Mashhurlar

“EKU qildirayotganimda homiladorligimni bilib qolganman” – aktrisa Malika Rahimova

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

Aktrisa Malika Rahimova YouTube’dagi “Mirsodiqova bilan” kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida aktrisa kasbiy faoliyati va singlisining qizini asrab olmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Kontraktimni to‘lash uchun qorovul bo‘lib ishlaganman”

– Talabalik vaqtlari kontraktimni to‘lash uchun bir supermarketda qorovul bo‘lib ishlaganman. Avvaliga supermarketning bolalar maydonchasida tarbiyachi bo‘lib ishlaganman. Boshlig‘imiz videokuzatuv bo‘limida qorovullikka ishga o‘tishga taklif qilib, “Qilinadigan ishlarni bir ikki hafta davomida o‘rganasiz” deganlar. Rozi bo‘ldim va ishlab o‘g‘rilarni tuta boshladim. Boshida qo‘rquv bo‘lgan bo‘lsa ham keyinchalik bunga ko‘nikib ketdim. Bu ishdan keyin meni temiryo‘l vokzaliga ishga taklif qilishdi. Bu paytga kelib o‘qishim ham tugagandi. Teatrga borsam, shtatda joy yo‘q ekan. Vokzaldagi ishga qaytib bordim. Keyinchalik teatrni ham, vokzaldagi ishimni ham baravar olib ketdim, dedi u.

— Teatrga borganingizda darrov shtatga qabul qilishmaydi. Ma’lum vaqt sinov muddatida yurasiz. Xuddi shunday meni ham shtatda bo‘sh joy bo‘lmagani uchun ishga olishmagan, lekin “olamiz” deyishgan. Keyinchalik rejissyor yordamchiligiga yarim shtatga olishgan. Bugun teatrda birinchi toifali aktrisaman. Vokzalda ham to‘liq shtatda ishlaganman. Temiryo‘l vokzalidagi vazifam portlovchi moddalar bo‘yicha mikroskop apparatini tekshirib, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashdan iborat. Ammo hozirda tug‘uruq ta’tilida farzandlarim tarbiyasi bilan bandman, deydi aktrisa.

Singlim “Xudo o‘zingizga hali ko‘p farzandlar beradi”, degandi

Asli surxondaryolik bo‘lgan aktrisa Malika Rahimova vokzaldagi hamkasbiga turmushga chiqqandan so‘ng, 5 yil davomida farzandli bo‘lmagani uchun singlisining qizini berishlarini so‘ragan.

– Bir kuni Surxondaryoga borsam, singlimning qizi ko‘zimga shunaqa shirin ko‘rindi. Xo‘jayinim ham, qaynonam ham kichkina qizchalarni yaxshi ko‘rishadi. Singlimga “Qizingni menga ber” deganman o‘shanda. U ham hazillashib “Oling” degandi. “Toshkentga o‘zim bilan olib ketay, bir oyda keyin olib kelaman” deganimda, xo‘p degandi. Olib kelganimdan keyin bir oy maza qilib jiyanimga qaraganmiz. Biram shirin, birovga ozori tegmaydigan qizaloq edi. Bir kuni oyijon “Malika, singlingizdan bir so‘rab ko‘ring bizga qizchasini bermasmikinlar” deb qoldilar. Bunga turmush o‘rtog‘im ham rozi bo‘ldilar.

Keyin singlimga bu gaplarni bildirganimda u “Opa, sizga ishonaman, qizimga mendan ham yaxshi qaraysiz. Unga mendan zo‘r ona bo‘la olasiz, bunga ishonaman. Lekin Xudo o‘zingizga beradi hali ko‘p farzandlar beradi” degandi. Yo‘q demasdan, chiroyli qilib tushuntirgan o‘shanda. Singlimdan biroz xafa ham bo‘lganman. Bolani ota-onasiga qaytarib berib yuborganimdan keyin men bir xonada, turmush o‘rtog‘im boshqa xonada yig‘lab olganmiz. Oyijon ham Mubina ketgandan keyin bir-ikki kuncha xonalaridan chiqmaganlar. Bugun esa o‘zim ham onaman. Singlimni tushunaman. Mendan ham farzandlarimni so‘rashsa, berolmas ekanman, deya izohlagan u.

“Allohning qanchalar mehribonligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim”

— Farzandli bo‘lishimizdan oldin xo‘jayinim bilan EKU qildirmoqchi bo‘lganmiz. To‘lovlarini ham qilmoqchi bo‘lgan jarayonlarda homilador ekanligim ma’lum bo‘lgan. Shifokor qabuliga borishimiz kerak bo‘lganda, bora olmaganmiz. O‘zlari qo‘ng‘iroq qilib chaqirishgan. EKU markazga borguncha test qilib ko‘rdim. Natijasini ko‘rib xursand bo‘lsam, turmush o‘rtog‘im “Hali xulosa qilishga shoshilma, yolg‘on bo‘lishi ham mumkin” degandilar. Ertasi kuni tahlillar topshirganimdan so‘ng javobi aniq bo‘lgan.

Teatrda bolajonlar uchun ertak-spektakllar qo‘yilardi. Rollarimda sakrab, yugurib ijro etiladigan sahnalar ham bor edi. Shunga qaramay o‘zimda hech o‘zgarish sezmagan ekanman. Allohning qanchalar mehribonligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Bu so‘z bilan to‘laligicha ifodalab bo‘lmaydigan xursandchilik bo‘lgan men va oilamiz uchun. Aslida farzandlarim 4 egizak bo‘lgan — ikki nafari bo‘lmay qoldi. Mayli, shunisiga ham shukr. UTT tekshiruvidan keyin turmush o‘rtog‘im hayajonlanganlaridan mashina boshqarolmaganlari uchun uyga taksida qaytganmiz. Hozir ana shu quvonchlarim ikki yoshdan oshdi, deydi Malika quvonib. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.