Jahon

Amerikadagi eng katta tirajli “The Washington Post” gazetasi bosh direktori ommaviy qisqartirishlardan so‘ng lavozimini tark etdi

photo
Foto: The AP

Loading

Amerika poytaxtida joylashgan eng katta tirajli “The Washington Post” nashrining bosh direktori Uill Lyuis ommaviy ishdan bo‘shatishlar e’lon qilinganidan atigi bir necha kun o‘tib, lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda u gazeta xodimlariga yuborgan elektron xatida yozgan.

Lyuis ikki yil davom etgan islohotlar va o‘zgarishlardan so‘ng “chetga chiqish uchun ayni payt keldi”, deya qaror qabul qilganini bildirgan. Uning o‘rniga vaqtincha “The Washington Post” moliyaviy direktori Jeff D’Onofrio bosh direktor vazifasini bajaradi. Nashr rahbariyati ma’lum qilishicha, D’Onofrio yangi lavozimiga darhol kirishgan.

Bu qaror gazeta tarixidagi eng yirik qisqartirishlardan biri ortidan qabul qilindi. O‘tgan hafta e’lon qilingan rejalarga ko‘ra, nashr xodimlarining qariyb uchdan bir qismi ishdan bo‘shatilgan. Rasmiy raqamlar ochiqlanmagan bo‘lsa-da, AQSh OAVlari taxminiga ko‘ra, qariyb 300 nafar jurnalist bilan xayrlashilgan. Qisqartirishlar sport bo‘limining yopilishi, fotografiya jamoasining tugatilishi hamda Vashington va xorijiy muxbirlar shtatining keskin kamayishiga olib keldi.

E’tiborli jihati shundaki, qisqartirishlar e’lon qilingan yig‘ilishda na Uill Lyuis, na gazeta egasi, milliarder Jeff Bezos ishtirok etmagan. So‘nggi yillarda “The Washington Post” minglab obunachilarini yo‘qotdi, ko‘plab xodimlar ishdan ketdi. Bunga, jumladan, 2024-yilgi prezidentlik saylovlari arafasida nashr Kamala Harrisni rasman qo‘llab-quvvatlashdan voz kechgani va tahririyat siyosatining nisbatan konservativ yo‘nalishga burilgani sabab bo‘lgan.

Gazetaning sobiq bosh muharriri Martin Baron bu qarorlarni keskin tanqid qilib, Jeff Bezosni “Trampni rozi qilishga urinishda” ayblagan va “The Washington Post”dagi jarayonlarni “brendning tezkor o‘z-o‘zini yemirishi” deb atagan.

image

Uill Lyuis

Britaniyalik Uill Lyuis “The Washington Post”ga 2024-yil yanvarida rahbar etib tayinlangan edi. U avval “The Wall Street Journal”da yuqori lavozimlarda ishlagan. Uning faoliyati boshidan tortib tortishuvlarga boy bo‘ldi: kadrlar qisqartirildi, muvaffaqiyatsiz qayta tashkil etish rejasi tufayli bosh muharrir Salli Bazbi lavozimidan ketdi.

Joriy haftadagi voqealar fonida Jeff Bezos nashrga investitsiyalarni oshirish yoki uni faolroq boshqaradigan shaxsga sotish zarurligini bildirgan. Lyuis esa o‘z xatida Bezosni yuqori baholab, “The Washington Post bundan yaxshi egaga ega bo‘la olmas edi”, degan.

“The Washington Post” jurnalistlari kasaba uyushmasi esa Lyuisning ketishini “kechikkan, ammo zarur qaror” deb atadi va Bezosni qisqartirishlarni bekor qilishga yoki gazetani kelajagiga sarmoya kiritadigan boshqaruvchiga topshirishga chaqirdi.

Jeff Bezos o‘z bayonotida Lyuis haqida to‘xtalib o‘tmagan, biroq D’Onofrio va uning jamoasi “The Washington Post”ni “yangi va barqaror bosqichga olib chiqishiga” ishonch bildirgan.

Yangi vaqtinchalik bosh direktor Jeff D’Onofrio esa xodimlarga murojaat qilib, bu hafta o‘zgarishlar bilan og‘ir bo‘lganini tan oldi va media sohasi bugun murakkab iqtisodiy sharoitda ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “The Washington Post” bu sinovlardan ham jamoa bo‘lib chiqib keta oladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.