Texnologiyalar
Tugmali telefonlar smartfonlardan nimasi bilan afzal?
Zamonaviy smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bo‘lsa-da, tugmali telefonlar hamon o‘z o‘rnini saqlab qolmoqda. Bir qarashda ular juda oddiy va eskirgan ko‘rinadi, biroq bu qurilmalar hali ham ishlab chiqarilmoqda. Tugmali telefonlarning mashhurligi bejiz emas — ular o‘zining qulayligi, ishonchliligi va mustahkamligi bilan ajralib turadi. Daryo shular haqida yozmoqda.
Tugmali telefonlarning eng katta afzalliklaridan biri batareyaning uzoq muddat xizmat qilishidir. Smartfonlar odatda kuniga bir marta quvvat olishni talab qiladi, holbuki tugmali telefon bir necha kun, ba’zida esa butun hafta davomida zaryadsiz ishlay oladi. Bu, ayniqsa, uzoq safarlar, tabiat qo‘ynidagi dam olish yoki elektr energiyasi cheklangan joylarda qulay.
Tugmali telefonlar murakkab dasturlar va kuchli protsessorlarga ega bo‘lmagani uchun tarmoq signalini barqaror ushlab turadi. Shuning uchun ular qishloq joylari, cho‘l hududlar yoki tog‘li manzillarda ham yaxshi aloqa beradi. Ularning antennalari ko‘pincha smartfonlarnikiga nisbatan kuchliroq bo‘ladi.
Smartfonni yo‘qotish yoki shikastlash katta mablag‘ talab qilishi mumkin. Tugmali telefon esa nisbatan arzon turadi. Shu sababli uni zaxira aloqa vositasi sifatida saqlash juda qulay. Ayniqsa, uzoq yo‘llarda yoki xavfli ish sharoitlarida qimmatbaho gadjet o‘rniga tugmali telefonni ishlatish yaxshiroq.
Bugungi tugmali telefonlar “faqat qo‘ng‘iroq va SMS uchun” degan tushunchadan yiroq. Ularda GPS, Bluetooth, 2G yoki 3G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash, musiqa tinglash, kamera yordamida suratga olish va hatto Telegram kabi messenjerlardan foydalanish imkoniyati mavjud. Ayrim modellar esa ikkita SIM-karta va microSD kartasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ko‘plab tugmali telefonlar kuchli korpusga ega bo‘lib, chang, suv va zarbaga chidamli tarzda ishlab chiqiladi. Bunday telefonlar ishchilar, harbiylar, sayyohlar yoki tabiat qo‘ynida faol dam oluvchi insonlar uchun ayni muddao. Ularning ko‘pchiligi IP67 yoki IP68 himoya darajasiga ega, ya’ni suvga tushganda ham ishlashni davom ettiradi.
Tugmali telefonlardan foydalanish insonni onlayn hayotdan biroz uzoqlashtiradi. Bunday qurilmada ijtimoiy tarmoqlar, videoplatformalar yoki o‘yinlar yo‘q, shu bois foydalanuvchi ortiqcha chalg‘ishlardan xoli bo‘ladi. Bu esa ish unumdorligini oshiradi va vaqtni samarali tartiblashga yordam beradi.
Internetga doimiy ulanmagani sababli tugmali telefonlar kiberxavfsizlik nuqtayi nazaridan ancha himoyalangan. Ular bank ilovalari yoki onlayn to‘lov tizimlarini qo‘llab-quvvatlamaydi, bu esa firibgarlik holatlarining oldini oladi. Bir so‘z bilan aytganda, bunday telefonni xaker buzolmaydi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


