Mashhurlar
“Bobomning familiyasini olganimda otam mendan xafa bo‘lgan”. Ali Otajonov mashhur sulola vakili bo‘lish mas’uliyati haqida
O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonovning nevarasi, aktyor va xonanda Ali Otajonov “Mening yurtim” telekanalidagi “O‘zimizning gap” ko‘rsatuviga bergan intervyusida u nima sababdan bobosining familiyasini olgani hamda hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tobora “urf” bo‘lib borayotgan qora piar va bachkanaliklar xususida fikr va xulosalarini aytib o‘tdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Bobomning familiyasini olib otamni xafa qilganman…”

— Asli ism-familiyam — Alisher Urazmetov Rashidovich. Buvam va buvimlarning qo‘lida katta bo‘lganim uchun va yana aynan o‘sha vaqtda Otajonovlardan yana san’atkor chiqishi kerak bo‘lgan vaqtlar edi. Ularning izidan oilamizda menga o‘xshagan va mendan ham yaxshiroq iqtidorli nabiralar bor. O‘sha paytda buvamga “buva, men ham Otajonov bo‘lib chiqsammikin?”, desam, ular rozi bo‘lganlar. “Yaxshi bo‘ladi, yana bir Otajonov chiqadi, sen mening bolamsan-ku”, degandilar. U vaqtlar familiya o‘zgartirish qiyin edi — jarayonlari uzoq mehnat va vaqt talab qilardi.
Bobom Ortiq Otajonovning familiyasining mas’uliyatini bilib, tushunib olganman. Lekin otam o‘shanda bundan xafa bo‘lganlar. Hozir endi to‘g‘ri tushungan bo‘lsalar kerak, deb o‘ylayman. Chunki dadamning o‘zlari ham bobom rahmatlini yaxshi ko‘rardilar, san’atga qiziqardilar, doim yonlarida bo‘lardilar. Qaysidir ma’noda bu aybimni yuvdim. Ya’ni besh yil davomida Xudodan so‘ragan farzandim Maryamxonga Rashidova familiyasini ya’ni otamning ismini qo‘ydim.

O‘zi aslida qoidasi bo‘yicha ham shunday bo‘lishi kerak. Ammo baribir o‘shanda otamni xafa qilganman, buning uchun ulardan kechirim so‘rayman. Qaysi darajada noto‘g‘ri, balkim to‘g‘ri ish qilgandirman, menimcha hozir otam mendan faxrlansalar kerak, deb o‘ylayman, deydi xonanda.
“Hozir imkon qadar qora PR va bachkanalik bo‘lsa, ko‘rilishlar ‘yaxshi’ bo‘lyapti”
— Hozir nafaqat ijodkorning o‘zida, balki qo‘shig‘ida ham bir “qiliq” bo‘lishi kerak bo‘lib qoldi. Qanaqadir bir “fishka”si bo‘lishi va u imkon qadar bachkana bo‘lishi ham kerak. Undan keyin, haqiqat achchiq bo‘lsa ham aytaman, Instagram’dagi reelslarda kliplar, oddiy yaxshi narsalar ko‘rilmayapti. Ko‘rilishi uchun nafaqat san’atkorning o‘zida, qo‘shig‘ida ham bachkanalik yoki bir “qiliq” bo‘lishi kerak. Imkon qadar qora PR bo‘ladigan bo‘lsa, ko‘rilishlar “yaxshi” bo‘lyapti, menimcha. Unaqa narsalar qilib ko‘rmaganman va kerak ham emas bunday bachkanaliklar.

Chunki menda hammasi yaxshi, ya’ni holatimga shukur qilaman. O‘zim xohlagan orzularga yetishib kelyapman Allohga shukur. San’atda porlab, hamma tomonda qo‘shiqlarim jaranglashiga u qadar qiziqmayman. Hamma xonandalarni o‘ziga yarasha tinglovchilari bo‘ladi. Chiqaradigan qo‘shiqlarimga negativlar deyarli bo‘lmaydi. Bo‘lsa ham o‘n foizgina bo‘lishi mumkin. O‘zimga xos muxlislarim bor, lekin biz kamchilikmiz. Shunday bo‘lsa-da, boriga shukur qilamiz.
“Ko‘pchilik bir minus tomoningizni topish harakatida bo‘ladi”
— Tomoshabin hamma narsada ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatadi. Hozir hamma deyolmayman, lekin ko‘pchilik bir minus tomoningizni topish harakatida bo‘ladi. Yaxshi tarafingizdan ko‘ra bir kamchiligingiz qiziqroq ularga. Va shu kamchilikni ushlab qochib yurish zimmamdagi og‘ir narsa. Juda ham ehtiyot bo‘lish kerak, oilamga, Otajonovlar nomiga dog‘ tushirish kerakmas, degan qonunlar aslida meni ko‘p narsalardan ushlab turadi. Ichimda yonib turgan narsalarning hammasini ham qilolmayman. Bunday hayotda yashasangiz xato qilmaslikka harakat qilarkansiz. Va bu yaxshi narsa deya olaman, deydi Ali Otajonov.

Ma’lumot uchun, Ali Otajonov 1987-yil 30-iyulda Xorazm viloyatida tavallud topgan. Xonandaning “Armonimsan”, “Hayot”, “Biri sansan biri man” qo‘shiqlari sevib tinglanadi. Bundan tashqari u bir qator filmlarda ham suratga tushgan.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


