Mashhurlar

“15 yil ‘zapret’ga chidash qiyin narsa” – Otabek Madrahimov

pic
Foto: Instagram / otabek_madrakhimov_official

Loading

Xonanda Otabek Madrahimov bu yili 51 yoshni qarshiladi. Ayni damda Amerikada yashayotgan xonandaning san’at olamiga kirib kelishi, mashhurlik davri va 15 yillik “zapret”ga tushgani haqida Daryo so‘z yuritadi.

“O‘zbek san’ati darg‘alari qo‘lida katta bo‘lganman”

— O‘zbekistonning eng buyuk yulduzlarining qo‘lida katta bo‘lganman, desam adashmayman. Chunki onamning ota-onalari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar — Ubaydulla Madrahimov va Ergashxon Mirmahmudova bo‘lgan. Ular birinchi Tohir va Zuhralarni ijro etgan san’atkorlar. Bobom va buvim Nabi Rahimov, Ergash Karimov bilan juda yaqin edi. Ularning farzandlari — onam Ziyoda Madrahimova “Bahor” ansamblini tashkil etgan. Onam bilan konsertlarga borib, Botir Zokirov, Farrux Zokirov, Mukarrama Turg‘unboyevalar bilan ko‘p hamsuhbat bo‘lardim. Bayramlarda shu mashhur insonlar uyimizga mehmonga kelishardi. Men ularni ko‘p ko‘rganim uchun oddiy insondek ko‘rinardi. Lekin qo‘ni-qo‘shnilarim “Uylaringda Botir Zokirov o‘tiribdi-ya?”, deb havas qilishardi. Keyinchalik o‘zim ham san’atkor bo‘lib, bu gaplarning mag‘zini chaqqanman. Bolaligim Toshkentning Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida o‘tgan, deydi Otabek Madrahimov.

“Chelakni baraban qilib chalardim”

— Sahna ortida tug‘ilgan bola hech qachon sahnadan uzoqqa ketolmaydi. Ustozlar qo‘lida katta bo‘lganim sabab ertalabdan kechgacha  ko‘radigan narsam konsertlar bo‘lgani uchun san’atga qiziqishim baland bo‘lgan. Oilamizda iste’dodimga ishongan inson buvim bo‘lgan. Qarasalar, ko‘chada koptok tepib yurganim yo‘q. Uydagi chelak va boshqa idishlarni chalib o‘tiradigan bola edim. Buvim shundan keyin menga baraban olib berganlar, deya eslaydi xonanda.

“Anvar Sanayev barabanchi ustozim bo‘lgan”

— Elmurod, Dilmurod va Xolmurod Islomovlar ustozlarim bo‘lgan. Anvar Sanayevni ko‘pchilik xonanda sifatida yaxshi taniydi. Lekin Anvar akam san’atga kirib kelganlarida marhum san’atkor Muhriddin Xoliqovning barabanchisi bo‘lgan. Ular baraban bo‘yicha menga ustozlik qilganlar. Men ham Muhriddin Xoliqov va Nuriddin Haydarovda baraban chalib yurganman. Keyinchalik Muhriddin va Husniddin Xoliqovlarning oldiga kelib, “Qo‘shiq aytmoqchiman, menga oq fotiha beringlar”, deganimda menga qo‘shiqchilik bo‘yicha ustozlik qila boshlagan. Oxir-oqibat otam ham qo‘shiqchi bo‘lish istagimni qabul qilgan, Husniddin Xoliqovga qo‘ng‘iroq qilib “Eti sizniki, suyagi bizniki” deganlar, deydi xonanda.

“Ilk qo‘shig‘im bozorning har bir burchagida qo‘yilgan”

— Bitta qo‘shiq yozib, ovoz yozish sohasida ishlaydiganlarga tarqatib chiqqanmiz. Oradan bir hafta o‘tgach, ota-onam bilan bozorga tushganmiz. Bozorning qayerida ovoz yozish joyi bo‘lsa, hammasida qo‘shig‘imni eshitganmiz. Onam menga qarab, “Iya, ovozing chiqib qoldi-ku mana”, deb xursand bo‘lganlar. Buning ham o‘ziga yarasha gashti bor edi.

“Budur”ning muvaffaqiyati

— 1994-yilda “Budur” deb nomlangan qo‘shig‘imning musiqasi hamda so‘zini o‘zim yozib chiqarganimdan so‘ng, u juda tez ommalashib ketdi. U paytlarda juda ko‘p yoshlar Modern Talking kabi Yevropa guruhlarini eshitishardi. Shunda o‘zimcha mana shunday yo‘nalishlarni sharqona qilib taqdim etsa nima bo‘larkan, deb o‘ylaganman. Bundan tashqari, hindcha musiqalarga juda qiziqardim. Yevropa va sharqona yo‘nalishlarni birlashtirib, musiqa yaratishni maqsad qildim va bu juda mashhur bo‘lib ketdi. “Otash shou” konsertlarim ham shu qo‘shig‘im bilan boshlangan edi, deydi Otabek Madrahimov.

“Konsertlarimga 3-4 yillab tayyorgarlik ko‘rardim”

— Hech qachon oddiy konsert berishni xohlamaganman. Har doim shou-tomosha spektakl tarzida konsert berganman. Shu paytgacha necha marta konsert bergan bo‘lsam, birontasidan foyda olmaganman. Hatto ko‘p pul sarflab, qarzga kirib ketgan paytlarim bo‘lgan. To‘rtta raqqosani o‘ynatib qo‘yib, o‘zim bir joyda harakatsiz turib zerikarli konsert berishni istamaganman. “Budur” qo‘shig‘imni kuylayotganimda sahnaga tuya chiqib kelishini sahnalashtirganmiz. Tuya bo‘lganidan keyin bitta o‘zi bo‘lmaydi, ustida malika, yonida kanizaklar bilan chiqib kelishi kerak edi. Milliy teatrga Yoqub Ahmedovning yoniga borib, aktyorlar va kostyumlar olganmiz. 3-4 daqiqalik qo‘shiqni kuylashga shunaqa tayyorgarlik ko‘rganmiz. Konsertlarimga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani bois faoliyatimni boshlaganimga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 5 marta konsert berganmiz. Har bitta konsertimga tayyorgarlikning o‘zi 3-4 yil vaqtni olardi.

“San’atkor bo‘lishimga qaysidir ma’noda Mithun Chakraborti ham sababchi”

— Bolaligimda onam meni yozgi kinoteatrda namoyish etilgan “Disko raqqosi” filmiga olib tushgan. O‘shanda Mithun Chakrabortining ijrosi menga shunchalik yoqqanidan san’atkor bo‘lishga ahd qilganman. Qaysidir ma’noda Mithun Chakraborti ham bunga sabab bo‘lgan. Onamga o‘shanda “Ona, hali vaqti keladi, men ham shunaqa san’atkor bo‘laman va kerak bo‘lsa mana shu insonni O‘zbekistonga olib kelib, u bilan bitta sahnaga chiqib, qo‘shiq ijro etaman”, deganman. Taqdir taqozosi bilan AQSHga ketishimdan oldin, ijodimning 25 yilligini nishonlab, O‘zbekistonga Mithun Chakrabortini olib keldim. Ularni O‘zbekistonda 10 kun aylantirdim, hanuzgacha bordi-keldimiz bor, deydi u.

Kinodagi ilk roli va bosh qahramon obrazi

— 1996-yilda Hindiston va O‘zbekiston hamkorligida “Chapani oshiq” deb nomlangan badiiy film suratga olindi. O‘sha filmda bosh rolni ijro etdim. Syomka jarayonida aktyorlar bilan muloqotda bo‘lib, kinoga qiziqishim ortdi. Shundan so‘ng o‘zimning musiqiy filmlarimni olishni boshladi, deydi ijodkor.

O‘zbekistondan ko‘chib ketishiga nima sabab bo‘lgan?

— Hech qachon O‘zbekistondan ketish niyatim bo‘lmagan. Chet elga borsam, sharqona musiqalarga ega bo‘lgan davlatlarga borardim. O‘zbekistondagi har xil nohaq “zapret”larga 15 yil chidab keldim. Amerikaga kelish niyatim bo‘lmagan. Keyin o‘g‘lim shu yerga o‘qishga kirdi va biz ham shu yerga ko‘chib kelishga qaror qildik, deydi xonanda.

15 yillik mavhum taqiq

— 15 yil “zapret”ga chidash qiyin narsa. Eshigini taqillatib, “Nimaga konsertimni bekor qildinglar, nimaga televizorga chiqarmayapsizlar?” deb so‘raysiz — bir yil chidaysiz, ikki yil chidaysiz. Men esa 15 yil chidadim: oxiri litsenziya berib, ruxsat berib, konsertimni qilaman, deb Mitxun Chakrabortini olib kelganimda o‘sha konsertimni ham bekor qildirishdi. Eng qizig‘i, o‘sha insonning o‘zi litsenziya berib, bo‘ldi boshlang, deb oq fotiha berib, yana o‘zi konsertimni to‘xtatdi. Bunday voqea uch marta takrorlandi, oxiri chidolmadim. Sababi oila, bola-chaqamni boqishim kerak. Men o‘g‘ri bo‘lmasam, vahobiy bo‘lmasam, nega menga bunday qilishadi?

Kechirasiz-u, qotillik qilgan odamniyam 5 yilda amnistiyaga chiqarishadi. 15 yil “zapret”ga chidash qiyin narsa.

Bir mansabdor shaxsga yoqmay qolishingiz bu butun O‘zbekiston xalqiga yoqmay qoldingiz, degani emas-ku? Bir insonga yoqmay qolgan bo‘lsam, butun xalqdan yuzimni o‘girib qo‘yish kerak emas-ku? AQSHda shuncha yildan beri yashab kelayotgan bo‘lsam, ichimdan nima o‘tganini o‘zim bildim, Xudo bildi. Men ham yurtimni, muxlislarim va katta-katta sahnalarni sog‘inaman. Ketgan bo‘lsam ham har doim ko‘zim O‘zbekistonda, deydi san’atkor.

“Ozodbek Nazarbekov qaytishimni so‘radi”

— Yurtimizdagi o‘zgarishlar menga juda yoqyapti. Sababi undan oldingi “zapret”lar, boshqa vaziyatlar juda ham insonning kayfiyatini, hafsalasini tushirib yuborgan edi. Madaniyat vazirligida ham yaxshi o‘zgarishlar bo‘lib, nohaq “zapret”lar bekor qilinib, ancha san’atkorlar sahnaga qaytdi. Menga ham do‘stim, yaqinim madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “qayting, o‘rtoq, hammasi joyida” deb va’da berdi hamda bekor qilingan konsertlarim qayta tiklandi. Buning uchun Ozodbekka minnatdorlik bildiraman. Vaqt oliy hakam, bizga qarshilik qilgan insonlar noto‘g‘ri qilganini endi anglab yetayotgandir. Men bir tomondan menga qarshilik qilib, “zapret” qo‘ygan insonlardan minnatdorman. Agar shu “zapret”lar bo‘lmaganida Amerikaga kelmagan bo‘lardim. Farzandlarim bu yerda universitetlarni bitirdi. Quda-andali bo‘ldim, sekin-sekin ishlarim o‘z yo‘liga tushdi, deydi xonanda.

image

Otabek Madrahimov ikki o‘g‘il va bir qizning otasi. U, shuningdek, uch nevaraning sevimli bobosi. Otabek Madrahimov AQShning Filadelfiya shahrida logistika kompaniyasini tashkil qilgan. Kompaniya juda katta bo‘lib, uning Toshkentda ham filiali bor.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.