O‘zbekiston

28-fevral oqshomida osmon tomoshasi: o‘zbekistonliklar sayyoralar paradini kuzatadi

picture
Foto: Stellarium-web.org

Loading

28-fevral kuni O‘zbekiston osmonida noyob astronomik hodisa — sayyoralar paradi kuzatiladi. Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kunda Quyosh tizimidagi 6 ta sayyora bir tomonda saf tortadi va Quyosh botgach mamlakatimizning barcha hududidan ko‘rinadi.

Kutilayotgan paradda Merkuriy, Venera, Neptun, Saturn, Uran va Yupiter ishtirok etadi. Biroq ularning barchasini oddiy ko‘z bilan ko‘rishning imkoni yo‘q. Faqat Merkuriy, Venera, Saturn va Yupiter osmon kuzatuvchilari uchun ko‘rinadigan bo‘ladi. Neptun hamda Uran juda xira ko‘ringani sababli ularni faqat teleskop yoki kuchli binokl yordamida ilg‘ash mumkin.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, Merkuriy va Venera Quyoshga yaqin sayyoralar bo‘lgani bois parad vaqtida ufqqa juda yaqin joylashadi. Bu esa ularni ko‘rishni biroz murakkablashtiradi. Shuningdek, Saturn, Neptun, Venera va Merkuriy osmonda bir-biriga juda yaqin masofada joylashadi va Quyosh botgach tez orada uning ortidan botishni boshlaydi. Shu sababli ushbu hodisani kuzatish uchun g‘arbiy ufq ochiq ko‘rinadigan, baland binolar to‘sqinlik qilmaydigan tepalik yoki keng maydon tanlash tavsiya etiladi.

Bu safargi paradga Mars qo‘shilmaydi. Chunki u Yer nuqtai nazaridan Quyoshdan oldinroq botib ketadi va ko‘rinmaydi.

Astronomiya instituti vakillari sayyoralar paradi oldindan aniq hisob-kitoblar asosida prognoz qilinadigan tabiiy astronomik hodisa ekanini ta’kidladi. Uni inson taqdiri yoki kelajagi bilan bog‘lab, turli bashoratlar qilish ilmiy asosga ega emas.

Ma’lumot o‘rnida, “sayyoralarning saf tortishi” — bu ikki yoki undan ortiq sayyoraning Quyoshning bir tomonida deyarli bir chiziqda yoki 20–30 gradusli burchak oralig‘ida joylashishi holatidir. “Sayyoralar paradi” esa aynan shu hodisaga berilgan norasmiy nom hisoblanadi.

Agar ob-havo ochiq bo‘lsa, 28-fevral oqshomi osmonni kuzatish uchun qulay fursat bo‘ladi. Bu hodisa havaskor astronomlar uchun ham, shunchaki yulduzli osmonni tomosha qilishni yoqtiradiganlar uchun ham esda qolarli manzarani taqdim etadi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.