Mashhurlar

“Turmush o‘rtog‘ingiz yoningizda bo‘lgani boshqacha ekan” — Saida Rametova oilasi boshiga tushgan sinovlar haqida

pic
Foto: Instagram / saidarametova_

Loading

O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” ko‘rsatuvi mehmoni bo‘ldi. Aktrisa ko‘rsatuv davomida o‘zini o‘ylantirgan mavzular xususida gapirdi. Daryo maqolasi shu haqida.

“Niyatlarim ijobat bo‘ldi”

Aktrisa Saida Rametovaga 2025-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni berildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu unvonni o‘zidan ham ko‘p muxlislari kutgan.

— Men xalq artisti unvonini olishimni kutmagandim. Chunki hali mendan oldin bu unvonni oladigan ustozlarimiz bor edi. Avval shu ustozlarimiz mukofotlansa, keyin bizga navbat keladi, deb yurardim. Kutilmaganda bunga erishaman, deb o‘ylamagandim. Qo‘ng‘iroq qilib aytishganida yolg‘on axborot bo‘lsa kerak, YouTube’ga shunday deb chiqarishgandir-da, dedim. Farmonni ko‘rsatganlarida rostdanmi, deb ham xursand bo‘lyapman, ham ko‘zimdan duv-duv yosh oqyapti. O‘sha kuni Samarqandda to‘y xizmatida edim. Kelin-kuyov qolib, hamma meni tabrikladi. Demak, muxlislar ham shu damni mendan ko‘ra ko‘proq kutishgan ekan, deb o‘yladim.

Meni eng hayajonga solgan, o‘zim orzu-niyat qilgan kun prezidentning qo‘llaridan shu unvonni qabul qilib oldim. Bundan juda xursand bo‘ldim. Chunki agar xalq artisti unvonini olsam, mukofotni prezidentning qo‘llaridan olay, deb niyat qilib yurardim. Nafaqat bir o‘zim, balki 90 yoshli onajonim ham har kuni shunday duo qilardilar. Mana, onamning duolari ham ijobat bo‘ldi. Unvonni qabul qilib olayotanimda mendan-da baxtli odam yo‘q edi.

Aktrisaga ayol zaifa bo‘lgani yaxshimi yoki kuchli bo‘lgani durustmi, deb berilgan savolga quyidagicha javob berdi:

— Balki bundan 10-15 yil avval ayolning zaif bo‘lgani ma’qul edi. Lekin hozir ularning kuchli bo‘lib, qo‘lidan ko‘p ish kelishi davr talabi bo‘lib qoldi. Balki bu fikrlarim erkaklarga yoqmasligi mumkin, buning uchun ulardan uzr so‘rayman, lekin baribir ayollar kuchli bo‘lgani yaxshi. Ayol kishi kuchli bo‘lsa, oilasiga, turmush o‘rtog‘iga, bola-chaqasiga ham faqat foyda bo‘ladi. Buning zararli tomoni yo‘q. Lekin ayol jamiyat, oilasi uchun o‘zini qurbon qilmasin. Yaxshi ma’noda o‘zini yaxshi ko‘rsin, hurmat qilsin. Oilada, jamiyatda, ish joyida o‘zining hurmat-izzatini o‘rnata olsin. Chunki agar u bugun bunga, ertaga unga qurbon bo‘laversa, keyinchalik hech kimga aylanib qoladi, deydi aktrisa.

“Ayolni yetishmovchilik qaritadi”

— Ayolni yetishmovchilik va tuhmat qaritadi. Hayot uni qiynab qo‘ygan bo‘lsa yoki dilidagi orzulariga erishmayotgan bo‘lsa, shularning barchasi uni qaritadi, shunday deb o‘ylayman. Lekin xohlardimki, har bir ayol bevaqt qarimasin, bevaqt sochlariga oq tushmasin, dili og‘rimasin. Qalbi hamisha mehrga to‘la bo‘lsin. 

Turmush o‘rtog‘ingizning yoningizda bo‘lgani boshqacha ekan baribir. Kun kelib umr yo‘ldoshim Jumadulla Rametov shunday kasallikka duchor bo‘ladi, deb hech ham o‘ylamagandim. Lekin bu ham Allohning bir sinovi. Boshida juda ko‘p ko‘nglim og‘ridi. Lekin odam bora-bora hammasiga ko‘nikarkan. Kezi kelsa, soppa-sog‘, yurib turgan do‘stlarimizdan ayrildik. Hayotning o‘n beshi yorug‘ bo‘lsa, o‘n beshi qorong‘i. Lekin Jumadulla Rametov hozir teatrda ishlolmayotgan, xotirasini yo‘qotgan bo‘lsa ham, yonimda nafas olib turibdi. Uning hayot ekanini his qilib turish ham katta baxt, deydi u.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.