ylab qolaman, agar yolg‘iz o‘lib ketsam, buni kim payqaydi?”
38 yoshli Uilson Xou ham aynan shu xavotir sabab dasturni yuklab olganini aytadi. U Pekinda ishlaydi, oilasi esa undan, taxminan, 100 kilometr uzoqlikda yashaydi. Odatda haftasiga ikki marta uyiga borib tursa-da, hozir loyiha ustida ishlayotgani bois ko‘p vaqtini ish joyida o‘tkazishga majbur.
“Menga biror narsa sodir bo‘lsa, ijara uyimda yolg‘iz qolib ketishim va bu haqda hech kim bilmay qolishidan qo‘rqaman”, deydi u.
Shu sababli Uilson ham dasturni o‘rnatib, onasini favqulodda aloqa uchun ko‘rsatgan.

Biroq dasturning nomi ko‘plab foydalanuvchilarda ijobiy taassurot qoldirmayapti. Ba’zilar “O‘ldingmi?” nomi salbiy kayfiyat uyg‘otishi, hatto noxush fikrlar va xavotirga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, tanqid qilmoqda. Shu sababli foydalanuvchilar dastur nomini yumshoqroq, ijobiyroq variantga o‘zgartirishni taklif qilmoqda.
Uni ishlab chiqqan Moonscape Technologies kompaniyasi tanqidlarni inobatga olganini va nomni o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Xalqaro bozorda dastur Demumu nomi bilan taqdim etilgan. U allaqachon AQSH, Singapur va Gonkongda eng mashhur pulli dasturlar orasida TOP2 talikka kirgan, Avstraliya va Ispaniyada esa TOP4 talikdan joy olgan. Mutaxassislar buni chet elda yashovchi xitoyliklar faolligi bilan izohlamoqda.
Dastlab dastur bepul bo‘lgan, biroq hozir u pulli bo‘lib, eng arzon versiyasi 8 yuan (taxminan, 1,15 dollar) turadi. Ma’lum bo‘lishicha, uni yaratish uchun, taxminan, 1000 yuan (140 dollar) sarflangan.
Loyiha asoschilaridan biri, o‘zini Go deb tanishtirgan shaxs, kompaniyaning 10 foiz ulushini 1 million yuanga sotish orqali sarmoya jalb etishni rejalashtirayotganini aytdi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


