Mashhurlar
Aktyor Shohrux Hamdamov rafiqasi bilan qanday tanishgani va to‘yini nega sir tutgani haqida
Ko‘plab klip va filmlardagi obrazlari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish aktyor Shohrux Hamdamov “Mirsodiqova bilan” YouTube-kanaliga bergan intervyusida to‘yi bilan bog‘liq ma’lumotlarni nima sababdan sir tutgani haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“To‘yimni hech kimga bildirgim kelmagandi”

— Hammaning hayotda o‘z strategiyasi bo‘ladi. Kimdirlar oilasini ko‘rsatgisi kelib, to‘yiga hamma san’atkorlarni chaqirishni xohlasa, kimlargadir bu yoqmaydi. Men to‘yimni hammaga ko‘z-ko‘z qilishni xohlamadim. San’atda yaxshi akalarim bor. Ularning ayollarini xalq umuman ko‘rmagan. Xuddi shunaqa bo‘lishini niyat qilardim va bo‘ldi ham. Lekin bir-ikkita videolar tarqalib ketdi. Surishtirib bilsak, bu begona odamlarning ishi ekan. Mana shu bola uylanyapti deyishsa, to‘yga kelib, aylanib planshetlarda videolarga olib, chiqib ketishgan ekan.
Ularning kimligini ham bildim, hatto yuzlarining rasmi ham bor. Bo‘lmasam, to‘ydagi boshlovchi ham “iltimos, to‘ydagi rasm va videolarni internetda tarqatmanglar”, deb aytgandi. Chunki to‘yimni ommaga ko‘rsatmaslikni xohladim va bunga 95 foiz erishdim. To‘y o‘tgandan keyin to‘rt kungacha videolar hech qayerga chiqmadi, hamma yoq jimjit edi. Marosimga hatto san’atkorlarni ham chaqirmagandim. Ommaga ko‘rsatib to‘y qilsam ham bo‘lardi, lekin menga bu kerak emas. Ertaga xotinim bir o‘zi ko‘chada yurganda uni hamma tanib qolishini xohlamayman. Hatto hozir ham birga ko‘chaga chiqsak, alohida-alohida bo‘lib yuramiz. Chunki yaqinda onam bilan bir joyga ovqatlanishga borsak, bir notanish odam chekkadan turib onamni rasmga olyapti. Bu juda xunuk holat, deb o‘ylayman. O‘rta Osiyo bo‘yicha mashhur bo‘lmasam ham, O‘zbekistonda ko‘pchilik taniydi. Shu bilan birga media olamida men va oilam haqida ma’lumot kam. Shuning uchun xalqqa qiziq bo‘ladi deb o‘zim yoki yaqinlarim bilan bo‘lgan vaqtim suratga olib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatib yuborishlari mumkin. Bu men uchun noqulay va yoqimsiz holat, deydi aktyor.
“Ayolim yosh bo‘lsa ham dunyoqarashi keng”
— Ayolimni birinchi marta bundan ikki-uch yil avval sport bilan shug‘ullanadigan bir tanishimning oldiga borganimda uchratib qolganman. So‘ng bu haqda onamga aytdim. Hammasi tezlashib ketdi. Chunki bu paytga kelib, onam xuddi kinolardagidek qachon uylanasan, deb urishib yurgan vaqtlar edi. Shuning uchun bittada sovchilikka borib, hammasini hal qilib qaytishdi. 30 yoshda to‘yim bo‘lgan bo‘lsa ham, xayolimda xuddi 20 yoshdekman hali ham. Ayolim 19 yoshda, mendan yoshroq. Lekin gap yoshda emas deyishgani to‘g‘ri ekan. Dunyoqarashi keng, deyarli men bilan bir xil fikrlaydi. Yoshimiz o‘rtasidagi farq umuman bilinmaydi. O‘zimga juft topishga qiynalaman, deb o‘ylagandim. Lekin bo‘ladigan ish o‘z-o‘zidan bo‘lib ketaverar ekan, deydi aktyor.
“Yigitlarga quda tomondan hech narsa olmaslikni maslahat beraman”
— Hali qiladigan ishlarim ko‘p. Oila qurishga tayyor emasman, deb o‘ylardim. Lekin Xudoga shukr, Alloh hamma ishlarimni to‘g‘rilab qo‘ydi. Oz bo‘lsa ham karyera qildim. Rejalarimga ulgurdim. Erta yoki kech emas, ayni vaqtida oila qurdim. Ayrim yoshlar 19—20 yoshda uylanyapti. Yaqinda ham bir 17 yoshli tanish ukam uylanmoqchiligini aytib qoldi. Ko‘pchilik yoshlikda uylanish kerak, deydi. Ammo menda bunday fikr yo‘q. Odam oilali bo‘lgandan keyingi hayotini ham o‘ylab qo‘yishi kerak. Uylangandan keyin pul topib oilani boqish kerak bo‘ladi. Baribir erkak kishining ayoli oldidagi vazifalari bor. Agar bularni hali eplolmasa, quda tomonning oldida ham sarg‘ayib yurmagani ma’qul.
Tanishlarim orasida ham quda tomon nimanidir olib bergan, qilib berganlari bor. Hayotda hech qanday to‘sqinliklar bo‘lmagan vaqtda ayoli tarafidan nimadir qabul qilganlarni umuman tushunmayman va bunga qarshiman. Quda tomondan bir dona ro‘molcha ham kelishi kerak emas. Sababi birinchi o‘rinda obro‘yingiz to‘kiladi. O‘zi shundoq ham qizini tekinga sizga beryapti. Yana unga qo‘shib narsalar ham berishi eng katta xatolardan biri, deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Shohrux.
“Shu ko‘rsatuvda chiqqanimdan afsuslandim”

Aktyor partnyori aktrisa Aysanem Yusupova bilan bog‘liq mish-mishlarga oydinlik kiritdi.
— Ko‘rsatuvlardan birida aytilgan gapni keyinchalik kesib, montaj qilib ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborishdi. U yerdagi voqea aslida qanday bo‘lgandi? Shunchaki do‘st sifatida yaxshi ko‘raman uni, deganimni kesib, montaj qilib, bo‘rttirib yoyib yuborishdi. Piar uchun ishlaydigan inson emasman. To‘g‘ri, balki bu usul ham yaxshidir lekin men uchun emas. Bilmadim, ular nimaga bunday qilishdi. Balki ba’zi qavs ichidagi rejissyorlarda shu orqali ko‘rsatuvning obro‘yini ko‘tarish maqsadi bo‘lgandir. Ko‘rsatuvga chiqishga rozi bo‘lganim va qatnashganimdan afsuslandim, ko‘rsatuv yarmidan ketib qoldim, deydi aktyor.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


