Mashhurlar

Najot izlab turmushga chiqqan, ajrashgan va yolg‘izlikka intilgan Nasiba Abdullayeva haqida

pic
Foto: Daryo.uz

Loading

San’atkor bo‘lishini faqat otasi qo‘llab-quvvatlagan, bolaligidan musiqaga qiziqqan va hali 20 yoshga to‘lmay turib bir qancha davlatlarda tanilib ulgurgan Nasiba Abdullayevadir. Xonandaning otasi Meklik Yormuhammedovning kelib chiqishi eroniy xalqlarga, onasi Xolchuchuk Halimqulova tojik millatiga mansub ayol bo‘lgan. Ular yetti farzandni dunyoga keltirib, tarbiyalashgan. O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Nasiba Abdullayevaning hayoti va ijodiy faoliyatiga Daryo nazar soldi.

“Bolaligimda ota-onamdan akkordeon olib berishini so‘rardim”

— “Millatingiz nima? Ozarbayjonlikmisiz?” degan savolni ko‘p berishadi. Aslida insonning hayotida millat u qadar muhim ahamiyatga ega emas. Chunki inson qayerda tug‘ilgan va tarbiyalangan bo‘lsa, baribir o‘sha yerga moslashib ketadi. Hatto slavyan bo‘la turib ham O‘zbekistonda tug‘ilgan bolalar o‘zbek bo‘lib ulg‘ayganiga guvoh bo‘lganman. O‘ninchi sinfni yakunlab, pasport olishga borganimda millati degan joyga o‘zbek deb yozishgan. Oilada yetti farzandning kenjasi bo‘lganim uchun ham erkatoy edim. Onamning muhabbatini his qilib tursam-da, atrofimdagi tashvishlarning ko‘prog‘i otamning zimmasida ekanini ko‘rib ulg‘aydim. Men ko‘ngildagi hamma orzu-niyatlarimni ochiq ayta olar, ular esa amalga oshirishga hamisha tayyor turishardi.

Orzularim boshqa qizlarnikiga o‘xshab “Falon ko‘ylakni yoki o‘yinchoqni olib bering” emas, balki “Musiqa to‘garagiga borgim kelyapti, akkordeon olib bering”, deganga o‘xshash edi, deydi Nasiba Abdullayeva.

“Xarakterim o‘g‘il bolalarga xos edi”

Xonanda tabiatan qizlar bilan unchalik til topisholmagani va qiziqishlari ham o‘g‘il bolalarga xos bo‘lganligi haqida so‘zlab bergan.

— Do‘stlarimning ko‘pchiligi o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Ular bilan birga yugurish, velosiped uchishni yaxshi ko‘rardim. Hatto gapimiz bir-biriga mos kelmasa, mushtlashib ham ketardik. Shunday bo‘lsa-da, maktabdagi eng aʼlochi o‘quvchilardan biri edim. O‘ninchi sinfga qadar faqat aʼlo baholarga o‘qiganman, deydi xonanda.

“Otamdan boshqa hamma xonanda bo‘lishimga qarshi bo‘lgan”

Nasibaning sanʼatga qiziqishi va kuylash qobiliyatini ko‘rgan dadasi uni qo‘llab-quvvatlab, musiqa to‘garagiga olib boradi.

— Sanʼatkor bo‘lishim kerakligini bilgan va bunga ishongan faqat otam bo‘lgan. Akalarim sanʼatkor bo‘lishimga biroz qarshilik qilishgan, faqatgina dadam men tomon edi. Shunday vaziyat ham bo‘lganki, dadam rahmatli “Qizning otasi menman, tirik ekanman, uning tarbiyasi ham, yurish-turishi ham, hammasi mening bo‘ynimda. Shuning uchun gapirmanglar. Unga o‘zim oq fotiha berganman, sanʼat yo‘lidan ketadi”, degan. Musiqaga faqat qiziqish va qo‘shiqlarni o‘zingcha o‘rganib, ijro etishni o‘zi yetarli emasligini ham dadam juda yaxshi tushungani bois doim qo‘llab-quvvatlagan. Meni Samarqand ofitserlar uyi qoshida joylashgan harbiylarning farzandlari uchun mo‘ljallangan musiqa studiyasiga o‘qishga joylashtirgan. Ro‘zg‘or yuki dadamning bo‘ynida bo‘lgani uchun sahardan to qosh qorayguncha ishlashga majbur edi. Ammo hamisha men uchun vaqt topardi. Yoz jaziramasida ham, qish qahratonida ham studiyaga olib borib kelishga vaqt topardi, deydi Nasiba Abdullayeva intervyularining birida.

“Maktabda ishlaganman”

U paytlarda oliy o‘quv yurtlari juda kam edi. Imtiyozli attestatni qo‘lga kiritgan Nasiba Abdullayevaga Samarqanddagi arxitektura institutiga hujjat topshirishni maslahat berishadi. Chunki bu institut uning uyiga ancha yaqin edi.

— Institut xodimlari “Uyingiz oliy o‘quv yurtiga yaqin ekan, sizni kechki bo‘limga o‘qishga qabul qilamiz”, degandi. “Maktabda o‘n yil davomida faqat aʼlo baholarga o‘qiganman. Nima uchun institutda kechki bo‘limda o‘qishim kerak?”, deb hujjatlarimni qaytarib olganman. Musiqiy studiyaning diplomi bilan maktabga ishga joylashganman, deydi Nasiba Abdullayeva.

“Botir Zokirov meni hali mashhur san’atkor bo‘ladi, degan”

Nasiba Abdullayevaning ovozidagi nazokatni payqash unchalik qiyin emasdi. Botir Zokirov ham 18 yoshli Nasibaning qobiliyatini yuksak baholaydi va kun kelib u mashhur sanʼatkor bo‘lishi haqida aytadi.

— 1980-yil O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari o‘tkazildi. O‘sha paytda 18 yoshda edim, Samarqand filarmoniyasida ishlardim. Meni Ozarbayjondan kelgan orkestr bilan qo‘shiq ijro etish uchun Toshkentga taklif etishdi. Konsert dasturiga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtimizda eshikni qiya ochgan holatda kimdir meni eshitayotganini sezdim. Darrov o‘sha tomonga ko‘z yugurtirib, eshik oldida turgan odamni tanigach, oyog‘imning uchigacha muzlab ketganman rosti. Sababi buyuk sanʼatkor Botir Zokirov eshikni ochib, meni tinglab, kuzatayotgan ekan. Repetitsiya tugaganidan so‘ng biz foyeda ko‘rishib qoldik. O‘shanda ular “Tog‘ bulog‘idek toza ovozing bor ekan, ovozingni asragin. Eng muhimi, yoshgina qizcha ekansan, hozirgi maʼsumiyatingni, kamtarligingni va sanʼatga muhabbatingni asragin”, degan edi. Botir akamning bu so‘zlari har doim quloqlarim ostida jaranglaydi.

Keyinchalik Botir aka ukasi Farrux Zokirovga “Agar hech kim xalaqit bermasa, o‘z ustida ishlashni tashlab qo‘ymasa, u qizcha sanʼat olamida uzoqqa boradi. O‘sha kunlarni men ko‘rarmikanman?”, degan ekan, deydi Nasiba Abdullayeva.

“18 yoshda turmushga chiqqanimning sababi bor edi”

Nasiba Abdullayeva karyerasida juda erta muvaffaqiyatga erishadi. 18 yoshida uni butun Markaziy Osiyo davlatlari taniydi, ko‘plab gastrol safarlariga taklif qilishadi. Ammo o‘sha davr sanʼatining yozilmagan qoidasi bor edi. Yaʼni tezroq turmushga chiqib, oilali bo‘lmasa, odamlarning u haqidagi tasavvurlari yomon bo‘ladi. Shu bois xonanda 18 yoshida ozarbayjonlik gitarachi Eldor Abdullayevga turmushga chiqadi.

— O‘shanda shunaqa yoshda edimki, men uchun insonni juda yaxshi bilib-bilmasligim ikkinchi, beshinchi, o‘ninchi o‘rinda edi. 18-19 yoshda u insonning kimligi, qanaqaligini o‘ylaydigan aql-idrokimiz bo‘lmaydi. Bu inson senga bugun qanchalik kerak va bu insonning yonida o‘zingni qanchalik baxtli his qilyapsan, degan savollar birinchi o‘rinda turadi. Menimcha, hammada shunaqa bo‘lsa kerak. Sanʼatga kirib borganim yaqinlarim orasida ham har xil munosabatlarga sabab bo‘lgani uchun va u munosabatlar baʼzan shunchalik chuqurlashib borar ediki, haqiqatan juda ko‘ngilni og‘ritadigan darajaga kelardi. Oila qurishimga birinchi sabab turmush o‘rtog‘imga nisbatan yoshlikda mehr qo‘yganim bo‘lsa, ikkinchi sabab yaqinlarimni menga bo‘lgan negativ munosabatiga chek qo‘yish edi. Shuning uchun oila qurish taklifi kelganida, u yoq-bu yoqni unchalik o‘ylamasdan, javob berganman.

Shundan keyin “Mana oilali bo‘ldi, bizning zimmamizdan masʼuliyat ketdi, endi singlimiz uchun xotirjam bo‘lsak bo‘ladi”, degan fikrga borishadi, hammaning ko‘ngli tinchiydi, deb o‘ylaganman.

Lekin o‘shanda dadam turmushga chiqishimni xohlamagan. “Sanʼatkor bo‘laman, orzularim bor, degan eding. Menga boshqa gaplarni gapirganding. Endi nimaga shoshib turmushga chiqish yo‘lini tanlading?”, degan. Ammo dadam qarorimga hurmat bilan yondashib, javob bergan, deydi sanʼatkor.

Xonanda 20 yillik turmushidan ajralgan

Nasiba Abdullayeva 1981-yil to‘ng‘ich o‘g‘li Anvarni, olti yildan so‘ng kichik o‘g‘li Akbarni dunyoga keltiradi. U o‘sha paytda ham shaxsiy hayoti haqida gapirishni istamasdi. Shu kungacha 20 yillik turmushining buzilish sabablarini ham ochiqlamagan.

— Har bir insonning o‘z tanlovi bor. Men sirli bo‘lishga intilmayman, shunchaki shaxsiyatni ochish tabiatan menga begona. Nafaqat ijodda, hayotda ham shundayman, deydi xonanda.

“Bolalarim sog‘ bo‘lsa bo‘ldi, deb o‘zim baxtsiz bo‘lishni istamadim”

Hayotimda yolg‘izlikka intilgan paytlarim bo‘ldi. Dardlarimga darmonni shundan qidirib, shundan topdim. Lekin tabiatan yolg‘izlikni sevadigan, faqat unga intiladigan odam emasman. Doim odamlar bilan bo‘lishga, atrofimda men sevgan, meni tushunadigan insonlar bo‘lishiga harakat qilaman.

Baxtimni o‘zim yarata oldim, nazarimda. Baxtim tomon qadam qo‘yish uchun o‘zimda kuch topa oldim. Oldimda bir nechta yo‘l bor edi, ko‘pchilikka o‘xshab bolalarim baxtli, sog‘ bo‘lsa bo‘ldi deyishim mumkin edi, ammo ular baxtli-saodatli bo‘lishi uchun o‘zim baxtsiz bo‘lishim kerak degan shart turadimi? Yoki men baxtli bo‘lsam, bolalarim baxtsiz bo‘ladimi? Yoki inson o‘zi baxtli bo‘lgan taqdirda birovni baxtsiz qilgan bo‘ladimi? Nega inson bir vaqtning o‘zida o‘zi ham baxtli, yaxshi ona, bolalari ham xursand bo‘lishi mumkin emas? Nima uchun shu narsalarni birga qabul qilolmaymiz? Agar intilsak hammasi bo‘lishi mumkin, deydi Nasiba Abdullayeva.

“Ko‘nglimni og‘ritganlarni unutib yubora olmasligimdan azoblanaman”

— Kechirimlilikni olijanob fazilat deb hisoblayman. Kechirish yo kechirmaslik har bir insonning o‘ziga havola qilingan bo‘lishi kerak. Birovni kechirgani uchun ham, kechirmagani uchun ham ayblab bo‘lmaydi. Men ko‘nglini og‘ritgan, ranjitgan narsani yuz foiz qalbidan chiqarib tashlay olganlarga faqat havas qilaman. Shaxsan o‘zim nima bo‘lishidan qat’i nazar, juda tez kechiraman, lekin hech qachon esimdan chiqarolmayman. Bo‘lib o‘tgan voqealarni ham, ko‘nglimga yetgan ozor, og‘riqni ham, afsuski, yodimdan chiqarolmayman. Bu xususiyatimni juda yomon ko‘raman. Bundan birov ozor topmaydi, faqat o‘zim qiynalaman, deydi u.

“Uyimda Farrux Zokirov doim o‘tiradigan stul bor”

— San’at olamidan juda kamdan kam insonlar do‘st sifatida uyimga kelib ketadi. Uyimga kirishga botinishmaydi-yu, ammo shogird sifatida uyimga gul ko‘tarib keladiganlar juda ko‘p. Kaniza, “Sharq” guruhi birorta bayramda kelib-ketishni kanda qilmaydi. Hammasini aytsam, juda uzun ro‘yxat bo‘lib ketadi. Do‘st sifatida, uyimda mehmonxonada Farrux Karimovichning har doim o‘tiradigan stullari bor. “Yalla” guruhi ham keladi, ammo Farrux aka bir o‘zlari ko‘p kelib turadilar. Sevara Nazarxon ham keladi, ovqatlarimni juda yoqtirishadi. O‘zi umuman, san’at olamida do‘stlikni qanday saqlab qolsa bo‘ladi?

Xohlaymizmi, yo‘qmi, san’atda raqobat bo‘ladi, chunki hammamiz san’atkormiz. Yo‘nalishimiz bir-biriga o‘xshaydimi, yo‘qmi, xalqqa olib chiqib berayotgan mahsulotimiz bitta — san’at asari. Raqobat bilan bir-birini yoqtirmaslik o‘rtasida katta farq bor. Bu yerda insonning tarbiyasi yuzaga chiqadi. Farrux Karimovich bilan yaqinlashib ketganimizga sabab mendan yoshlari ancha katta bo‘lsa ham bir davrning odami bo‘lganimiz, menimcha. Ulg‘ayayotgan, tarbiya olayotgan paytimizda bir xil tushunchalar qadrlangani uchun, olgan tarbiyamiz ham bir-biriga o‘xshagani uchun bo‘lsa kerak. Umuman, bir-birimizni tushunishimiz juda oson, deydi Nasiba Abdullayeva.

“Mashhurlik meni tark etsa, hayot tugaydi degani emas”

Nasiba Abdullayeva ijodi davomida bir muddat ekranlarda ko‘rinmay qoldi. Ammo vaqt o‘tib, u o‘zida kuch topib, yana estrada olamiga qaytdi.

— Nasiba Abdullayeva bo‘lib odamlarga tanilgan paytimgacha bo‘lgan hayotimni hayot emas edi, deyolmayman. Bolaligim, yoshligim, ijodiy davrim, mashhurlik va uning mevalari keldi. Bu hayotimning bir davri. Agar mashhurlik meni tark etsa, hayot tugaydi degani emas. Mezon mana shu. Menimcha bu noshukrlik bo‘lgan bo‘ladi. Men hech qachon eng mashhur davrlarimni “Hayotimning eng mag‘zi mana shu, agar bu payt o‘tib ketadigan bo‘lsa, unda hayotning ma’nosi qolmaydi”, deb qabul qilmaganman. Baxt bilan birga og‘riqni ham his qila olish qobiliyati borligini ham baxt, tiriklikning bir belgisi, deb bilaman, deydi u.

“Davlat tadbirlarida ko‘rinmagan bo‘lsam, demak, chaqirilmaganman”

Xonanda bir muddat xalq bayramlari, davlat tadbirlarida sahnada ko‘rinish bermagani sababini quyidagicha izohlaydi.

— Davlat tadbirlariga faqat men emas, men bilan bir qatorda bo‘lgan boshqa san’atkorlar ham aytilmay, chaqirilmay qo‘yilganiga ancha bo‘lgan. Davlat tadbirlarida hozirgi kunda avlod o‘zgardimi, bilmadim. Ba’zida “Bayramlarga yarashmaydigan darajada nahot shunchalar eskirib ketdik”, deb o‘ylab qolaman. Har holda chaqirilayotgan joylarimdan hech qachon bosh tortmayman. Davlat tadbirlarida ko‘rinmayapmanmi, demak, chaqirilmaganman, deydi xonanda.

Hozirgi kunda Nasiba Abdullayevaning Toshkent to‘ylaridagi birrov xizmati narxi 1500 dollar etib belgilangan.

“Rus qizni kelin qilganman”

Nasiba Abdullayeva boshqa millat qizini kelin qilgani va qaroridan hech qachon afsuslanmasligini ham aytib o‘tgan.

— O‘g‘lim Anvar 30 yoshga qadar uylanish haqida o‘ylamadi. Bir kuni rus qizni yoqtirib qolganini aytdi. Uchrashdik, bir ko‘rishda u qizga ko‘nglim tushdi. U iqtisodchi, ishga ertalab ketib, kechga qaytadi. Kelinlik vazifasi sabab karyerasi to‘xtab qolishini istamayman. Sevimli ishi bilan shug‘ullanib, pul topishiga qarshi emasman. Rus kelin uy ishlarini qila oladimi, deb ko‘p so‘rashadi. Shu kungacha unga biror ishni qilishga majbursan demaganman. Majburlab bajarilgan ish bilan ko‘ngli istab qilinganining o‘rtasida katta farq bo‘ladi. Yaxshi inson millat tanlamaydi, men kelinimdan hamisha mamnunman, deydi xonanda.

“Xipchabellik onamdan o‘tgan”

Nasiba Abdullayevaning hamisha ozg‘in va xipchabel yurishi bilan bog‘liq mish-mishlar ham tarqalgan. Baʼzi muxlislar jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani va beliga maxsus moslama joylashtirilgani haqida aytishadi. Xonandaning og‘ir kasal ekanligi haqidagi mish-mishlar ham quloqqa chalingan.

— Og‘ir kasallikning yakuni bo‘lishi kerak, men ijodni boshlaganimdan buyon qomatim o‘zgarmagan. Xipchabellik oilamizga xos, hatto onam ham 80 yoshida chiroyli qomat egasi edi. Bolalikdan to‘yib, bir porsiya ovqatni yemasdim. Sababini bilmayman, ammo tanam ko‘p ovqat yeyishni istamaydi. Kam-kam va tez-tez ovqatlanaman. Ko‘pchilik odamlar kuniga 3 mahal ovqatlansa, men 5-6 marta dasturxonga o‘tirishim mumkin. Ammo yeguliklarim porsiya jihatidan juda oz bo‘ladi, deydi Nasiba Abdullayeva.

Nasiba Abdullayeva plastik jarrohlik amaliyotiga rozimi?

— Plastik jarrohlikka agar zaruriyat yuzasidan, did bilan qilinsa hech qarshiligim yo‘q. Vaqti-soati bilan zaruriyat tug‘iladigan bo‘lsa, o‘zim ham murojaat qilaman. Ammo shunchaki husnini butunlay o‘zgartirib tashlash hanuzgacha men uchun tushunarsiz holat. Bu insonning ichida, psixologik tarafdan qanchalik katta muammolar borligidan darak beradi. Yuzini kino yoki multfilm qahramonlarining yuziga o‘xshatish uchun jarrohlik amaliyotiga murojaat qiladiganlarni eshitganman, hatto. So‘nggi paytda o‘zbek shou-biznesida ham lab va qomatini o‘zgartirayotganlar ko‘p uchraydi, shunga e’tibor berdim, deydi xonanda.

“Meni yig‘latish qiyin”

— Men tom ma’noda ko‘z yoshi to‘kib yig‘lashim qiyin. Bu degani men yuragi tosh, umuman yig‘latishning imkoni yo‘q degani emas. Ko‘nglim baqirib yig‘lab yotgan bo‘lsa ham, tashqariga juda kamdan kam holatlarda chiqishi mumkin — tabiatim shunday. Tanqidlardan hech qachon yig‘lamaganman. Ko‘ngilga tegadigan tanqid bo‘lganida ham bekorga bo‘lmaydi. Hatto nohaq tanqid ham bekorga bo‘lmaydi. U kimningdir sizga bo‘lgan munosabatini belgilaydi. Hammaga birdek yoqishning iloji yo‘q baribir, deydi u.

Xonanda bo‘sh vaqtida nimalar bilan shug‘ullanadi?

— Men kitob o‘qiydigan paytimda uy jimjit bo‘lishi, hech qanday harakat bo‘lmasligi kerak. Shu sababli tonggi soat 4 larga borib uxlayman. O‘zim majburlab bo‘lsa ham boshqa rejimga o‘rgatolmayapman. Shuncha yoshga chiqib ham, uxlaydigan vaqtim o‘sha. Bolalar, nevaralar kirib ketganidan so‘ng mening vaqtim boshlanadi. Uyqum kelgunicha yo kitob o‘qiyman, yo biror ma’noli film tomosha qilaman, deydi u.

Nasiba Abdullayeva avvalgidek jo‘shqin ijodda emas. Ammo katta davlat tadbirlarida ko‘rinish berib, muxlislarini xursand qiladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.