O‘zbekiston

O‘qituvchilarning ipoteka kreditlari boshlang‘ich badalning 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi

picture
Foto: Undp.org

Loading

Ko‘p yillik mehnat, sabr va fidoyilik bilan ta’lim sohasida xizmat qilayotgan pedagoglar uchun yana bir muhim imkoniyat yaratildi. Endilikda zarur staj va oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

Vazirlar Mahkamasining “Oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lgan pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan va oliy malaka toifasini qo‘lga kiritgan ustozlar ushbu subsidiya imkoniyatidan foydalanishi mumkin.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari uchun boshlang‘ich badalning 25 foizini qoplash tartibi joriy etiladi. Bu esa yillar davomida ta’lim dargohlarida xizmat qilgan pedagoglar uchun uy-joy xaridini ancha yengillashtiradi.

Jarayon esa imkon qadar shaffof va soddalashtirilgan. Subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi. Eng muhimi — barcha xizmatlar mutlaqo bepul.

Arizalar subsidiya.idm.uz elektron platformasi orqali inson omilisiz, ya’ni avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi. To‘lov esa Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidyplatform.mf.uz tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Bu korrupsion holatlarning oldini olish va adolatli baholashni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq, subsidiya pedagogning ro‘yxatdan o‘tgan doimiy yashash hududi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar yoki Toshkent shahri doirasida qurilgan uy-joylar uchun ajratiladi.

Pedagoglar arizani YIDXP orqali mustaqil ravishda elektron shaklda to‘ldirishi yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib, markaz xodimi orqali rasmiylashtirishi mumkin. So‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar mas’ul tashkilotlarning axborot tizimlari orqali ijtimoiy mezonlarga mos yoki mos emasligi yuzasidan avtomatik tekshiriladi.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, bir ish kuni ichida ariza beruvchiga subsidiya ajratish yoki rad etish haqidagi elektron, QR-kod bilan tasdiqlangan xabarnoma yuboriladi. U Davlat xizmatlari markaziga hamda YIDXPdagi shaxsiy kabinetga yetkaziladi.

Bu qaror — ta’lim fidoyilariga e’tibor va ehtiromning yana bir ifodasi. Yillar davomida yosh avlodni tarbiyalab kelayotgan ustozlar endi o‘z uy-joyiga ega bo‘lish yo‘lida yanada katta imkoniyatga ega bo‘lishmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.