Buxoro yangiliklari

Enter Engineering’ning minglab xodimlariga kechiktirilgan ish haqi undirildi. Ular orasida Buxorodagi ishchilar ham bor

pic
Foto: Ent-en.com

Loading

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan Enter Engineering kompaniyasiga tegishli korxonalarda ishlayotgan minglab xodimlarning mehnat haqi undirib berildi. Vazirlik matbuot kotibining ma’lum qilishicha, tekshiruvlar respublikaning bir qator hududlari qatori Buxoro viloyatidagi obyektlarda ham o‘tkazilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil mart holatiga qadar Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi va uning tasarrufidagi korxonalar faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar asosida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tekshiruvlar Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan obyektlarni ham qamrab olgan.

Xususan, ushbu hududlardagi 11 ta obyekt hududida faoliyat yuritayotgan 34 ta korxonada ish haqi qarzdorligini undirish bo‘yicha choralar ko‘rilgan. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida kompaniya tomonidan 12 754 nafar xodimga kechiktirilgan ish haqlari to‘lab berilgani ma’lum qilindi.

Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish maqsadida tekshiruvlar davom etayotganini bildirib, qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishini qayd etdi. Bu jarayon Buxoro viloyatidagi ayrim ishlab chiqarish va qurilish obyektlarida ishlayotgan ishchilarning ham manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.

Avvalroq tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalarida ishlayotgan xodimlar maoshlarning bir necha oy davomida kechiktirilayotganidan shikoyat qilgani haqida ham ma’lumotlar tarqalgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ishchilar ish haqlarini to‘lab berishni talab qilayotgan foto va videolar ham keng muhokama qilingan.

2024-yil iyun oyida ayrim ommaviy axborot vositalari ham xodimlarning oylik maoshlari kechikayotgani bilan bog‘liq murojaatlar haqida xabar bergan. 2026-yilda esa Eriell kompaniyasi xodimlari 8 oydan beri maosh olmayotganidan shikoyat qilgani aytilgan.

Mazkur muammolar hatto sport sohasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, kompaniya homiylik qiladigan “Surxon” futbol klubining asosiy tarkib futbolchilari maoshlar bilan bog‘liq muammo sabab 5-mart kungi o‘yinga chiqishdan bosh tortgani haqida ham xabarlar tarqaldi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.