O‘zbekiston
“UzAuto Motors” korxonasi xususiylashtiriladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar bilan tanishdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish borasida muhim natijalarga erishildi. Hozirda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni tashkil etib, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 1 685 taga yetgan. O‘tgan yili esa qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum ta’minlandi.
Shuningdek, yer uchastkalarini sotish hajmi oshib, 6 trillion so‘mlik natijaga erishilgan. Xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larning bir qismi hududlarda qolib, viloyatlarda 2,6 trillion so‘m, mahallalarda esa 7 milliard so‘m shakllangan. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trillion so‘m dividend to‘lagan.
So‘nggi besh yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat korxonalari soni 60 foizga kamaydi. Shu bilan birga, ayrim muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, o‘tgan yili 362 ta samarasiz korxona aniqlangan bo‘lib, bu xususiylashtirishni yanada jadallashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Yig‘ilishda moliyaviy holati og‘irlashgan korxonalar faoliyati ham tanqidiy tahlil qilindi. 2024-yilda 451 ta korxona 14 trillion so‘m zarar, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion so‘m zarar ko‘rgani ma’lum qilindi. Shu bois, davlat korxonalarini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorlikni baholash va muammolarni erta aniqlash tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Endilikda xususiylashtirish jarayonlari tarmoq yondashuvi asosida amalga oshiriladi. Har bir soha alohida tahlil qilinib, uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri, raqobat muhiti va istiqbollari baholanadi.
Hududlarda davlat mulkidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish orqali 4,9 million kvadrat metr hududni faol foydalanishga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Bu esa qo‘shimcha daromad manbalari yaratish va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi pastligi ham muhokama qilindi. 2022–2025 yillarda ajratilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida hali to‘liq faoliyat yo‘lga qo‘yilmagani aniqlangan. Shu sababli yerlarni onlayn monitoring qilish va ularni tayyor biznes loyihalar asosida auksionga chiqarish tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda yirik aktivlarni xususiylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, UzAuto Motors, “Navoiyazot” va issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatiga zamonaviy yondashuvlar joriy etilib, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosida boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali xususiylashtirish jarayonlari to‘liq onlayn nazorat qilinadi va moliyaviy tahlillar avtomatlashtiriladi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari tomonidan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Bu chora-tadbirlar mamlakatda raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish va xususiy sektor ulushini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


