O‘zbekiston

O‘zbekistonda mart oyida 78 000 dan ortiq avtomobil sotildi

pic
Foto: RIA Novosti

Loading

2026-yil mart oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 78 ming donadan oshib, bozor faolligi sezilarli darajada kuchaydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, bu ko‘rsatkich oylik hisobda 19 foizga, yillik hisobda esa 20,6 foizga o‘sishni anglatadi.

Hududlar kesimida qaralganda, aksariyat viloyatlarda avtomobil bozori jonlangan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida kuzatilib, savdo hajmi 51,4 foizga oshgan. Toshkent viloyatida o‘sish 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Sirdaryo viloyatida 34,5 foiz, Navoiy viloyatida esa 27,5 foizga yetgan. Toshkent shahrida esa bir oy ichida bozor faolligi 60,5 foizga oshgan. Shu bilan birga, Jizzax viloyati, Andijon viloyati va Samarqand viloyatida biroz pasayish qayd etilgan.

Birlamchi bozorda yangi avtomobillar savdosi qariyb 31 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 13 foizdan ortiq o‘sdi. Yillik o‘sish esa 37 foizga yetdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar segmentida savdo hajmi 25 ming donaga chiqib, oylik 3,8 foiz va yillik 26,5 foiz o‘sish kuzatildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar segmentida esa yanada keskin o‘sish qayd etildi — bir oyda savdo deyarli ikki baravar oshib, 5,7 ming donaga yaqinlashdi. Yillik o‘sish ham ikki baravardan yuqori bo‘lgan.

Ikkilamchi bozorda ham faollik yuqori darajada bo‘ldi. Mart oyida foydalanilgan avtomobillar savdosi 47,5 ming donani tashkil etib, oylik 23 foiz va yillik 12 foizga oshdi.

Elektromobillar bozori ham barqaror o‘sishda davom etmoqda. Mart oyida ularning savdosi 5,5 ming donaga yetib, yillik hisobda 24 foizga ko‘paydi. Eng katta o‘sish Xorazm viloyatida (5 baravar), shuningdek Navoiy viloyati (3,6 baravar), Jizzax viloyati (2,9 baravar) va Farg‘ona viloyatida (2,2 baravar) qayd etilgan.

Taqqoslash uchun, 2026-yil fevral oyida barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 84,2 ming donani tashkil etgan edi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 24 ming dona atrofida bo‘lib, bu ko‘rsatkich yanvar oyiga yaqin darajada saqlanib qolgan, biroq o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foizga oshgan.

Umuman olganda, mart oyidagi natijalar avtomobil bozori tiklanib, ichki talab hamda import segmenti birgalikda o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.