Mashhurlar

“Tamakining xumori tutganda qoldiqlarini chekkanman, hatto yeyishga tuzukroq taom topolmagan kunlarimiz ham bo‘lgan” – Bobur Yo‘ldoshev

pic
Foto: Daryo

Loading

O‘zbekiston xalq artisti, marhum rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev va marhum aktrisa Rimma Ahmedovalarning farzandi, mahoratli teatr va kino aktyori Bobur Yo‘ldoshev 16-yanvar sanasida 47 yoshni qarshiladi. 14 yoshidan san’at olamiga kirib kelgan aktyor hozirda “Diydor” teatr studiyasining rahbari. Ota-onasining erka farzandi bo‘lmagan, ko‘plab ayriliqlarga duch kelgan, grek millatiga mansub aktrisa bilan oila qurib, hozirda 4 farzandning otasi bo‘lgan Bobur Yo‘ldoshevning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.

“Ota-onamning mashhurligini his qilmaganman”

Bobur Yo‘ldoshev 1979-yilning 16-yanvar kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. U ikki qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘il bo‘lgani uchun ham ota-onasini yanada sevintirgan.

Foto: Instagram

— Men tug‘ilganimda otam Moskvadan “Popov” medalini olib qaytayotgan bo‘lgan. Aeroportda To‘ti opaning turmush o‘rtoqlari Mirg‘iyos Soatov suyunchi olgan ekan. Ismimni esa otamning dadasi, bobom rahmatli qo‘ygan. Bolalikda juda sho‘x, o‘yinqaroq bola bo‘lganman. Otam teatrda, onam esa dublyajda ishlardi. Goh teatrga, goh dublyaj studiyasiga olib borishardi. Uyimizda shunchaki suhbatlar bo‘lganini, ota-onam bekor o‘tirganini eslolmayman. Ularning ikkisi ham ko‘p kitob o‘qirdi. Tinimsiz ijod haqida gaplashardi. O‘sha vaqtda ularning mashhur sanʼatkor ekanini his qilmaganman, deydi aktyor Bobur Yo‘ldoshev.

“Tilanchilikni teatrda qilma, degan”

Aktyor bolaligi bilan bog‘liq qiziqarli voqeani so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— O‘sha vaqtda 5-6 yoshlardagi bola edim. Rixsivoy Avazovning o‘g‘li bilan sobiq Hamza teatrining hovlisida o‘ynab yurgandik. Sal narida 10 tiyindan muzqaymoq sotayotgan ekan. Rosa yegimiz keldi. Shunda teatrda ishlaydigan aktyorlardan biri o‘tib qoldi. “20 tiyin berolmaysizmi, rosa muzqaymoq yegimiz kelyapti”, dedik. U pul berdi-yu, ammo dadamga “O‘g‘lingiz ko‘cha boshida pul so‘rab turgan ekan, beraqoldim”, debdi. Bir payt dadam rahmatli jahl bilan chiqib, “Tilanchilikni teatrda emas, sal narida qilsang bo‘lmaydimi, bu yerda meni hamma taniydi-ku” degandi, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

“Janjalda bir yigit mayib bo‘lgandi…”

Aktyor bolaligida sho‘x bo‘lgani, 13 yoshida bezori bolalar janjaliga guvoh bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram

— Erka bo‘lganman, deyolmayman, chunki dadam nihoyatda qattiqqo‘l inson edi. Ammo rosa sho‘x va ko‘cha hayotiga qiziqadigan bola bo‘lganman. 13 yoshimda Xadrada katta janjalning guvohi bo‘lganman. O‘shanda shunchaki hazillashib urishish natijasida bir bola butun umrga mayib bo‘lib qolgan. Bu gap rosa ovoza bo‘lgandi. O‘shanda dadam oldiga chaqirib “Agar shu yo‘ldan ketsang, oxiri voy bo‘ladi, mayib bo‘lganning o‘rnida sen yoki do‘sting bo‘lishi mumkin edi”, degan. Shu gapdan keyin hayotimni butunlay o‘zgartirishga qaror qilganman. Onam bilan dublyaj studiyalariga qatnashni boshlaganman. Kichik yoshdagi bolalar roliga ovoz berardim. Ammo o‘zbek tilida yaxshi gapirolmasdim, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

“Chorshanba va yakshanba kunlari mutolaa kunim edi”

Foto: Instagram

— 14 yoshimda Nabi Abdurahmonovning studiyasida tajriba tariqasida ishlaganman. Bu vaqtga qadar bir nechta filmlarda bosh rollarni o‘ynashga ulgurgandim. Ham teatrda ardoqli aktyorlar orasida ulg‘ayganim uchun teatr nimaligini bilaman, deb imtihon topshirib ko‘rganman. Imtihondan o‘tganimdan keyin bildimki, saralanganlar orasida eng kichigi ekanman. Qolgan bolalar maktabni tugatgan, 18 yoshdan oshgan. Men endi 14 yoshda bo‘lganman. Shuning uchun ular bilan suhbat mavzulari topilmasdi. Mening gapim ularga, ularning gapi menga to‘g‘ri kelmasdi.

Foto: Instagram

Shunda dadamning oldilariga kitob so‘rab borganman. Kitob o‘qisam gaplashishga mavzularim bo‘ladi, deganman-da. Shundan keyin to 18 yoshimgacha haftasiga ikkita kitobni ham o‘qib, ham konspekt qilib, dadamga tushunganlarimni gapirib berardim. Chorshanba va yakshanba kunlari mutolaa kunim edi. Dadam meni eshitardi-da, keyin o‘zlari “Bu unday, bu bunday”, deb tushuntirib berardi. Ana shundan kitobga qiziqishim paydo bo‘lgan. Hozirgacha kitob mutolaasini davom ettirib kelaman,  deya xotirlaydi u.

Bobur Yo‘ldoshev keyinchalik O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qigan. Aktyor 1992-yildan buyon teatrda ish faoliyatini olib boradi.

“Tuzukroq ovqat topolmagan kunlarimiz ham bo‘lgan”

Bahodir Yo‘ldoshev va Rimma Ahmedova xonadonida tug‘ilgan Bobur Yo‘ldoshev moddiy qiyinchiliklarga uchraganiga ishonish qiyin. Ammo O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillari ular ham moliyaviy qiyinchiliklarga uchraganini quyidagicha xotirlaydi.

Foto: Instagram

— 1992—93-yillarda ko‘pchilik qiyin kunlarni boshdan kechirgan. Teatrda oylik yo‘q, kinolar esa umuman suratga olinmay qo‘ygan paytlar edi. Faqatgina dublyajga chaqirib turishardi, shu bois onam ko‘proq ishlardi. Juda qiyin kunlarni boshdan kechirganmiz. Tamakining xumori tutganda qoldiqlarini chekkanman, hatto yeyishga tuzukroq taom topolmagan kunlarimiz ham bo‘lgan, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

“Onam 10 yil saraton bilan kurashdi”

Aktyor onasi bilan bog‘liq eng shirin xotiralari va uning og‘ir kasallikdan vafot etgani haqida esladi.

Foto: Instagram

— Oshni juda yaxshi ko‘raman, kuniga besh mahal osh berishsa ham rad etmay yeyaveraman. Onam buni yaxshi bilgani uchun soat nechada kelishimdan qat’i nazar, do‘ppidekkina osh qilib kutib olardi. Kechasi kelganimda ham birgalashib osh yerdik. Hammaning onasi o‘ziga yaxshi, ammo haqiqatan ham rahmatli onam tilla ayol bo‘lgan. Hech kimga qattiq gapirmasdi, aqlli ayol edi. Onam 10 yil saraton bilan kurashdi. Ayniqsa, umrining so‘nggi kunlarida juda qiynaldi. Afsuski, o‘sha vaqtda syomkalar yoki teatrda ish sabab yonida ko‘p bo‘lolmadim. Hozir bu haqda o‘ylasam yuragim siqiladi. O‘sha paytda onamga qanchalik kerak bo‘lganimni his qilaman.

Onamni yo‘qotish men uchun katta fojia bo‘lgan. Taxminan besh yillar o‘zimga kelolmaganman. O‘shanda 27 yoshlarda edim. Har kuni tushimga kirardi. Hatto vafotidan keyin uyga kirolmaganimdan ma’lum muddatga Moskvaga ketganman. Moskvadan otam, opa-singillarimni sog‘inganimda qaytganman, deydi aktyor.

“Birinchi rafiqam vafot etgan”

Ikki yil avval aktyor o‘g‘li Diyor Yo‘ldoshevni uylantirdi. Afsuski, bu o‘g‘liga ona mehrini his qilish nasib etmagan. Chunki Bobur Yo‘ldoshevning birinchi rafiqasi juda erta vafot etgan.

Foto: Instagram

— Birinchi rafiqam olamdan o‘tgan. Turmushimizdan bitta o‘g‘limiz bor. U hozir biz bilan yashaydi. Rafiqam sigaret chekardi. Bir marta qattiq yo‘tal bo‘lib qolgan. Shifokorga borganimizda tuberkulyoz degan tashxis qo‘yishgan va juda katta dozada antibiotik buyurishgan. Yuragi katta dozani ko‘tara olmasdan ikki kunda vafot etgan. Aslida u bronxit bo‘lgan ekan.

Grek qizi bilan oila qurgan

Birinchi ayolining vafotidan so‘ng aktyor grek millatiga mansub Anna Marisina ismli qizga uylangan, ikki qiz va bir o‘g‘il farzandli bo‘lgan.

Foto: Instagram

— Hayotda er-xotin bir-birini to‘ldirishi, kuch bera olishi juda muhim. Bu nafaqat oiladagi muhitga, balki farzandlarning ruhiyatiga ham yaxshi taʼsir qiladi. Ayolimni hurmat qilaman, chunki u meni tushunadi. Ayolim grek millatiga mansub, aktrisa. Biz ertadan kechgacha teatrdamiz. Qayerdan muhabbat boshlanadi? Biz u bilan bitta spektaklda sevishgan juftlikni o‘ynaganmiz. O‘shanda unga nisbatan yuragim jiz etgan. Bir-birimizga bog‘lanib qolganmiz, keyin turmush qurganmiz.

Aktrisa bo‘lgani uchun meni boshqa partnyorlarimdan rashk qilmaydi, tushunadi. Men ham uni boshqa aktyorlardan qizg‘anmayman. Unga o‘zimga ishongandek ishonaman. Ishonch bilan ayta olamanki, bitta xonaga 50 ta erkak bilan kirgizib yuborsam ham u toza chiqadi. Agar erkak va ayol bir-biriga ishonmasa, qanday qilib oila bo‘lishi mumkin, deydi aktyor Bobur Yo‘ldoshev.

— Oilam bo‘lsa-da, o‘zimni har doim yolg‘iz his etaman. Ha, rafiqam va to‘rt farzandim bor. Lekin farzandlarim mening olamimda emas. Ular bilan kechki payt birga televizor ko‘ramiz. Lekin har bitta odam yolg‘iz. Biz bu dunyoga yolg‘iz kelamiz, yolg‘iz ketamiz. Mening dunyomda hech kim yo‘q, yo‘ldoshlar bor. Yolg‘iz qolganimda hech qachon zerikmayman — kitob o‘qiyman, kino ko‘raman, deydi aktyor.

“Menga shunchaki omad kulib boqqan”

Aktyor o‘zini u qadar qobiliyatli deb bilmasligi, shunchaki muhim vaziyatda omad kulib boqqani haqida aytdi.

Foto: Instagram

— Ota-onaning qobiliyati har doim ham farzandda takrorlanmaydi. Agar shunday bo‘lganida men eng zo‘r rejissyor yoki dublyaj qiroli bo‘lishim kerak edi. Menimcha, bu borada tabiat xatoga yo‘l qo‘ygan. O‘zimni qobiliyatli aktyor deb bilmayman. Shunchaki omad kulib boqqan. Chunki yiliga ellikdan ziyod aktyor va aktrisalar institutni tamomlaydi. Ularning hammasiga ham omad kulib boqmaydi.

Foto: Instagram

— Menga omad olib kelgan rol shubhasiz “Sardor” va “Ostona” seriallari bo‘lgan. Undan keyin “Sevinch”, deydi aktyor.

“Rejissyor bu rolni berishni istamagan”

Bobur Yo‘ldoshev “Vatan” filmida Qurbon rolini ijro etishni istagani ammo rejissyor bu rolni Muzaffar Saʼdullayevga bergani haqida gapirdi.

Foto: Instagram

— Bir marta imkon bering, Qurbonni ijro etay deb rosa so‘raganman. Ammo Zulfiqor Musoqov meni bu rolda ko‘rolmagan. O‘ylab qarasam, bu to‘g‘ri tanlov bo‘lgan, nafaqat men balki boshqa aktyor ham uni Muzaffardek ishonchli ijro etolmasdi. Rejissyorning yutug‘i hammasini oldindan ko‘ra olishida deb bejiz aytishmaydi. “O‘tov” filmidagi ota rolini ham ijro etgim keladi. Nozim To‘laxo‘jayev rolni maromiga yetkazib ijro etgan, ammo men ham shu rolda o‘zimni ko‘rgim kelgan. Unda katta dard va ichki alam bor, deydi aktyor Bobur Yo‘ldoshev.

“Oylik juda kam”

Bobur Yo‘ldoshev to‘y xizmatlariga chiqmaydigan sanoqli aktyorlardan biri hisoblanadi.

Foto: Instagram

— Teatrimiz kategoriyasi bo‘lmagani uchun oyligimiz juda kam. Mening asosiy daromadim — kino, klip va reklama syomkalaridan. Birinchi marta Nigora Karimboyeva bilan Timur Musoqovning to‘yida boshlovchilik qilganmiz. Shundan keyin ko‘pincha Nilufar Sotiboldiyeva bilan birga to‘yga chiqardik. Bir kuni kimningdir to‘yini olib borayotganimda to‘yxonaga dadam kelib qolgan. Shundan keyin dadam menga telefon qilib, “O‘g‘lim, to‘yda boshlovchilik qilish taklifi kelsa, menga telefon qil, o‘sha pulni o‘zim beraman, boshqa to‘yga chiqma”, deganlar, deydi aktyor.

Foto: Instagram

“Otam qabrtoshining puligacha o‘zi berib ketgan”

Bobur Yo‘ldoshev 2021-yilda otasi, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshevdan ham ayrildi.

— Dadam karantin vaqtida kichik operatsiyani boshdan kechirdi. Operatsiyaga kirishdan oldin menga bor vasiyatini aytib ketdi. Vafot etsa, Samarqandga, Kattaqo‘rg‘ondagi qabristonda onasining qabri yoniga qo‘yishimni aytgan. Hatto o‘ziga joy ham tayyorlatib qo‘ygandi. “Menga biror narsa bo‘lib qolsa, Kattaqo‘rg‘onga olib bor. Agar juda imkoni bo‘lmasa, Chig‘atoydagi qabristonga qo‘ysang ham mayli. Faqat artistlar ko‘p qo‘yilgan joyga qo‘yma. Sal chetroqqa ko‘mdir”, dedi. Bu pul qabrtoshga, bunisi esa kafanlikka, deya barcha xarajatiga o‘zi pul ajratib qo‘ygandi. Men o‘z yonimdan bir so‘m ham sarflolmadim. Chunki otam o‘zi uchun barchasini tayyorlab ketdi. 

Qabrtoshiga nima deb yozdirish kerakligigacha tayinlab, qog‘ozga yozib ketgan. “ ‘O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev’. Bo‘ldi. Boshqa hech nima yozdirmaysan” degan.

Vafotidan so‘ng otamni qabrga qo‘yib, yuqoriga chiqqanimda haqiqatan yig‘ladim. Bo‘g‘zimga bir narsa tiqildi. Dadam “Meni tobutda olib chiqib ketishayotganda hech kim yig‘lamasin. Hech kimni baqirtirma, bu kerakmas narsa. Meni rostdan ham yaxshi ko‘rgan odamlar ichida yig‘laydi, ustida emas”, degandi. Shuning uchunmi, teatrda uning kursisiga kelib o‘tirganimda o‘zimni yo‘qotib qo‘ymadim. Menga biror narsa bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo unday bo‘lmadi. Ichimda faqat bo‘shliq bor, degan edi aktyor otasining vafotidan so‘ng bergan intervyusida.

“Farzandlarimni san’atkor bo‘lmaslikka ko‘ndira olganimdan xursandman”

Foto: Instagram

— Qizim Irisning fe’l-atvori, yurishlari, qarashlari onamga o‘xshaydi. Faqat u biroz zamonaviyroq. Nima bo‘lganda ham farzandlarimni aktyor va aktrisa bo‘lmaslikka ko‘ndira olganimdan xursandman. Ularni bunga ko‘ndira oldimmi, demak, bolalarim san’at odamlari emas ekan. Tan olish kerak, bu kasb juda og‘ir. Ammo shu sohaning odamini har qanaqasiga aytsangiz ham fikridan qaytara olmagan bo‘lardingiz, xuddi ota-onam meni aktyor bo‘lish niyatimdan qaytarolmaganlari kabi.

Kollejda o‘qib yurgan kezlarim darsdan keyin teatrga ham borib yurardim. Yosh tomoshabinlar teatrining polini bir oy davomida har kuni yuvdirishgandi. Bu bilan san’atdan ko‘nglim sovib ketishini kutishgan. Ammo bunday bo‘lmadi. Baribir aktyor bo‘ldim.​​​ Navruza qizim ham hech kimga aytmasdan “X-Faktor”da qo‘shiq aytib chiqibdi va hakamlar sinovidan o‘tdi. Hech kim uni qizimligini bilmadi ham. Shunday bo‘lsa ham farzandlarim san’at yo‘lida emas, deydi Bobur Yo‘ldoshev.

 Bobur Yo‘ldoshev uchun baxt nima?

Foto: Instagram

— Erkakning baxti ayoli bilan bog‘liq. Hozir, afsuski, ayollar judayam o‘zgarib ketgan. Bunga sabab internet va undagi soxta psixolog, kouchlardir. Ularning gapiga kirgan ayollar sizga “uy-joy, mashina, pul — hammasini qilib berishing kerak, shunga majbursan”, deb hisoblaydi. Lekin evaziga esa erkin bo‘lishni xohlaydi, deydi aktyor.

Nafaqaga chiqqan aktyor

Bobur Yo‘ldoshev 28 yil davomida Yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan. Ayni paytda otasi Bahodir Yo‘ldoshev asos solgan “Diydor” teatr studiyasiga rahbarlik qiladi. Studiyada Akbarxo‘ja Rasulov, Yulduz Rajabova va Adiz Rajabov kabi mashhur aktyorlar ham ishlaydi.

Foto: Instagram

— Avvallari odamlar 3 soatlik spektaklni bir nafasda tomosha qila olgan. Ammo bugun buning sira ham iloji yo‘q. Tomoshabin e’tiborini tutib turish qiyin. Endi avvalgidek 3 soatlik spektaklni bugungi kun odamlari qabul qilolmaydi. Zamon tezlashdi, internet, telefon chalg‘itadi hammani. Oldingidek sekin gapirish-u, sekin yurib rol ijro etishning o‘rniga zamonga moslashishimiz kerak. Masalan, sahnada 1—1,5 soatlik spektakllarni qo‘yishimiz kerak. Agar yuqorida sanab o‘tgan afsonaviy aktyorlarimiz bugun tirik bo‘lganlarida, ular ham shunday qilgan bo‘lardilar, deydi u.

Bobur Yo‘ldoshev Instagram’da nega faol emas?

Foto: Instagram

— Instagram’da kuzatuvchilarim ko‘p emas. Men nima qilaman u yerda? Boshqalarga o‘xshab vayn olamanmi? Bu mening mavzum emas. Men maza qilib ishlaydigan ishim bu — teatr va repetitsiya. O‘sha yerda biz hayot yaratamiz, deydi u.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.