Mashhurlar
Morgda ishlagan, o‘zidan katta ayolga uylangan va mashinasi olib qochilgan Shukurullo Isroilov haqida
Taniqli so‘z ustasi Shukurullo Isroilov 14-yanvar kuni 56 yoshni qarshiladi. Bolaligida juda ko‘plab qiyinchiliklarni yengib o‘tgan qiziqchi ayni paytdagi mavqeyiga osonlikcha erishmagan. Daryoning navbatdagi maolasida shu haqda so‘z boradi.
“Onam tug‘ilganimda shukr, shukr qutuldim, degan”
Shukurullo Isroilov 1970-yilning 14-yanvarida Toshkent shahrida tavallud topgan. U ismi bilan tug‘ilgani va onasi uzoq vaqt dard chekkani haqida so‘zlab bergan.

— Ustozim Mirzabek Xolmedov tug‘ilishim bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni hajviya ko‘rinishida aytib bergan. Balki, muxlislar bunga eʼtibor bermagandir. Ammo haqiqatan ham dunyoga kelishim qiziq kechgan. O‘sha paytdayoq doyalar yirik odam bo‘lishimni taxmin qilgan bo‘lsa kerak. Onamni ko‘p qiynaganman, onam bir necha kun to‘lg‘oq dardini boshdan kechirgan ekan. Holdan toyib, ko‘zlari qizarib ketgan ekan. Tug‘ilishim bilan “Shukr, shukr qutuldim”, degan ekan. Shunda doyalardan biri “Bolangiz ismi bilan tug‘ildi, Shukurullo deb qo‘ying” degan ekan, deydi qiziqchi Shukurullo Isroilov.
“O‘quv qurollarimni sotib olish uchun o‘zim ishlaganman”
Uch yoshida otadan yetim qolgan Shukurullo Isroilovning bolaligi og‘ir o‘tgan. U maktab formasi yaroqsiz holga kelguncha kiyishga majbur bo‘lgani va daftar-kitob sotib olish uchun taʼtilda ishlagani haqida aytib berdi.

— Aslida san’atkor bo‘lishimga rahmatli onam qarshi bo‘lgan, chunki avlodimizda san’atkorlar yo‘q. Onam “Novomoskovskiy” shifoxonasida 45 yil ishlab, bir o‘zi bizni boqqan. Ikki yoshimda otam o‘tib ketgan, bitta ukam bo‘lgan. Yoshlikdan mehnat qilganman. Har uch oylik ta’tilda zavodlarda ishlaganman, qop tashiganman. Yettinchi sinfdan boshlab 3 oylik taʼtilni limonad zavodida o‘tkazganman. Yashik tashiganim uchun 80-90 so‘m pul berishardi. Undan keyin bog‘bonchilik qilganman. Hatto maktabni bitirish arafasida darslardan keyin pochtachilik qilishga to‘g‘ri kelgan, deya eslaydi u.
“‘Morg’da o‘lik tashiganman”

— Onam rahmatli shifokor bo‘lishimni orzu qilib, 11-sinfni bitirganimdan keyin ToshMIga hujjat topshirtirgandi. Afsuski, 5 ball yetmay talabalikka qabul qilinmaganman. Keyin bekor yurmagin deb 15-kasalxonaga sanitar xodim sifatida ishga joylashtirib qo‘ygan. Bir necha oy ishlaganimdan keyin bir tanishim o‘likxonada ko‘p maosh to‘lashlari haqida aytib qolgan. Ko‘p pul bersa bo‘ldi, deb o‘lik tashishga majbur bo‘lganman, deydi Shukurullo Isroilov.
Pul topaman, onamga yordam beraman, deb ishlaganman. Yana universitetga topshirib kirolmay, O‘zbekiston televideniyesiga ishga kirganman. U yoqda bir yil oylik olmay, tekinga ishlaganman. Mirzabek akamning, Obid akamning oldida yurardim. Ular menga hech narsa o‘rgatmagan, qiziqchilikni o‘rgatib bo‘lmaydi. Odamlar “Mirza kelyapti, ana, Obid kelyapti” deyishgandek meni ham tanisharmikin, deb orzu qilardim.
Hozir shuncha uy-joy qildim, Tashkent City’dan uy oldim — Xudodan astoydil so‘ralsa, beradi, deydi so‘z ustasi.
“Nogiron onam yiqilib tushganini ko‘rgach, o‘zgarganman”

— 7—8 yosh edim, onamning oyog‘ida nuqsoni bor edi, oyoqlarini sudrab yurardi. Bir kuni ko‘chada bolalar bilan o‘ynab yurgandim. Onam bekatda tushib, ikki qo‘li to‘la oziq-ovqat bilan uyga yurib kelayotganida yiqilib tushgan. O‘shanda onamga rahmim kelib, juda qattiq yig‘laganman. Shundan keyin ishga tushib ketganman. Birinchi oyligimga yangi chiqqan changyutkich sotib olib berganman. Uy yumushlarida ham ko‘maklashardim. Gazlarni yuvardim, hovlini supurardim, uy tozalardim.
Onam ko‘proq pul to‘laydi, bolalarimni boqaman deb, kechqurun kasalxonada navbatchilikda qolardi. Lekin shu holida sunnat to‘yimizni qilib, oyligidan yig‘gan puliga xalqqa osh bergan, deya xotirlaydi Shukurullo Isroilov.
“Ko‘zingga qaramaysanmi, semiz!”
Qiziqchi intervyularining birida turmush o‘rtog‘i bilan jamoat transportida tanishib qolgani haqida so‘zlab bergan. U ayoli Maqsudaxondan 10 yosh kichik. Shukurullo Isroilov 1970-yilda, ayoli esa 1960-yilda tavallud topgan.

— Yangi oyoq kiyim sotib olgan paytim: trolleybus endi jo‘nab ketayotgan bo‘lgan. Yugurib chiqib, bitta qizni oyog‘ini bosib olganman. U paytda 130 kilo edim, keyin u qiz menga qarab “Ko‘zingga qaramaysanmi, semiz!” degan. Uzr, deganman. Qarasam yoqimtoy qiz, shu bilan gaplashib qayerda o‘qishini bilib olib, o‘qish joyiga borganman.
Shundan keyin sevgi boshlanib, roppa-rosa bir yil o‘tib uylanganman. U bilan 16-noyabrda tanishgan bo‘lsam, keyingi yilning 16-noyabrida to‘yim bo‘lgan. Bilmadim, semiz degani yoqqanmi. Juda o‘qimishli, maktabni ham oltin medalga bitirgan. Hozirda Toshkent davlat stomatologiya institutida chet tillar kafedrasining mudiri, lotin tilidan dars beradi. Tibbiyot xodimlari lotin tilini bilishi juda muhim. Hamma dorilarning tarkibi, ular haqidagi maʼlumotlar lotin tilida.
“Ayolim otasinikidan ovqat olib kelardi”

— Ayolimning farzandlarim tarbiyasida ham o‘rni katta. Borimda ham, yo‘g‘imda ham men bilan yonma-yon turgan. Ikki xonali uyda yashaganimda, hech narsam bo‘lmaganda ham yonimda turgan. San’atni endi boshlagan vaqtlarim qish oylarida to‘y bo‘lmasdi, ishlay olmasdim, pulim bo‘lmasdi. U erimga yordam bo‘lsin deb ota uyidan oziq-ovqat, kartoshka, piyoz olib kelardi. Katta o‘g‘lim tug‘ilganida 1991-yilda tug‘uruqxonadan “Chayka”da olib chiqqanman. Ikkinchi o‘g‘lim tug‘ilganida bir so‘m pulim bo‘lmagan. Qo‘shnimdan qarz olib taksida olib kelganman. Sezon bo‘lmasa, to‘y bo‘lmasdi. Televideniyeda ham ishlardim, lekin uning oyligi juda kam edi, deydi u.
Onasi vafot etgan kun
Bolalikdan yetimlikda ulg‘aygan Shukurullo Isroilov 2015-yilda onasidan ham ayrildi. O‘sha kuni u Buxoroda to‘yda edi.

— Onam rahmatli “Artistga hech kim qizini bermaydi, uylanayotganingda qiynalasan” derdi. Ayolimga uylanayotganimda ham uyidagilar qarshilik qilgan, o‘zim borib ko‘ndirganman. Onamga “Hali sizni Shukurullo Isroilovning onasi” deb yurishadi derdim. Niyatning xolisligini qarang, hamma joyda onamni tanib, e’zozlashdi. Sanatoriy, shifoxonalarga yotqizsam ham yaxshi muomalada bo‘lishardi. Yonlariga ko‘rishga borsam, odam to‘planib ketardi, onam xursand bo‘lardi.
Onam o‘zlarining tug‘ilgan kunida — 27-martda 80 yoshida vafot etdi. Men Buxoroga ketayotgandim, to‘y olib qo‘ygandim. O‘shanda sanatoriyda edilar, gul olib berib, bayram dasturxonini tayyorlatib qo‘yganman va doktorlardan tabriklashlarini so‘raganman. O‘zim ertalab bo‘tqa yedirib qo‘yganman. Shunda o‘zidan o‘zi “Sendan mingdan ming roziman” bolam deganlar. To‘yga yetib borganimizda onam o‘tib qolgani haqida xabar kelgan. To‘y egasiga tushuntirganimda mayli, boravering degan, ayoli esa pulini oldimi, xizmatini qilsin degan. Toshkentga qaytganmiz, negadir ko‘zimga hech yosh kelmagan — yig‘lay olmaganman, deya xotirlaydi so‘z ustasi.
“Janoza kuni konsert berganman”

— 28-mart kuni peshinda onamga janoza namozi o‘qildi. O‘sha kuni “Mirzo” teatrining navbatdagi konsertiga start berilardi. Mirzabek akaning oldiga kelib, konsertda chiqolmasligimni aytdim. Hammaning boshi qotgan bir necha soatdan keyin konsert, sahnalarning barchasi bir-biriga uzviy bog‘liq.
Tomoshani qoldiraylik desak, chiptalar to‘liq sotilgan. Shunda ustozlar menga qanchalik og‘ir bo‘lsa ham, konsertda chiqishim kerakligini aytdi. Konsert boshlandi, odamlar kulaman deb kelgan men esa ich-ichimdan yig‘layman. Ammo muxlislarga musibatda ekanimni bildirganim yo‘q. Ammo Mirzabek aka konsert so‘ngida “Shukurullo bugun onasidan ayrildi, ammo sizlarni hurmat qilib konsertga keldi”, deganda butun zal qarsak chalgandi, deydi Shukurullo Isroilov.
“Ozodbek Nazarbekov bilan osmonga qarab niyat qilardik”

— 1991-yillarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan marhum xonanda Muhriddin Xoliqovning yonida yurardik. Hovli qurayotgan vaqtlari ham qarashib yurganmiz. U kishi gastrol safarlariga ko‘p ketardi, shunda ustalar bilan uylariga qarab qolardik. Ozod yoz payti osmonga qarab yotib, “Shukur aka, biz ham zo‘r bo‘lib ketarmikanmiz” degan. Ozod, Xudo xohlasa zo‘r bo‘lib ketamiz. Sen qo‘shiqchi, men qiziqchi bo‘laman, ikkalamiz ham “Xalqlar do‘stligi”da bir oylab konsert beramiz, deganman. U “Aka, ilohim shu kunlar kelsin”, degan. Ikkalamiz yuzimizga fotiha tortganmiz. 2010-yildan 2014-yilgacha Ozod bir oylab konsert bergan va shu konsertda o‘zim qatnashganman, deya esladi qiziqchi.
“To‘ydan qaytayotib mashinada odam urib yuborganman”
Shukurullo Isroilov bir necha yil avval militsiya xodimini mashinasida urib yuborgan va hodisa oqibatida jabrlanuvchi vafot etgan.

— 1999-yili mashinada kelayotganimda mast holatdagi militsiya xodimi yo‘limdan chiqib qolgan. Darhol mashinaga solib, kasalxonaga olib borganman. O‘sha yerda vafot etgan. Endi bu falokat, hech kim ko‘chaga o‘laman deb chiqmaydi. Uning aybi ichganida bo‘lgan. Kelayotganimda chayqalib, yo‘limga chiqib ketib qolgan. Endi taqdiri shunaqa ekan. Uning ayoliga qaraganman, ular asli viloyatdan bo‘lgan. Toshkentga “propiska” qilib berganman, uy olib berganman. Tashlab qo‘ymaganman. Bolalari katta bo‘lib qoldi hozir. Shu paytgacha boqib, rozi-rizolik qilganmiz, deydi so‘z ustasi.
“Qiziqchi mukofot olmaydi-ku”
Shukurullo Isroilov 40 yildan buyon katta sahnada ijod qiladi. Ammo shu kungacha birorta unvonga loyiq ko‘rilmaganidan ranjishi haqida intervyularining birida aytib o‘tgan.

— Qiziqchi mukofot olmaydi-ku, qiziqchiga mukofot — xalqning olqishi. Eng keragi xalqning nazaridan qo‘ymasin.
Har bitta qiziqchining o‘z muxlisi, o‘z yo‘nalishi bor. Mana biz ham har yili konsert beramiz. Ikki yilda bir marta bo‘lsa ham konsert qilamiz. Men 3-4 yildan beri “Shukur shou” qilaman. Konsertlarimning ko‘ruvchilar soni ko‘p bo‘ladi. Hech bo‘lmasa, qo‘shiqchilarga berilgandek, bitta diplom berib qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi. Bu ham bir kichik eʼtibor hisoblanadi. Xonandalar chiqib qo‘shig‘ini fonogrammada aytadi, lekin biz jonli gapiramiz. Buning ham farqi bor. O‘zi hozirda qiziqchilar juda kam, deydi Shukurullo Isroilov.
Shukurullo Isroilov jamiyatdagi qanday voqealarga befarq bo‘lolmaydi?

— Oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarga kirib juda xafa bo‘lib ketyapman. To‘g‘ri, rivojlanish bor. Hamma bilganini qo‘yib yotibdi. Hatto bizni ham, bular uyatsiz, ko‘rib bo‘lmaydi, deyishadi. Vaholanki, hayotning o‘zi fahshlashib ketyapti. Instagram’da san’atkorlar bir-birining go‘shtini yeyapti, uylangani ajrashyapti, ajrashayotganini ham ijtimoiy tarmoqqa olib chiqyapti. Izohlarga kirsangiz, “Artist-da bular” deyishadi. Shularning ketidan yaxshi san’atkorlarning nomiga dog‘ tushadi. Shunga xafa bo‘lib ketaman, deydi so‘z ustasi.
San’atkor o‘zi ko‘rgan, boshidan kechirgan qaysi qiyinchiliklar farzandlarining ham boshidan o‘tmasligini xohlaydi?

— Men ko‘rgan hech bir yomon kun farzandlarimning ham boshidan o‘tishini xohlamayman. Men otasiz o‘sdim, maktablarda ota-onalar majlisiga otam kelmasdi, shunda o‘ksinardim. Zavodda “butilka” yuvib, uch oyda 70 rubl topardim. Maktabda oq yoqa kiyilardi, titilib ketguncha yuvib, kiyar edim. Shimlarim yirtilib ketardi, buvim yamoq solib tikib berardi, shuni kiyib yurardik.
Uch farzandim bor, ikki o‘g‘il va bir qiz. Hamma farzandlarim oliy maʼlumotli. Katta o‘g‘lim ikkita oliygohni tamomlagan. Hozirda avtomobilsozlik sohasida faoliyat yuritadi. Ikkinchi o‘g‘lim Rossiyada institutni tamomlab, yaxshi tashkilotda ishlayapti. Qizim chet tillar institutini tugatgan, hozirda farzandlariga qarab, uyda o‘tiribdi, deydi qiziqchi.
“Mashinamni kimdir hazillashib berkitib qo‘ydi, deb o‘ylagandim”
2025-yilning mart oyida qiziqchining Mersedes-Benz rusumli avtomobili o‘g‘irlab ketilgan. Ma’lum bo‘lishicha, transport vositasini 1998-yilda tug‘ilgan Sherzod ismli shaxs uning ochiq qoldirilganidan foydalanib, olib qochgan.

— “Shu mashinani haydab ko‘rishga qiziqardim. Mashina ochiq turgandi, oldida hech kim yo‘q edi, unga o‘tirib haydab ketdim. Shahar aylanib, Uchtepa tumanidagi ‘moyka’ning oldiga borib, to‘xtab turganimda YPX xodimlari mashinasida kelib ushladi. Qilgan ishimdan afsusdaman”, degan avtomobilni olib qochgan shaxs.
— Mashinamni qulflamasdan, kalitni ichida qoldirib, bir joyga kirib ketdim. Ishimni bitirib qaytib chiqsam, mashinam yo‘q. O‘zimcha kimdir men bilan hazillashgisi kelibdi, deb o‘yladim. Keyin 102 ga qo‘ng‘iroq qildim. 10 daqiqada mashinamni topib berishdi. Hurmatli hamshaharlar, hushyor bo‘lamiz, mashinangizni umuman ochiq qoldirmang, deydi Shukurullo Isroilov.
Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
So‘z ustasi hozirda Zo‘r TV telekanalida “Ertalabdan salom” ko‘ngilochar dasturiga boshlovchilik qiladi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi



