Mashhurlar
Idish yuvuvchi va g‘isht teruvchi: xorijda og‘ir sharoitlarda ishlagan o‘zbekistonlik san’atkorlar
Mashhurlik — ko‘pchilik uchun yorqin sahna, qimmat liboslar va cheksiz muvaffaqiyat timsolidek tuyuladi. Ammo hech kim qizil yo‘lakkacha bo‘lgan yo‘l qanchalik mashaqqatli bo‘lganini, orzular yo‘lida qanday sinovlardan o‘tilganini ko‘rmaydi. Ba’zi mashhurlar hayotining muhim pallalarini begona yurtda, musofirlikda, oddiy va hatto og‘ir ishlarda mehnat qilib o‘tkazgan. Ular tirikchilik uchun kurashgan, sabr qilgan va taslim bo‘lmagan. Daryo shular haqida yozmoqda.
Tal’at Mansurov: “Bizni sotib yuborishgan”
Aktyor Tal’at Yo‘ldoshev maktabni bitirib, oilaviy sharoitini yaxshilash uchun Rossiyaga ishlagani borgani va qiyin vaziyatga tushgani haqida gapirgan.

— Onam borishimga qarshi bo‘lgan. Ammo oyoq tirab turib olganman. Hamdamning oilaviy sharoiti ham yomon edi, xullas, besh kishi Rossiya qaydasan, deb yo‘lga tushganmiz. Menga sartarosh bo‘lishni aytishgandi. Ammo borgandan keyin bir oy ishsiz yurdik, keyin qurilishga olib borishdi. O‘sha yerda pasportlarimizni olib qo‘yishganidan keyin bizni sotib yuborishganini bilganmiz. U yerdagi qiyinchiliklarni so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydi. Odamning zarracha qadri yo‘q edi.
Uydagilar siqilmasin deb telefonda kulib gaplashardik, ammo holimiz juda xarob edi. Akamning boshida o‘simtasi borligi uchun havo almashtirar degan umidda uni ham olib ketgandim. Ammo og‘ir sharoit sabab har kuni o‘zini yo‘qotib, hushdan ketadigan bo‘lib qoldi. Ish beruvchilarga akamni uyga jo‘natib yuboraylik, desam yo‘q, deyishdi. Hatto buning uchun 3 500 rubl berishimni so‘rashdi. Hech esimdan chiqmaydi, o‘sha kuni bitta rusning uyiga borib, hojatxona uchun o‘ra qazigandim. Ammo juda qo‘rqqanman, chunki o‘sha paytlarda baʼzilar pul bermaslik uchun o‘ra qaziyotgan ishchining ustidan tuproq tashlab, o‘ldirishgani haqidagi gaplar qulog‘imga chalingandi. Kechgacha ishlab, yetarli pulni ish beruvchiga olib kelganman, shundan keyingina u bemor akamning uyga qaytishiga ruxsat bergan. Har kuni tekshiruv kelardi, ulgurgan berkinardi yoki urilib-turtinib mahkamaga ketardi. O‘shanda o‘z-o‘zimga qaytib Rossiyaga ishlash uchun kelmayman, deb vaʼda bergandim.
Hamdam Sobirov: “Bir yarim yil qurilishda ishlaganman”
“Qora atirgul”, “Maktabimda” va “Tentakcham” kabi qo‘shiqlari bilan omma e’tiboriga tushgan, hozirgi kunda YouTube’da kliplari eng ko‘p tomosha qilinayotgan xonanda Hamdam Sobirov ijodni boshlamasidan avval Rossiyaga muhojir sifatida borgan. Chunki oilasining moddiy ahvoli u qadar yaxshi emasdi.

— Mehnatning aybi yo‘q. Men ham bir yarim yilga yaqin qurilish ishlarida ishlaganman. Muhojir bo‘lib yashash qiyin. Avvaliga maoshimni vaqtida berishgan, ikki-uch oydan keyin “o‘yinlar” boshlangan. Ish beruvchilar pul berishni paysalga solgandan keyin O‘zbekistonga qaytishga qaror qilganman.
Alixan: “Idish yuvib tirikchilik qilganman”

— Qilmagan ishim qolmagan, to‘g‘risi. Bir xil odamlarga o‘xshab villada yashayapman yoki mana bu mening villam deb, Mercedes’ning oldida rasmga tushib, pafos yasagim kelmaydi. To‘g‘risini aytsam, pol artishdan tortib idish yuvishgacha qilmagan ishim qolmagan. Birinchidan, u yerda talabaman. Ertalabdan kechgacha ishlashga haqimiz yo‘q, huquqimiz ham. Bu degani har qanday ish sizni quchoq ochib kutib olmaydi. Ham tilni bilmayman.
Til o‘rganishga endi qadam bosganman. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, restoran yoki McDonald’s kabi fastfudlarda idish-tovoq yuvishdan boshlab, sekin-sekin gamburger tayyorlashga, undan keyin yetkazib berish xizmatiga o‘tib, shu tarzda noldan boshlaganman. Amerikaga bordingiz, til bilmaysiz va pul yo‘q. 10 yil ichida ancha ishlarda ishlab chiqdim. Green Card ham berishdi. Toshkentga kelganimdan keyin uylanib, ota-ona, oila va farzandlar oldida qoldim, deydi aktyor.
Farrux Fazel: “G‘isht tashib qo‘llarim yorilib ketardi”
“Bor” qo‘shig‘i bilan tinglovchilarga yaxshi tanilgan Farrux Fazel Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tavallud topgan. Uning yulduzlarga boy kliplarini ko‘rganlar boyning bolasi deb o‘ylashadi. Ammo xonanda kamtarona, ishchilar oilasida tavallud topgan. “Men emas, prodyuserim boy”, deydi yosh xonanda. Uning prodyuseri shoumen Davron Kabulov hisoblanadi.

— 2012-yildan muhojirlik kunlarim boshlangan. Men yaqinlarimning qarshiligiga qaramay, Rossiyaga ishlagani ketganman. Niyatim hayotimni o‘zgartirish va u yerda institutga kirish edi. Muhojirlikning ilk yili qurilishda ishlaganman. G‘isht tashigan kunim qo‘llarim yorilib ketardi. Keyinchalik ishga o‘rganib ketdim. Suvoqchilik ishlarini ham o‘zlashtirdim. Bir yarim yil qurilishda ishlab, o‘qish uchun pul to‘pladim. U yerda ishlash oson emas, muhojirlikda pul topayotgan insonlarning dardini juda yaxshi tushunaman.
Jaloliddin Ahmadaliyev: “18 yoshimda Rossiyada ketganman”
“Yor bizdan ketdi”, “Menda qolmadi dil” va “Eh jo‘ralar” qo‘shig‘i bilan internet yulduziga aylangan Jaloliddin Ahmadaliyev ham ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. U maktabni bitirgan yili Rossiyaga ketib, ishlashga majbur bo‘lgan.

— Maktabni tamomlab, akalarim bilan Rossiyaga ishlashga ketganman. O‘shanda 18 yoshda edim. U yerda qurilish, mashina yuvish shoxobchasida ishladim. Undan keyin O‘zbekistonga qaytib, yana shu ish bilan shug‘ullandim. Keyin dadamning talabi sabab kosibga shogirdlikka tushdim. Ikki yil kosibchilik qildim. Ammo zaharli yelim sabab oshqozonim qattiq og‘riydigan bo‘lib qoldi. Avvaldan xonandalarga qo‘shiqlar yozib berganman, hozir ham iltimos qilganlarga rad javobini berolmayman. Internetdagi mashhurlik — hammasi Allohdan. Bir paytlar orzu qilgan ijodkorlarim bilan bir sahnada ekanligimga va o‘z tinglovchilarim borligiga shukr qilaman.
Sohib Abbosxon: “Suvoqchi bo‘lib ishlaganman”
“Zanjir”, “Nahotki sen”, “Ajal so‘qmog‘i” kabi bir qancha film va seriallardagi bosh rollari bilan mashhurlikka erishgan aktyor va rejissyor Sohib Abbosxon ham AQSHda yashaydi. U muhojirlikning ilk yili pitssa tashuvchi, suvoqchi va taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan. Ayni kunlarda esa o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qiladi.

— Muhojirlik oson emas, ayniqsa, til bilmaslar juda qiynaladi. Til bilgan odam uchun hammasi oson kechadi, deb ham aytolmayman. Xorijda sabr bilan yashash va qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik kerak. Men AQSHga birinchi kelganimda mehmonxonada suvoqchi bo‘lib ishlaganman. Bu ish bilan 45 kun shug‘ullanganman.
Qizimning maktabidagilari unga dadang Amerikada mehmonxona tozalab yuribdi, deb gapirgan ekan. Bu yerda ishlagan o‘zbeklar ularga shunday deyishgan bo‘lsa kerak. O‘sha kuni o‘sha gapni eshitib yig‘laganman. Kecha obro‘-e’tiborda, kino olib yurgan edim, bugun bunday ahvoldaman, deb yig‘laganman. Lekin oldimga qo‘ygan maqsadlarim bu qiyinchiliklardan ustun kelgan.
Behzod Muhammadkarimov: “Yillab quyoshni ko‘rmadim”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Behzod Muhammadkarimov “Shaytanat”, “Amir Temur”, “O‘tkan kunlar”, “Parizod”, “Oq bino oqshomlari” va “Buyuk Turon” kabi filmlarda turli darajadagi rollarni ijro etgan. U mashhur aktyor bo‘lishiga qaramay, muhojirlik azobini tortgan.

— Men Amerikada qora ishlarni qilganimni yashirmayman. Ishni mehmonxonada choyshab va yostiqlarni tashishdan boshladim. Keyin do‘konda pollarni tozalab, laklaydigan ishga kirdim. Asosan, kechqurun ishlardim. Bu ham yetmagandek, kunduzi ham ish olardik, kunduzi topganimizga Amerikada yashardik, kechqurun ishlagan pulimizni Toshkentga — uyga yuborardim. Kechasi bilan ishlab, kunduzi yana peshingacha ishlardim.
Har kuni shunday: dam olish kunlarisiz ishlardim. To‘g‘risini aytsam, faqat kechqurun ishlaganimiz uchun yillab quyoshni ko‘rmagan vaqtlarim bo‘ldi. Restoranda idish-tovoq yuvdim, ofitsiantlik qildim, pitsa tashidim, qurilishda ishladim, yuk tashuvchi bo‘lib, uy ko‘chirdim. Hattoki muzqaymoq chiqaradigan sexda ishlab, muzqaymoq ham tayyorladim. Bir yigitga qirq hunar oz, degan maqolni amalda o‘zimda ko‘rdim va isbotladim.
SanJay: “Yotar joyim ham bo‘lmagan”
Xonanda SanJay ona shahri Navoiydagi zavodda oddiy ishchi bo‘lgan, ammo san’atga qiziqishi sabab didjeylik ham qilgan. Keyinchalik Moskvaga, undan so‘ng Chechenistonga borib ishlagan.

— Moskvada tungi klubda dijeylik qilganman, maoshim zo‘r edi. Checheniston rahbariga atab qo‘shiq yozganman va uni Ramzan Qodirovga ko‘rsatish uchun Chechenistonga borganman. U yerda musofirlik qanchalik qiyin bo‘lishini bilgandim. Bir haftalarda Moskvaga qaytaman, deb o‘ylagandim. Afsuski, Qodirov bilan uchrashishim oson kechmagan. Menga hech kim ishonmagan, desam ham bo‘ladi.
Qishloqlarga qatnaydigan taksi haydovchilari bilan tanishgandim. Yo‘lovchilar kelgunicha mashinasiga o‘tirib, dam olardim. Juda qiynalganman, muqim yotar joyim bo‘lmagani uchun o‘tirgan yerimda ham uxlab qolaverardim. Ammo 1 oy deganda Ramzan Qodirov bilan uchrashganman va Ustozlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan davlat tadbirida ishtirok etganman.
Zarnigor G‘aniyeva: “Qariyalarni parvarishlaganman”
“Jurnalist”, “Sevgi” kabi seriallardagi obrazlari va Gulsanam Mamazoitova bilan kuylagan “Ikkinchi ayol” dueti bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan Zarnigor G‘aniyeva ham bir muddat Janubiy Koreyada yashagan. Aktrisaning hozirda ham u yerda uyi bor.

Ma’lumotlarga qaraganda, Zarnigor Janubiy Koreyaga borgan ilk yillarida qariyalarni parvarishlash xizmatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik til o‘rganib, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Avvaliga u yerdagi kichik turdagi mahsulotlarni O‘zbekistonga import qilgan. Tilla taqinchoqlar savdosi bilan shug‘ullanganini ham yashirmaydi
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


