O‘zbekiston

Zakot kimlarga beriladi va uning hozirgi miqdori qancha?

pic
Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Loading

Alloh taolo insonlarni ikki dunyo saodatiga erishishi uchun nozil qilgan shariatlarda moliyaviy ibodat – zakot berishni farz qilgan. Jamiyatdagi boy qatlam kam ta’minlangan va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatishlari ularning diniy majburiyatlari sanaladi. Alloh taolo oxir zamon ummatlariga ham sadaqaning maxsus ko‘rinishini farz qildi va uni “zakot” deb nomladi.

Zakot mol-mulkning qo‘rg‘onidir

Zakoti berilgan mulk – boylik kambag‘allar haqqidan poklanadi va ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Turli ofatlardan saqlanadi. Tobeinlarning sayyidi Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan naql qilinishicha:

“Mollaringizni zakot bilan himoya qiling, bemorlaringizni sadaqa bilan davolang. Balolar to‘lqiniga xokisorlik ila duo va iltijolar bilan peshvoz chiqing”, – deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan naql qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:

“Saxovatli kishi Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va do‘zaxdan uzoqdir. Baxil kishi Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va do‘zaxga esa yaqindir, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Zakotning bundan boshqa ko‘plab foydalari bor: Zakot beruvchi Alloh taolo huzurida itoatli mo‘min banda deb maqtaladi. Xulqi saxiylik fazilati bilan ziynatlanadi. Gunohlariga kafforat bo‘ladi. Kambag‘allar ichida hurmati oshadi. Qiyomat kunida esa, boshiga soyabon bo‘lib, yuqori darajalarga erishadi.

Muhtaram azizlar! Zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollardan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pullardan, do‘kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o‘xshash narsalardan o‘zi yoki qiymati beriladi. Kundalik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo‘shilmaydi.

Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, avto-ulov, sog‘in sigir, uy ichini bezash uchun qo‘yilgan matohlar, bisotda o‘g‘il-qizga atalgan sovg‘a-sarpolar, yeyish uchun saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.

Demak, kimning moli nisobga yetib, 1 yil to‘lsa yoki shunga qiymati teng molga 1 yil to‘lsa, unga zakot farz bo‘ladi. Ana shu molning qirqdan birini haqdorga chiqarib beradi. Molidan zakotini ajratayotganda shuni niyat qiladi.

Nisobga yetgan molga bir yil to‘lgan bo‘lishi kerak. 1 yil to‘lmagan moldan zakot berish farz emas.

Zakot beriladigan molda egasining tijorat niyati bo‘lishi kerak, ya’ni sotishni, undan moddiy foydani ko‘zlagan kishi shu narsasidan ham zakot beradi. Agar sotish niyati bo‘lmasa, qiymati harchand baland bo‘lsa-da, unga zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan sex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalarga zakot berilmaydi.

Zakot berishni, haqli bo‘lishsa, aka-uka, opa-singil va ularning farzandlari, amaki-amma va ularning farzandlari, tog‘a-xola va ularning farzandlaridan boshlash afzaldir.

Zakot berilayotgan kishi chindan ham faqir va muhtoj kishi bo‘lishi lozim. Aks holda boyning zimmasidan zakot soqit bo‘lmaydi. Shuning uchun uni surushtirib, aniq bir muhtojga berish kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining milodiy 2026-/ hijriy 1447-yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdori bo‘yicha qarorlari qabul qilindi, unga ko‘ra:

Zakot

Ramazon oyi uchun zakot nisobi 85 gram 585 probali tillo qiymatidan  kelib chiqib  100 000 000 (yuz million) so‘m etib belgilandi.

Demak, kimda zaruriy ehtiyojidan tashqari 100 000 000 (yuz million) so‘m va undan ortiq pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi savdo-tijorat moli bo‘lsa, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni zakot niyatida haqdorlarga beradi.

Fitr

Fitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:

2 kg bug‘doydan – 12 000 (o‘n  ikki ming) so‘m;

4 kg arpadan – 20 000 (yigirma ming) so‘m;

2 kg mayizdan – 110 000 (bir yuz o‘n ming) so‘m;

4 kg xurmodan – 200 000 (ikki yuz  ming) so‘m deb belgilandi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini berishi mumkin bo‘ladi.

Fidya

Fidya miqdori fitr sadaqasining miqdori bilan bir xil bo‘ladi. Har kim o‘z imkoniyatiga qarab, ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fidya miqdorini ajratishi kifoya qiladi.

Manba: O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.