Buxoro yangiliklari

Buxoroda Xitoyning Leapmotor avtomobillari ishlab chiqaruvchi zavod quriladi

pic
Foto: Leapmotor.net

Loading

Xabaringiz bor, joriy yil 1-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Buxoro viloyatida yirik avtomobil ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalari taqdim etildi. Mazkur loyiha Xitoyning “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihaga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshirib boriladi. Xususan, 2026-yilda 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarilib, 50 million dollar daromad olinishi rejalashtirilgan. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkichlar izchil oshib borib, 2031-yilga borib 200 ming dona avtomobil ishlab chiqarish va 350 million dollar daromadga erishish ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyiha doirasida B10, B10L, A10, C01 va C16 kabi zamonaviy avtomobil modellari ishlab chiqariladi. Eng muhim jihatlardan biri — ishlab chiqarish jarayonida mahalliylashtirish darajasi bosqichma-bosqich oshiriladi. Jumladan, bamper, o‘rindiq, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, akkumulyatorlar, simlar jamlanmasi va boshqa ko‘plab avtokomponentlarni mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu esa viloyatda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliy qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qiladi. Natijada Buxoroni Markaziy Osiyoda avtomobilsozlik va logistika xabiga aylantirish maqsad qilingan.

Loyiha nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish ham muhim yo‘nalish sifatida belgilangan. Xususan, 2026-yilda 200 ta, 2028-yilda 1000 ta, 2031-yilda esa 3000 ta ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu borada Buxoro davlat texnika universiteti, INHA universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti hamda Turin politexnika universiteti bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

Kompaniyaning vitse-prezidenti Ley Ming xalqaro bozorlar, eksport va moliyaviy rejalashtirish yo‘nalishlarida katta tajribaga ega rahbar hisoblanadi. U kompaniyaning banklar va hamkor tashkilotlar bilan aloqalarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Chunonchi, kuni kecha Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ham “Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd.” kompaniyasi vitse-prezidenti boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, tashkil etiladigan yirik loyiha haqida muzokara olib borishdi.

Mutaxassislar fikricha, ushbu loyiha Buxoro viloyatining iqtisodiy salohiyatini yanada oshiradi, sanoatni diversifikatsiya qiladi va hududni yirik sanoat markaziga aylantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.