O‘zbekiston

Ramazon oyi oldidan narxlar nazoratda: Prezident bozorlar barqarorligini ta’minlashni topshirdi

photo
Foto: Prezident.uz

Loading

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat rahbari Ramazon oyi arafasida ichki bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Yig‘ilishda inflyatsiya jarayonlarini oldindan prognoz qilish va keskin o‘zgarishlarning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Ma’lum qilinishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va mehnat unumdorligi markazi inflyatsiya bo‘yicha ichki va tashqi xatarlarni aniqlash hamda ularga tezkor yechim ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Endilikda vazirlikning har bir hududiy boshqarmasida markazning 2 nafardan vakili faoliyat yuritadi.

Markaz har hafta tuman va shaharlardagi bozorlarni tahlil qiladi. Qaysi mahsulotga hozir qancha ehtiyoj borligi, bir oy, uch oy va bir yil ichida talab qanday o‘zgarishi prognoz qilinadi. Shuningdek, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari va omborlardagi zaxiralar talabni qanchalik qoplay olishi, yetishmayotgan qismini qaysi manba hisobidan to‘ldirish mumkinligi bo‘yicha har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi shakllantiriladi.

“Keyingi haftadan muborak Ramazon oyi boshlanadi. Saxovat va mehr-oqibat ramzi bo‘lgan ushbu muqaddas kunlarda ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash har qachongidan ham muhim”, dedi Prezident.

Shu munosabat bilan dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish topshirildi. Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Unda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ham so‘zga chiqdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyida yillik inflyatsiya darajasi 7,2 foizni tashkil etgan. Uning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan, shundan 13 foizi go‘sht narxlaridagi o‘sish bilan bog‘liq. Go‘sht bo‘yicha importga qaramlikni kamaytirish uchun chorva ozuqa bazasini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada Muborak tumanida 5 ming gektar yerda makkajo‘xori ekilishi namuna sifatida qayd etildi. Endilikda qo‘shimcha 60 ming gektarda shunday ekinlarni tashkil etish topshirildi. Natijada 350 ming bosh chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratiladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.