Mashhurlar
Qo‘shiqchi O‘ktam Hakimov “Ismigul”ning yaratilish tarixi haqida so‘zlab berdi
“Ismigul” xit qo‘shig‘i ijrochisi O‘ktam Hakimov ilk bor taronaning yaratilish tarixi hamda oilasi haqida so‘zlab berdi. Daryo maqolasi shu haqida.
Tojikistonlik o‘zbek
—Ota-onam Tojikistonda yashagan bo‘lishsa ham aslida o‘zbek bo‘lishgan. Otam farg‘onalik bo‘lganlar. Ko‘cha-ko‘yda tojikcha, ruscha gaplashganimiz uchun uyda oilamdagilar bilan o‘zbekcha gaplashishga qiynalardim.
Oilada besh farzand: ikkita opam va uchta o‘g‘il bo‘lganmiz. Urush vaqtida bitta ukam rahmatli bo‘lib ketgan. Onam Tojikistonda o‘zbek tilidan dars berardilar. Otam paxta zavodida mexanik bo‘lganlar. Katta opam rus tili o‘qituvchisi, ikkinchi opam tibbiyot yo‘nalishidan ketganlar. Ukam rahmatli esa yaxshi qo‘shiqchi bo‘lgan. Ovozi yaxshi edi. O‘zim uni konsertlarga olib yurardim, deydi xonanda.
“Gitara olish uchun onamdan qarz so‘raganman”
Xonanda akasining gitarasini u yo‘q vaqtlari mashq qilib o‘rganadi. Bunday qilishiga sabab esa akasi uning gitarasida ukasining foydalanishini xohlamasligi edi. O‘ktam yettinchi sinfda o‘qib yurgan kezlari onasidan pul olib o‘ziga elektr gitara sotib oladi.
— U paytlar elektr gitara qimmat turardi. Pulim yo‘q bo‘lsa ham rosa gitaram bo‘lishini xohlaganman. Chunki musiqiy guruhda ishlagan vaqtlarim gitarani faqat ijaraga olib foydalanardik. Shunda onamning oldiga bordim-da, “Iltimos, onajon, gitara olishimga qarzga pul berib turing. Ishlab qaytaraman”, dedim. O‘sha vaqtlar ustozim va uning o‘g‘li, qizi va jiyani bilan to‘ylarga chiqardik. Guruhda men baraban chalardim. 1978-1979-yillarda har hafta to‘y bo‘lardi. Har bir to‘ydan 45 rubldan olardim. Agar bir oyda to‘rtta to‘y bo‘ladigan bo‘lsa, bir oyda 160 rubl ishlab topardim. Shuning uchun ham onamga pullarini qaytarishga ko‘zim yetgandi.
Asli Tojikistonning Dushanbe shahrida tug‘ilgan O‘ktam Hakimov 32 yoshida ilk bor Toshkentga keladi. “O‘zbekiston” mehmonxonasini ko‘rishni niyat qilgan xonanda uni bir ko‘riboq Moskvaga ketish fikridan qaytib shu yerda qolishga qaror qiladi.

— Toshkentga borsam, albatta mana shu mehmonxonaga borib ko‘raman, derdim. Mana endi mehmonxona oldiga keldim, ko‘rdim, orzumga yetdim. Toshkentga kelmasimdan avval Moskvaga ketish niyatim bor edi. Lekin shunday chiroyli bog‘-rog‘larni, mehmonxonani ko‘rib Toshkentda qoldim. Tojikistonda yashagan vaqtim she’r, ohang yozmaganman. Toshkent menga ilhom berdi va yangidan kashf qildi. O‘zbekistonga kelib ijodni boshladim. Shuning uchun men uchun san’at Toshkentdan boshlandi, deyman har doim.
Dushanbeda bo‘lgan vaqtim, yoshligimda guruhlarda ishlaganman, tanlovlarga qatnashganman, restoranda ishlaganman. Tanlovlarning birida birinchi o‘rinni olganimdan keyin Tojikistondagi radio komitetga ishga chaqirishgan. U yerda ham besh yil ishlaganman. Shundan so‘ng Toshkentga keldim. Bu yerga kelganimda dastlab bironta tanishim bo‘lmagan, deb xotirlaydi u.
Amerika, Germaniya va Dubayda yashab keldim. Tanishlarim ba’zan imkoniyat berilsa qayerda yasharding, deb so‘rashadi. Men Markaziy Osiyoni tanlayman, deyman. Chunki qayerda bo‘lmay, bir haftada yurtimni sog‘inaman.
Tanlov uchun tanlangan qo‘shiq—“Ismigul”ning yaralishi
— 1996-yilda Toshkentda “Ofarin” tanlovi boshlandi. Ravshan aka Zokirov tanlov boshlanganini qo‘ng‘iroq qilib aytdilar. Ularning taklifi bilan tanlovda qatnashadigan bo‘ldim. Va unga qatnashish uchun bitta o‘zbek tilida, bitta chet tilida qo‘shiq tayyorlab borishim kerak edi. Boshida o‘zbek tilida qanday qo‘shiq kuylashimni topolmadim.
Chiroyli qo‘shiqlar ko‘p bo‘lsa ham, qandaydir, menga mos kelmasdi. So‘ng nimagaligini bilmadim, xayolimga “Ismigul” qo‘shig‘i keldi. Tojikistonda birga ishlagan Aleksandr akamdan shu qo‘shiqning o‘zbekchasini aytsam qanaqa bo‘ladi, deb telefon orqali so‘radim. Ular aytaver, deganlaridan keyin qo‘shiq so‘zlarini yozdik, sal zamonaviy usulga moslab aranjirovkasini o‘zgartirib tayyorladik. Lekin ko‘pchilik boshida qo‘shiqni tushunmadi.
Men ham garchi qo‘shiq o‘zimga yoqqan bo‘lsa-da, tanlovda diapazonimni qanchalikka yetishini ko‘rsatish uchun aytgandim. Keyin qarasam, ashulam asta-sekin o‘z-o‘zidan mashhur bo‘la boshladi. Ko‘rsatuvlarga borsam, “Ismigul”ni aytishimni so‘rashyapti. Oxir-oqibat qo‘shiq xalqqa yoqa boshladi. Uning ruschasi bu qadar mashhur bo‘lmadi. Hattoki Rossiyaga borganimda “Ismigul”ni rus tilida aytayotsam, to‘xtatib, o‘zbekchasini aytib berishimni iltimos qilishardi, deydi O‘ktam Hakimov
“Ahamiyat bermaganlardan keyin Adliyaga murojaat qildim”

Xonanda “Ismigul” qo‘shig‘ining mualliflik huquqi yuzasidan adliyaga murojaat qilishga majbur bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
— Uch yil oldin menga qo‘ng‘iroq qilib “Ismigul”ni aytmoqchi bo‘lib so‘rashdi. Ularga to‘ylarda, restoranda aytishlariga roziligimni aytdim. Lekin konsertda, televideniyeda, radioda aytmanglar, Xudoga shukur, hali borman, o‘zim aytaman, dedim. Xo‘p, deyishdi. Qarasam radioga ham, reklamaga ham chiqarishdi. Ularga ikki yilcha bunga rozi bo‘lmaganim haqda yozib yurdim. Yozganlarimga javob ham qaytarishmadi. Ahamiyat bermaganlardan keyin adliyaga murojaat qildim. Hammasini kelishib gaplashib, rozilik bilan aytishsa bo‘ladi-ku. Chunki yaxshi qo‘shiqlar, kinolar yashashi kerak. Hammasi xalq uchun qilingan. Faqat barchasi qonuniy yo‘l bilan bo‘lishi kerak, deydi xonanda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


