O‘zbekiston

Buxoro shahrida zargarlik klasteri ochildi

photo 01
Foto: buxoro viloyati hokimligi

Loading

Kuni kecha Buxoro shahri yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldi. Mamlakatimiz zargarlik sanoatida yangi bosqichni boshlab beradigan Buxoro zargarlik klasterining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi mas’ullari, viloyat hokimligi vakillari, turkiyalik investorlar, mahalliy zargarlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etib, ushbu loyihaning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Mazkur yirik loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23 iyulda qabul qilingan “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida hayotga tatbiq etildi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2024–2026 yillar davomida “O‘zmilliybank” AJ ishtirokida hududlarda zamonaviy zargarlik markazlarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Buxorodagi klaster ana shu ezgu rejaning amaliy ifodasiga aylandi.

photo 02

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-sentabrdagi qarori bilan tasdiqlangan dastur asosida markaz Buxoro shahri Islom Karimov ko‘chasi, 31-uy manzilida joylashgan binoda tashkil qilindi. Loyiha qiymati 38 milliard so‘mni tashkil etdi. Uni amalga oshirishda “NBU Jewelry Group” MChJ hamda turkiyalik investorlar hamkorligidagi “ELLA Jewellry” korxonasi faol qatnashdi. Bu esa loyiha ortida jiddiy hamkorlik va ishonch turganini ko‘rsatadi.

Yangi markaz yiliga 300 kilogrammgacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eng muhimi, 100 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, loyiha doirasida har yili davlat byudjetiga qariyb 2,5 milliard so‘m soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda. Bu nafaqat sanoat, balki hudud iqtisodiyoti uchun ham muhim ko‘rsatkichdir.

photo 03

Markaz joylashgan bino 2024-yil 16-dekabr kuni “NBU Jewelry Group” MChJ tomonidan auksion orqali xarid qilindi. Shundan so‘ng “EVEREST BUILDING ENGINEERING” MChJ tomonidan bino to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy zargarlik markazi talablariga moslashtirildi. Investorlar tomonidan ilg‘or uskunalar olib kelinib, ikkinchi qavatga o‘rnatildi va ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yishga tayyor holatga keltirildi.

Ochilish marosimida “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Miraxmedov, Buxoro viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Husniddin G‘oyirov hamda turkiyalik investorlar so‘zga chiqib, klasterning ahamiyatini alohida ta’kidlashdi. Ularning fikricha, ushbu markaz nafaqat hudud iqtisodiyotini mustahkamlaydi, balki milliy zargarlik sanoatining eksport salohiyatini ham sezilarli darajada oshiradi. Shundan so‘ng mehmonlar markazdagi sharoitlar, ishlab chiqarish jarayoni va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.

photo 04

Buxoro zargarlik klasteri — bu qadimiy hunarmandchilik an’analari bilan zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unlashgan yorqin timsoli. U nafaqat nafis taqinchoqlar yaratiladigan maskan, balki hudud sanoatini yangi bosqichga olib chiqadigan strategik loyiha sifatida e’tirof etilmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.