Mashhurlar
“Unga janoza o‘qilmasin, degan qog‘oz tarqalgan”. Mirkomil Musayev “Million”dan ketishi sababi va o‘zini izlayotgani haqida
“Million” kulgi jamoasi tashkil topgandan buyon yelkama-yelka turib ijod qilgan, muxlislar nazariga tushgan, asl kasbi jurnalist bo‘lgan Mirkomil Musayev bundan ikki yil avval san’atni tark etdi. Jamoaning sobiq a’zosi bu qarorga qanday kelgani, hozirda nima ish bilan shug‘ullanishi, oilasi va xotirjamlik topgani haqida YouTube’dagi “Chotki TV” kanalida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
Mirkomil Musayev “Million” jamoasini nima sababdan tark etgan edi?
— Bo‘lgan ishlarga afsus qilish kerak emas. O‘tgan narsalarni unutib, yangilikka qarab intilaverish kerak. Qanday yashab o‘tganingiz emas, buyog‘iga qanday yashashingiz muhimroq. Xudoga shukr, halovat topdim. Konsertdan ketganimda buning sababini aytganman — vaqti-soati keldi, jamoadan ketish qarorini qabul qildim. Bu fikrga darrov kelganim yo‘q, 2017-yilda jamoa bo‘linganida san’atni tark etish xohishi ilk marta shunda kelgandi. Men “Million”ni emas, san’atni tark etdim. Keyingi yillarda Davronga san’atni to‘xtatishim haqida ko‘p aytib kelardim. “Million” jamoasi chiqqanidan buyon yelkama-yelka turib Umid, Alisherlardan keyin men ham ketdim. Ketishimga pul yoki boshqa narsalar sabab bo‘lmadi, faqatgina ichki xohish bilan bo‘ldi, deydi Mirkomil Musayev.
“Odamlarning yuziga kulgi ulashsak, masxaraboz deb atashadi”
— Hozir ijtimoiy tarmoqlarda sherigim bilan futbolga oid podkast boshlaganmiz. Bilasiz, futbol muxlislari erkaklar qiziqqon, tez-tez javob yo‘llab tashlashadi. Ko‘p uchraydigan izoh “Masxarabozga bu yerda nima bor?” deb yozishadi. Men masxaraboz ekanman. Mayli, o‘zimni oqlab men unday emasman, deb o‘tirmayman. Odamlarni kuldirganmisan, bo‘ldi-da, deydi. Lekin bir insonning o‘zidan bunday hukm o‘qib qo‘yish noto‘g‘ri. Men hazillarda odamlarga ko‘zgu bo‘lishni xohlaganman, deydi sobiq qiziqchi.
Agar Davron Kabulov tomonidan “Million”ga qaytish taklifi berilsa, Mirkomil Musayev jamoaga qaytadimi?
— Men guruhdan chiqib ketganimdan so‘ng, yigitlar 4-konsertni taqdim etishdi. Shunda Davronga qo‘ng‘iroq qilib, duo qilib, omad tiladim. “Davron, yaxshimisizlar, hamma salomatmi?” deyishim bilan “Aka, kelyapsizmi? Fikringizdan qaytdingizmi?” dedi. Bir narsani aytishim mumkin, menga “Million”ning eshiklari doimo ochiq, deb o‘ylayman. Lekin bu narsa ortga qaytmaydi, tanlov o‘zimda bo‘lgan.
Xoh “Million”ning yangi tarkibi, xoh “Dizayn”, xoh “Maksimum” deylik, hech kim bilan munosabatim buzilmagan. Hammasi bilan yorug‘ yuz bilan ko‘rishaman. Hech kimning dilini og‘ritib qo‘ymaganman, deb o‘ylayman. Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rayman. Yigitlar doim omon bo‘lishsin, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin, deydi u.
“Konsertlarimni ota-onam bilan o‘tirib ko‘rolmayman”

— 2013-yilda “Million” birinchi marta chiqqanida juda ko‘p xato, kamchilik o‘tgan, beparda hazillar bo‘lgan. Buni tan olaman. Keyin yildan yilga jamoadoshlarga ham aytib, noo‘rin sahnalarni olib tashlash taklifini berganman. Shaxsan o‘zim konsertni ota-onam bilan birga ko‘rolmayman. Yaxshi yoki yomon bo‘lgani uchun emas, shunchaki birga o‘tirib tomosha qilolmaganman. Balki oxirida beradigan xulosalaridan cho‘chigandirman. Lekin oshirib yuborgan joylarimizda doim aytishgan, deydi jamoaning sobiq a’zosi.
“Iskandar Hamroqulov va Mirkomil Musayevga janoza o‘qilmasin”
— 2017-yildagi konsertda to‘y sahnasi bor edi, shunda so‘z o‘yini qilib aytgan bir gapimni odamlar noto‘g‘ri talqin qilib yuborgan. Hozir “Ey, nima maqsadda aytganingni hamma biladi-ku” deyishar. Lekin Alloh guvoh, maqsadim umuman boshqa bo‘lgan. Shuning oqibatida bir-bir yarim yildan keyin Telegram’da “Iskandar Hamroqulov va Mirkomil Musayevga janoza o‘qilmasin”, degan mazmundagi bir feyk qog‘oz surati tarqab ketgan, go‘yo Musulmonlar idorasidan berilgan fatvo sifatida. Shunda shu darajada ko‘p odam qo‘ng‘iroq qilib, nima bo‘lyapti, nima gap o‘zi, deb so‘ragan. Men qo‘rqmaganman, sababi buning yasama ekanini bilganman. Lekin ota-onam uchun juda qo‘rqqanman. Chunki ularning qo‘liga ham yetib borsa, buning yolg‘onligini tushunishmasdi. Yurakka og‘ir botib, har narsa bo‘lishi mumkin edi. Ammo ularni qidiruvga berib, iziga tushmaganman. Faqatgina Alloh kifoya qilsin, deganman bo‘ldi, deya gapirib berdi u.
“Otamga eski ‘Zaporoj’da yurgani sabab qo‘l ko‘tarishgan”
— Ota-onamning biri 70, biri 71 ga kirdi, ikkisi ham sog‘-salomat. To‘g‘ri tarbiya, halollik, odamning ko‘rinishiga qarab ajratmaslik — hammasini ota-onamdan o‘rgandim. Ularni Haj safariga yuborishni niyat qilganman, Umra ziyorati nasib qilgan, shukr. Yoshligimdan otamning salobati bosib, ulardan hadiksirab turardik. Ko‘p narsalarni onam orqali gaplashardik. Ziyoli oila bo‘lganimiz bilan, moddiy taraflama qiynalib o‘sganmiz. Dadamda oq “Zaporoj” mashina bo‘lardi, biz juda qadriga yetardik. Ochiqdan-ochiq emas, ammo ba’zi davralarda, odamlarning ichida past nazar bilan, achingandek qarashlarini sezardim. Bir voqeani aytib beraman. Dadam “Zaporoj”da “Farhod” bozoriga borganida men tengi bir odamni turtib yuborgan. Vaziyatni tushuntirib berguncha 3-4 kishi otamni o‘rtaga olib, qo‘l ko‘tarishgan. Bu oddiy mashinada yurar ekan, hozir biror nimani bahona qilib qochib ketadi, deb o‘ylashgan. Shu voqea menga qattiq botgan. Mashina bu o‘lchov emas-ku axir.
Bir imkoniyat bo‘lsaki, yaxshiroq mashina sovg‘a qilsam deb, 2013-yilda qarz-havola qilib, Matiz olib berganman. Kichik narsa bo‘lsa-da, buning lazzatini haligacha unutmayman. Mashina olayotganimda o‘zlariga aytmaganman. Ozgina soddaliklari bor, notariusda ham bir narsaga qo‘l qo‘yib bering, deb qo‘ydirib olganmiz. Notarius xodimi “Mashinani ko‘rib oldingizmi, hammasi joyidami?” deganidan keyin dadam “Hozir biz mashina oldikmi?” degan. Ha, oldik, deb ularga sovg‘a qilganman. Shu lahzalardagi ota-onamning ko‘zidagi quvonchni unutmayman, deydi u.
“Million”ning sobiq a’zosi hozirda nima ish bilan shug‘ullanadi?

— Katta sahnadagi faoliyatim 2009-yilda “QVZ”dagi konsertda boshlangan. O‘shanda “Dizayn” ham, “Bravo” ham, “Million” ham birga bo‘lgan. 2011-yilda Artel kompaniyasiga ishga kirganman va hozirgi kungacha Akfa Holding kompaniyasida ishlab kelyapman. Orada shu xoldingning bir nechta tarmoqlarida faoliyat yuritdim. Bundan tashqari, fevral oyidan buyon xususiy universitetda amaliy maslahatchi bo‘lib ham ishlayman. Rizq beruvchi Alloh, oldin ham, hozir ham shukr, qanoat qilib yashayman. San’atni boshlaganimning o‘zidayoq qachondir tugatish fikri bo‘lgan. Boshqalarga o‘xshab oxirigacha shundan pul topaman, demaganman. Asosiy ishim yuqoridagilar, san’at xobbi bo‘lgan. San’atning nonini yeyishning qiyinchiligi ko‘p. Xulosalarimdan kelib chiqib, kimgadir san’atni tanlashni tavsiya qilmayman. Farzandlarim ham san’atkor bo‘lishini istamayman, bu sohani tanlashadi deb ham o‘ylamayman, deydi u.
“Hozir o‘zligimni qidiryapman”
— Bu dunyoning lazzatlariga hirs qo‘yib, chalg‘ib qolamiz. Birovning diliga ozor berib qo‘ymaganmanmi, omonatga xiyonat qilmaganmanmi, hech kimdan qarzdor emasmanmi, deb qo‘rqaman. Xatolarim ko‘p, to‘g‘rilay olmasligimdan afsus qilaman. Har kim ham o‘limdan, savol-javobdan qo‘rqsa kerak. Lekin yana qo‘rqadiganim — buni unutib qo‘yish. Hozir olayotgan nafasim qaytib chiqmasligi mumkinligini unutib qo‘yamiz ba’zan. Hozir menda o‘ylovlar, o‘zimga bergan savollarim bor. Ba’zilariga hali ham yechim topmaganman. Mirkomil hozir asliyatini, o‘zligini qidiryapti, deydi sobiq san’atkor.
“Oliy ma’lumotli jurnalist, filologman”
— Men aslida bakalavrda o‘zbek filologiyasi yo‘nalishida tahsil olganman. Magistraturada ikki yil oliy jurnalistika kursini tamomlaganman. Soham — jurnalist, filolog, pedagog. Lekin bu yo‘nalishlarda emas, san’atda faoliyat yuritganman, asosiy ishim esa savdo-sotiq sohasi bo‘lgan. O‘sha paytda bir oyda 15 ta kitob o‘qish majburiy edi, lekin shuni ham qoyillatib o‘qimas edik. Tan olishim kerak, yaqin kunlargacha kitob o‘qimay qo‘ydim, ammo buyog‘iga o‘qish niyatim bor, deydi Mirkomil Musayev.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


