Mashhurlar
Kimga uylanishini bolaligida bashorat qilgan va 12 yil telefon tutmagan Alisher Fayz haqida
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayz 2026-yilning 27-yanvar sanasida 42 yoshni qarshi oldi. 10 yoshida Toshkentga kelgan va o‘z kuchi bilan sahnaga chiqqan ijodkor haqida nimalarni bilamiz? Daryo shular haqida yozmoqda.
“Ilk prodyuserim buvim bo‘lgan”

— Buvimning eng erkatoy nabirasi o‘zim bo‘lganman. U kishi farzandlarining sanʼatkor bo‘lishini orzu qilgan ekan. Menda sanʼatga qiziqish sezgani uchun uni rivojlantirishga ko‘proq eʼtibor berardi. Qayerga borsa, meni o‘zi bilan olib borar, “Nabiram qo‘shiq kuylay oladi”, deb maqtanardi. Eng qizig‘i, to‘y-hashamga borishimizdan avval sumkasiga ikkita tuxumni solib olardi. Ularni iliq suvga solib, menga ichirardi. So‘ng sanʼatkorlarning yoniga borib, “Nabiramga ham navbat beringlar, ovozi juda shirali” deb maqtardi. U kishi bilan ayollar gashtagiga, hatto sanatoriyga borsa, yetaklashib boradigan nabira ham o‘zim bo‘lganman, deydi Alisher Fayz.
“Bolaligimda rafiqamning ismini devorga yozganman”
Xonanda bolaligida tasodifan rafiqasining ismini devorga yozgani va u uzoq yillar saqlangani haqida so‘zlab bergan.

— Ukam bilan o‘ynab, Alisher va Nigora ismlarini devorga yozganmiz. Sababini bilmayman, buvim o‘sha yozuv o‘chmasligini xohlardi. Oradan ancha yillar o‘tib, to‘y oldi uyga usta chaqirdik. Usta sho‘rlik bilmay qolib, devorning o‘sha yerini bo‘yab yuborgan ekan. O‘sha kun uning oxirgi ish kuni bo‘ldi. Buvim qaytadan yozuvning ustidan bo‘yatib qo‘ygandi. Tasodifni qarangki, Alisherning hayoti haqiqatan ham Nigora bilan bog‘landi. Hozirgi devordagi yozuv yo‘q, ammo bolaligimda nega shunday yozganimizni haligacha tushunmayman, deydi xonanda.
“Onam bizni yolg‘iz tarbiya qilgan”
Xonanda onasi yolg‘iz tarbiyalagan bo‘lishiga qaramay, pulning ortidan quvmasligi va bolalikdagi qiyinchiliklar unga saboq bo‘lgani haqida gapirdi.

— Kichikligimda onam biz farzandlarni o‘zi katta qilgan. Lekin o‘sha paytda ham pulning ortidan quvmaganmiz. Rosa zarurat bo‘lib turganda quvmagan endi hammasi tartibga kelganda quvasizmi? Bu yog‘ini gapirsam diydiyoga kirib ketadi. Eskilar bilib aytgan: “Bitta ona mingta bolani ham boqa oladi”. Lekin mingta bola bitta onaning ko‘nglini ololmaydi. Onam ko‘nglimizni olganlar-da… Bizni qanaqa qiyinchiliklar bilan voyaga yetkazganlarini yaxshiyam-ki o‘sha vaqtda ko‘rganmiz. Bu hozirgi kunda o‘zimizdan ketib qolmaslik yoki onaning bir og‘iz gapi, maslahatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik uchun xizmat qiladi, deydi xonanda.
“Meni olib ketishlarini soatlab kutardim”

— Ijodkorona bo‘rttirib aytadigan bo‘lsam, 10 yoshimni yolg‘iz kutib olganman. Chunki Toshkentga o‘qishga kelganimdan keyin yanvar oyida 10 yoshga kirganman. Gliyer nomidagi musiqa maktabida o‘qirdim. Bu payt men uchun yangi muhit, do‘stlarga va ustozlarga moslashish davri bo‘lgan. Hayotda esda qoladigan kunlar — bu sen chindan yashagan kunlaringdir.
O‘qishimning dastlabki bosqichida uyni, yaqinlarimni sog‘inardim. Ta’til vaqtida do‘stlarimning yaqinlari kelib olib ketishardi. Kech kuzak yomg‘irli kunlarda ham darvoza oldida soatlab uydagilarim meni olib ketishlarini kutardim. Keyinchalik yangi muhitga ko‘nikkanimizdan so‘ng ustozlarimiz bizni “haydab” ham ketkazolmagan. Kichik Alisherga 10 yosh vaqtida bola bo‘lish, kunini bolalarcha o‘tkazish orzu, shu bilan birga og‘riq ham bo‘lgan, deydi u.
“Qo‘shiqlarining she’rini onasi yozib beradi, degan gap tarqalgandi”

— She’r yozsam ham, kuy bastalasam ham onamga qo‘ng‘iroq qilib ularga eshittiraman. Ular she’rlarimni eshitib ko‘rib, baho berardi. Onam ona tili va adabiyotdan dars berardi. Shunda yaqinlarimiz orasida “onasi she’rlarini yozib berarkan, o‘g‘li qo‘shiq qilib aytarkan”, degan gap tarqalgan. Bir kuni bu gaplarni buvim eshitib qolibdi. “Nevaram she’rlarini o‘zi yozadi”, deb tortishib yurarkan.
Bir gal shunday voqea bo‘lgandi. Odatda men biror natijaga erishmagunimcha qilayotgan ishim haqida birovga aytishni yoqtirmayman. Buvimdan hozircha ustozlardan o‘rganib olmagunimcha she’r yozishim haqda hech kimga aytmay turishlarini iltimos qilgandim. Lekin ular bunga ko‘nmagan. Shunda “sizni aldagandim, she’rlarni o‘zim yozmaganman, yozib berishadi” degandim buvimga. Ular gaplarimni eshitgach, mendan xafa bo‘ldi. Keyin men kun bo‘yi qancha voqea bo‘lgan bo‘lsa, hammasini she’r qilib buvimga tushuntirib aytib berganman. “Nabira tortinchoqroq, buvisi maqtanchoqroq” degan satrlar o‘sha paytlarda yozilgandi, deya xotirlaydi ijodkor.
“Ustozim bilan tanishishimga Mirzabek Xolmedov sababchi bo‘lgan”
Alisher Fayz O‘zbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning shogirdi hisoblanadi. U ustozi bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab bergan.

— Musiqa maktabida o‘qib yurgan paytlarimda Panorama kinoteatrida konsert qo‘yishgan. Unda so‘z ustasi Mirzabek Xolmedov ham ishtirok etgandi. U kishidan dastxat olish vaqtida “Telefon raqamingizni ham berolasizmi?” deb so‘raganman. Telefonlarini olib, musiqa maktabining qorovulxonasidan qo‘ng‘iroq qilib turardim. Qorovul amaki “Hech kim ko‘rib qolmasin, tezroq gaplashgin”, deb tayinlardi. Bir kuni Mirzabek akadan Ozodbek Nazarbekovning raqamini so‘raganman. “Raqamini bilmayman-u, falon kuni ‘Navro‘z’ restoraniga kelsangiz, u ham keladi”, degan. Borganman, hamma sanʼatkorlar kelgan. Ichkariga qanday kirarkanman, deb biroz ikkilanib turganimda, apparatlar yuklangan katta yuk mashinasi kelib to‘xtagan. Mashinadagilarga yordam berishimni aytib, shu jamoaga qo‘shilib, yuklarni tashish bahonasida bino ichkarisiga kirib olganman. Ammo Ozodbek aka kelmagan. Keyin marhum qiziqchi Obid Asomov Ozodbek Nazarbekovning uy manzilini tushuntirib bergan, 186-avtobusga o‘tirib, uylariga borganman, deydi Alisher Fayz.
“Ustozim otalik qilgan”
Shundan so‘ng yosh Alisher ustozi yoniga ilk marotaba boradi va unga shogird tushmoqchi ekanini aytadi. Ba’zi bolalarni yonida kattalar yetaklab, “shogirdlikka olishini” so‘rab borishgan bir paytda Alisher Fayzning bir o‘zi shu ishni qilishga jur’at topgani uchun ham Nazarbekov uni shogirdlikka qabul qiladi.

— 2001-yili ustozim bilan tanishganman. Ishonchlarini qozonish oson bo‘lmagan. U kishiga nafaqat qo‘shiq aytishim, balki sheʼr yozishim ham maʼqul bo‘lgan. Uylariga olib borib, o‘z farzandlaridek, munosabatda bo‘lardi. Nima yesalar bizga ham ilinardi, kiyim boshimiz bilan ham taʼminlardi. Ammo qattiqqo‘l, tarbiyani yoqtirardi. O‘z ustimizda ko‘proq ishlashimizni talab qilardi. Ustozimning yana bir shogirdi Aziz akam Bekmurodov bilan tortishib qolganmiz. To‘g‘risini aytsam, salga yig‘lab yuboraverardim. Keyin onamga qo‘ng‘iroq qilib, “ketaman, shunday-shunday bo‘ldi”, deganman. “Bo‘pti, kel, o‘g‘lim, ashulachi bo‘lmaysan. Undan ko‘ra kelsang, 2 ta qo‘y, 3 ta mol olib beraman, boqib yuraverasan, kel”, dedi onam. Bu gapni eshitib, “iye, o‘zi mendan o‘tdi, yo‘q, bormayman”, deb fikrimdan qaytgandim. Qarang, onam bir og‘iz gap bilan ham ko‘nglimni olganlar, ham qanaqadir mashaqqatlardan kechsam, meni nimalar kutib turganini ham anglatib qo‘ygan. Agar “yo‘q, kelmaysan” deganlarida balki ketvorgan bo‘larmidim, deydi Alisher Fayz.
“12 yil telefondan foydalanmaganman”
Xonanda uzoq yillar telefondan foydalanmagani va endi bunga majbur bo‘layotgani haqida.

— Telefon xayolimni chalg‘itadi, deb undan foydalanmasdik. Bu jarayon 12 yil davom etdi. Hozir esa telefondan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanaman. Ammo bu odamni chalg‘itadi, baʼzan charchatadi.
Yugur-yugurlardan charchab ketgan paytlarimda o‘tiraman-da, ko‘zlarimni yumib olib, 5-10 daqiqaga dengiz bo‘yigami, qayoqqadir ketaman. Aytgancha, Gliyerda o‘qib yurgan kezlarimda sinfdoshlarimga “Bugun Ozodbek Nazarbekovga shogird tushish uchun uylariga boraman”, derdim-da, borardim-u, uchrasholmasdim. Ko‘p shunaqa bo‘lardi. Uylariga, konsert bo‘ladigan joylarga borardim. Keyin bir o‘rtog‘im “Anchadan beri shunaqa deb ketyapsan-u, ko‘risholmayapsan, hech kimga aytmasdan bor-chi”, degan kuni Ozod akam bilan ko‘rishib, suhbatlashib, shogird tushganman. O‘shandan beri biror ish qilmoqchi bo‘lsam, ommaga oshkor etmaslikni odat qilganman, deydi xonanda.
“Ustozimning kostyumini kiyganman”
Xonanda ilk klipiga ustozining kostyum shimini kiyim chiqqani haqida so‘zlab berdi.

— Ozodbek Nazarbekov bilan oyoq va kiyim o‘lchamimiz bir xil edi. Bu narsa “Meni kechir” klipini olayotganda ham qo‘l kelgan. Klipda ustozimning kiyimlarini kiyib tushganman. Ustozim hech qachon yo‘q demasdi, qaytanga “Shuni kiy, senga yarashadi”, derdi.
“Shou-biznesda kirdikor ko‘rmaganman”

— Aslida yo‘l qiyshiq emas. Qarashlar uni ba’zida shunday ko‘rsatar. Balki hamma gap insonning o‘zidadir. Ko‘pincha shou-biznesda unday-bunday deyishadi. Shaxsan men shou-biznesda kirdikor ko‘rmaganman. Dunyoda 7 milliard inson bo‘lsa, ularga “Men qanday odamman?“ deb bitta savol bilan murojaat qilsangiz, turli xil javob olar ekansiz. Qizig‘i, javoblar orasida xatosi bo‘lmaydi. Savol qanday ediki, hamma javoblar to‘g‘ri kelaversa? Unga “adolatsizsan”, “adolatlisan” deyishdi. Xuddi shunday, bir vaqtda ham ijobiy, ham salbiy javoblar berildi. Bundan bitta ma’no kelib chiqadi: kengga keng dunyo, torga tor dunyo. O‘zini o‘lja hisoblaganga qayerda bo‘lmasin, ovchi topiladi, deydi xonanda.
“Xobbiyim sabab menga Cola ichimligini sovg‘a qilishardi”
Alisher Fayz bir necha yillar oldin futbol to‘plarini yig‘ib borishni yoqtirgan. So‘ng oradan biroz vaqt o‘tgach, bu mashg‘ulotning o‘rnini boshqasi egallagan.

— Men xobbilarimga sodiqman, deb o‘ylamayman. Orada shunday vaqtlar bo‘lgan — Cola ichimligini yaxshi ko‘rardim. Dunyoning turli joylarida turli Cola bo‘lsa kerak, deb shu ichimlikning kolleksiyasini yig‘gan paytlarim bo‘lgan. Hatto, yaqin muxlislarimiz ichida konsert vaqtida ham shu o‘zgacha ichimlik turlaridan sovg‘a qilgani ham bo‘lgan. Hozir katta farzandim Xolidbek futbolga qiziqadi va bu sport bilan shug‘ullanadi.
“Oilamni sir saqlayman”
Xonanda oilasi haqidagi maʼlumotlarni sir saqlashining sabablari haqida gapirdi.

— Aytaylik, yoningizda katta bir qimmatbaho tosh bor. Bozorda yuribsiz. Toshni qanaqa olib yurasiz? Sumkaga solib, avaylab, to‘g‘rimi? Yo dast ko‘tarib yurasizmi? Oilam — mening borim, boyligim, baxtim! Baxt esa ko‘z-ko‘z qilinavermaydi, ehtiyotlanadi. Sababi shunda. Farzandlarimning tarbiyasini o‘ylab ham shunday qilaman. Chunki bolalarimning “men falonchi sanʼatkorning o‘g‘liman” deb ulg‘ayishini xohlamayman. Bu tarbiyasiga qaysidir tomondan salbiy taʼsir qilishi mumkin, deb o‘ylayman-da! Samimiyat topishga qiynalmasin, deyman, deydi xonanda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


