Maşhurlar

“Hozirgi ayolim — tilla”. Yigitali Mamajonov o‘tmishdagi xatolari va hozirgi prinsiplari haqida

pic
Foto: Instagram / alimamadzhanov

Loading

Taniqli aktyor Yigitali Mamajonov “Darakchi.uz” ga bergan intervyusida hayotdagi prinsiplari hamda oilasi haqidagi savollarga javob berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.

“Hech qachon katta gapirmaydigan bo‘ldim”

— Hayotimda bo‘lgan ishlarning hammasidan roziman. Nima bo‘lishi kerak bo‘lsa, bo‘ldi. Muhimi, sodir bo‘lgan holatlardan o‘zimga yaxshi dars oldim. Bu bunday, u unday deb katta gapirib bo‘lmas ekan. Bir vaqtlar men ajrashmayman, ayolimni baxtli qilaman, deganman. Lekin katta gapirib bo‘lmas ekan. Kelajakda turmush masalasida nima bo‘lishini biladigan darajada kimsan sen? Bu juda ham nozik masala. Yana aynan taqdir masalasida oldindan biron nima deb bo‘lmas ekan.

To‘g‘ri, yoshligingizdan oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz, ayollarga nisbatan hurmatingiz bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday, men ham yoshligimdan himoyachi bo‘lishga harakat qilardim. Hozirgacha ham oilamizdagi ayollarni himoya qilaman. Bu har bir erkakning g‘ururi. Aslida bu hayotdagi o‘zgarmas prinsiplarim. Lekin ba’zi bir gaplar, masalan, hech qachon, deb boshlanuvchi gaplarni boshqa gapirmaydigan bo‘ldim. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, oshiqcha gapirib bo‘lmaydi ekan.

“San’atda sog‘lom raqobat bo‘lmaydi”

— Faqat sportda sog‘lom raqobat bo‘ladi, deb bilaman. Ammo san’atda sog‘lom raqobat hech qachon bo‘lmaydi va bo‘lmagan ham. Bu kasbda bunday bo‘lishi juda qiyin masala. Shuning uchun bu borada chuqurlashish yoki o‘ylab yurish ham kerak emas. U sohada inson birovni emas, o‘zini nazorat qilishi kerak. Chunki kimnidir nazorat qilsangiz, o‘zligingizdan ketib, adashib qolishingiz mumkin. Shu sabab faoliyatim davomida kimgadir raqobatchi sifatida qarab, kim bilandir bellashmaganman. Chunki raqobat sifatida qarasam, ular bilan kurashishimga to‘g‘ri keladi. Lekin menga kimgadir nimanidir isbotlash kerak emas, raqobatchi emasman, deydi aktyor.

“Hozirgi ayolim prinsiplarimni hurmat qiladi”

— Taqdirimda nimalar bo‘lgan bo‘lsa, hammasiga roziman. Chunki “minus”ga kirmaganimda butun umrlik tajribalarni o‘rgana olmasdim. Ammo kerakli prinsiplarimga nuqta qo‘yganim yo‘q. To‘g‘ri, shoshqaloqlik, tez xulosa qilish kabilar yo‘qolgan. O‘sha vaqtda aqlim yetmagan joylariga hozir aqlim yetadi. Bugungi kunda ayol kishini ko‘proq tushunishga harakat qilaman. Joyi kelganda fe’limdagi ba’zi funksiyalarimni o‘chirib-yoqishni bilaman. Shunda ham asosiylari o‘chmaydi. Chunki hozirgi ayolim o‘sha funksiyalarimga yaqinlashmaydi ham.

Shaxsiy prinsiplarimni hurmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, turmush o‘rtog‘im — oltin. Shuning uchun, alhamdulillah, hozirgacha yaxshimiz. U mening prinsiplarimni hurmat qilgani uchun men ham uni ehtiyot qilaman. Bu haqda har safar intervyularda gapirib yurishni xohlamayman. Bu bilan ideal oilamiz demoqchi emasman. Hamma oilalarda bo‘lgani kabi oilamizda ham kamchilik va kelishmovchiliklar bo‘lib turadi, deydi Yigitali Mamajonov.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng köp öqilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, Özbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim köchasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipoviç. Muassis: “Buxoroişarif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va şikoyatlaringizni info@buxoroişarif.uz ga yöllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan töliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, çop etish faqat manba körsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Uşbu sayt OAV sifatida Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda röyxatdan ötgan.