Mashhurlar
Ulug‘bek Rahmatullayev nega farzandlariga san’atkor bo‘lishni taqiqlagan?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullayev bu yil 44 yoshni qarshiladi. So‘nggi vaqtlarda insonni o‘yga toldiruvchi qo‘shiqlari ko‘paygan xonandaning bolaligi, san’atga kirib kelishi qanday kechgan? Daryo ijodkorning hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar soldi.
“O‘lgan hayvonlarni topib kelib, o‘rganardim”
Ko‘pchilik xonandalar bolaligida sanʼatga qiziqqani, musiqa maktabida tahsil olgani haqida gapiradi. Ammo Ulug‘bek Rahmatullayev bolaligida sanʼatkor bo‘lishni orzu qilmagan.

— Bolaligimdan fazogir bo‘lishni orzu qilganman. Keyin O‘zbekistonda raketa uchirilmasligini eshitib, bu qarorimdan qaytganman. Hozir meni ko‘pchilik og‘ir-bosiq inson sifatida biladi. Ammo bolaligimda nihoyatda sho‘x, ota-onamning eng muammoli farzandi bo‘lganman. 10 yoshimda jarrohlikka qiziqib qolganman. O‘lgan hayvonlarni olib kelib, tajribalar o‘tkazardim. U paytdagi xatti-harakatlarimni eslasam, hozir qo‘rqib ketaman.
Maktabda sheʼr va qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardim, ammo sanʼatkor bo‘laman, degan qatʼiy qaror bo‘lmagandi. Shuning uchun ham sanʼat institutida emas, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida o‘qishni istagandirman, deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.https://www.youtube.com/embed/cC1ephOIJOk
“Muammoli farzand bo‘lganman”
Xonanda bolaligidagi unutilmas voqea va sho‘xliklari bilan bog‘liq xotiralarni esladi.

— Oddiy o‘zbekona oilada dunyoga kelganman. Bizda milliy qadriyatlarga to‘liq rioya qilinadi. Bolaligimdan isrof nima ekanini o‘rgatishgan. Har doim ovqatlanib bo‘lgandan keyin likopchani tozalab qo‘ysam “barakalla” degan so‘zni eshitardim. Bog‘chada ham shunday qilganimda bog‘cha opamiz kuzatib o‘tirgan ekan. Yonimga kelib “Nima balo itmisan? Nega likopchani bunchalik tozalayapsan”, degani ko‘nglimga juda og‘ir botgan. Bog‘cha davri deganda mana shu voqea takror-takror yodimga tushadi.
Bolaligimda sho‘x va to‘polonchi bola edim. Qo‘shnimizning katta tut daraxti bo‘lardi. Maktabdan qaytayotganda hamma bolalar oyoq kiyimlarini yechib, tutga chiqardi. To‘yib tut yeb, keyin uylariga ketardi. Bolaligimga borib qizg‘anchiqlik qilardim va tut yemasin deb oyoq kiyimlarini ariqqa oqizib yuborardim. Shundan keyin to‘polon boshlanardi. Dadam savdo bilan shug‘ullanardi va do‘konlari bor edi. Janjal qilib kelishganidan keyin dadam do‘kondan yangi poyabzal olib berardi. Bolalar eski poyabzali o‘rniga yangisini olganini ko‘rib, rosa jahlim chiqardi, deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.
“Ilgari son, hozir sifat uchun ishlayman”
Xonanda hech qanday manfaatsiz unga yordam bergan insonlardan minnatdorligi va ijodni boshlagan kezlari sifatni emas, ko‘proq sonni o‘ylagani haqida gapirdi.

— Oybek Aliyev degan jurnalistni ko‘pchilik taniydi. Mana shu inson menga hech qanday manfaatsiz odamlarga yordam berishni o‘rgatgan inson bo‘ladi. Yaratgan meni shunday insonlar bilan uchrashtirganidan hamisha minnatdorman.
Avvalgi ijodimdan uyaladigan paytlarim ko‘p bo‘ladi. Chunki u paytlarda sifat uchun emas, songa ishlaganman. Faqat sanʼatda emas, boshqa sohalarda ham shunday bo‘lsa kerak. 40 yoshdan keyin odam ko‘p narsalar haqida o‘ylab qolarkan. Balki bu tajriba, balki saviyaning o‘sishi bilan bog‘liqdir, deydi xonanda.
“Ayolim mendan 11 yosh kichik”
Xonanda 2010-yili Iroda ismli qiz bilan oila qurgan. Har doim ham shaxsiy hayotini oshkor etishni istamaydigan xonanda ayoli bilan qanday tanishgani va uning qaysi fazilatlarini hurmat qilishi haqida gapirdi.

— Ayolim bilan katta opam tanishtirgan. Yoshimizdagi farq 11 yil bo‘lgani uchun u menga xuddi yosh boladek tuyulgan. “Juda kichkina-yu, bo‘lmaydi”, deganman. Ammo axloqining go‘zalligi o‘ziga maftun etgan. O‘shanda onam “Ayol kishi tez ulg‘ayadi, bitta farzandli bo‘lsa ko‘rasan”, degandi. Haqiqatan ham xuddi shunday bo‘ldi.
Ayolim nihoyatda rashkchi, bu menga yoqadi. Ammo rashkning ham chegarasi borligini biladi, shu bois 16 yildan buyon birgamiz, deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.
“Qirmizi olma”ni mendan o‘g‘irlashgan
Ulug‘bek Rahmatullayevning “Qirmizi olma” qo‘shig‘i rus va dog‘istonlik tinglovchilar orasida ham mashhurlikka erishgan. “Yabloko lyubvi” qo‘shig‘ini nafaqat yoshi katta xonandalar, balki bolalar ham ijro etgan.

— Bu qo‘shiq haqida “Qaysi davlatdan o‘g‘irlagansiz?” degan savolni ko‘p berishadi. Aslida bu qo‘shiqni 2017-yili YouTube tarmog‘iga joylaganmiz. Uning ilk ijrochisi o‘zimman. Mendan keyin bu qo‘shiqni 15-16 ta ijrochi aytdi. Ularning orasida professional ijodkorlar ham bor. Qo‘shig‘imni ijro etgani uchun ulardan haq olmaganman, bir og‘iz iltimos qilishsa bo‘ldi. Hech qachon “Mening qo‘shig‘imni aytma”, deb qarshilik bildirmayman. Aksincha, xursand bo‘laman, deydi xonanda.
Faqat “qitiqlaydigan” savollar berishadi
Xonanda keyingi paytlarda intervyu berishni istamasligi va hamma negativ bo‘lib ketgani haqida gapirgan.

— Ko‘rsatuvlarga borishni 90 foizga kamaytirib yuborganman, 95 foiz desam ham to‘g‘ri bo‘ladi. Sababi o‘zim xohlagan darajadagi qiziqarli ko‘rsatuvlarni ko‘rmayapman. Menga “sanʼatga kirib kelishingizga kim sababchi bo‘lgan”, “birinchi qo‘shig‘ingiz qaysi edi” degan savollarni berish xato, chunki million marta javob berilgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham bor. Shaxs sifatida o‘ylanib qoladigan savollarni xohlayman, shunaqa narsalarni topa olmagandan keyin uzoqlashib qoldim.
Televideniyedagi bir ko‘rsatuvga borsangiz ham boshlovchi sizni kim bilandir urishishingizga sabab bo‘ladigan, “qitiqlaydigan” savollarni beradi, keyin siz ham kimnidir g‘iybat qilasiz, gunoh bo‘ladi. Undan keyin bir oy o‘zingizga kelmaysiz, nega bordim deysiz. Ko‘rsatuvni efirga berma deyishga vijdoningiz yo‘l qo‘ymaydi, sababi uning orqasida qancha muxlislar turibdi, qolganlar mehnat qilgan. Shunaqa holat bo‘lgani uchun haqiqatan ham o‘z kasbini hurmat qilgan insonlar bilan suhbat qilishga yuguraman. Tonggi dasturlar bor, yaxshilikni ravo ko‘radigan. Piar degan narsa shunaqa tushuncha bo‘lib qoldiki, uni ko‘rishlari uchun insonlar hamma ishni qiladigan bo‘lib qoldi, deydi xonanda.
“Mashhurlik halovatimni olib qo‘ydi”

— Yoshligimda hali mashhur inson bo‘laman, derdim. Bilasizmi, mashhur odamning halovati bo‘lmaydi ekan — shuni tushundim. Har doim qaysidir ishingizni o‘ylab yurasiz, hammasiga ulgurishga harakat qilishingiz kerak. Yana bilmadim, balki hamma mashhurlarda emas, faqat menda shundaydir. Shuning uchun hamma mashhurlarda ham xotirjamlik bo‘lmaydi, deb aytolmayman. San’at yo‘lida yurgan inson o‘zi xohlagan halovatini, xotirjamligini topishi qiyinroq. Oilasi bilan o‘tkazishi kerak bo‘lgan eng yaxshi damlarda ularning yonida bo‘lolmaydi. Lekin shunday bo‘lsa ham doim oilam uchun vaqt ajratishga, ulgurishga harakat qilaman, deydi Ulug‘bek Rahmatullayev.
“San’atdan ketgim keldi”
Xonanda san’atdan ketish haqida o‘ylaganini ham yashirmaydi.

— Menda shunday davr bo‘ldi, sanʼatdan ham ketgim keldi. Chunki sohamizdagi bir-ikkita insonlar, yoshi kattalari ham bor, faqat yoshlar deya olmayman, otini aytmayman — shaxsiyatga tekkizib gapiradigan odam emasman — shu sohaga dog‘ tushiraverganidan hurmati pasayib qolgan holatlar bo‘ldi. Men uyaldim, chunki men ham shu sohaning bir bo‘lagiman degan fikr bo‘ldi.
Sanʼatdan ketsammikan, deb o‘yladim. Menda hech qachon bunaqa holat bo‘lmagan edi. Biroq yaxshi fikrlaydigan muxlislar borligi, ularni qo‘llab-quvvatlashi natijasida, ishimni yaxshi ko‘rganim uchun o‘zimni ushlab qoldim. Yo bu holatdan o‘tdik, yoki o‘rganib qoldik, deydi u.
“Sardor Rahimxon bilan qayerda uchrashib qolsak, har doim chiroyli ko‘rishamiz”

— San’atdagi do‘stlarimning ko‘pchiligi bugun kasbini o‘zgartirgan yoki shou-biznesni butunlay tark etib ketgan. Sardor bilan oxirgi marta ancha avval bir joyga taklif qilinganimda ko‘rishib suhbatlashgandik. U bilan qayerda duch kelib qolsak, har doim chiroyli ko‘rishamiz va chiroyli ko‘rishganmiz ham. Hech qachon salomlashmay o‘tib ketgan paytimiz bo‘lmagan. Hayotda siz o‘ylamagan voqealar ham bo‘lib, insonni turli holatlar va sinovlarga tushirib qo‘yarkan. Xuddi shunday, ba’zi voqealarni o‘zi shunday bo‘lishi kerak ekan, deb qabul qiladigan bo‘lganman. Sardor bilan yillar davomida bo‘lgan do‘stligimizdan yaxshi xotiralar bor. Sardor Rahimxonning san’atdagi eng qiyin damlarida yonida turib bera oldim, deb o‘ylayman.

Hozirgi gaplarimni hech qayerda aytmaganman. Bilmayman, Sardor avval sezganmi, bir kuni menga bir gap aytgandi. O‘shanda u “Hali bizni bir-birimizga yomonlashni boshlashadi, hali bizlarni gap qilishadi”, degandi. Shu gaplarni ko‘zida yosh bilan aytgandi. Xuddi u aytganiday bo‘ldi, mana. Sardor Rahimxon degan inson bilan umrimning qaysidir qismini yashab o‘tganimdan va yaxshi xotiralar qoldirganidan xursandman. Ishonamanki, unda ham xuddi shunday. Chunki san’atdan ketishidan oldin bir kuni bir joyda ko‘rishib qoldik. Shunda u “O‘rtoq, mendan o‘tgan bo‘lsa, rozi bo‘l, bir-birimizdan rozi bo‘laylik. Shunday qilsak, to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi. Eng keraklisi, bugun u bilan salomlashishdan, bag‘rimga bosib ko‘rishishdan uyalmayman. Hatto uni duolarimda ham eslab turaman. Hayotimizdagi ba’zi insonlar bilan ma’lum vaqt yaqin do‘st bo‘lib, keyinchalik bunday bo‘lmadi degani, bu yomon degani emas.
“Inson nimani qidirsa, shuni topadi”

— Kimgadir kibrli ko‘rinish uchun alohida bir ish qilishingiz shart emas. Shunchaki chiroyli kiyimda, yaxshi mashina va qora ko‘zoynakda kimlarningdir oldidan o‘tib ketsangiz, ularga kibrli bo‘lib ko‘rinishingiz mumkin. Ularning nazarida kibrli bo‘lmaslik uchun oddiy kiyimda va oddiy mashinada bo‘lishingiz kerak. Xayolida o‘zi uchun kibrli bo‘lmagan inson obrazini shunday yaratib olishadi. Kamchiligimiz ham ana shunda. Misol uchun, ilm ahli — bir domla sal zamonaviyroq kiyinib yursa, shu holat ham g‘ashimizga tegib qolishi mumkin. Chunki ilmlilarni faqat eski kiyim, uzun choponlarda, bechora holda tasavvur qilishga o‘rganib qolganmiz. Bu shunchaki qayerdandir o‘rnashib qolgan qolipli fikrlar. Aslida unaqa emas. Nima uchun bunaqa bo‘lishi kerak? Aslida ana shunday ilmli insonlar chiroyli bo‘lib yurishi kerak. Masalan, o‘zim shunday tushunaman. O‘zimiz yaratib olgan qonuniyatlarimizga to‘g‘ri kelmayotgan odamlarni yo yomon, yo kibrli deymiz.

Yana bir narsaga guvoh bo‘ldim, o‘zimda ham shu holat kuzatilgan. Jamoat joyida biror mashhurroq inson o‘tayotganida o‘z ishi bilan bo‘lib sizga e’tibor berolmay qolishi kibrdek tuyulsa ham, har doim bunaqa degani emas ekan. Ba’zi vaqtlar o‘zim ham qayerdadir kim bilandir e’tibor bermay ko‘risha olmay qolgan bo‘lishim mumkin. Hatto ba’zida mashinada bir manzildan ikkinchiga qanday kelib qolganimni ham bilmay qolaman. Shuning uchun yonimdagilarga ham tayinlab qo‘yaman hatto. Ular ham ko‘pincha “aka, chiqayotganda chap tarafda sizga bir odam qarab turibdi, aka, anavi odam bilan ko‘risha olmay qoldingiz”, kabi eslatib turishadi. Inson bularni atayin qilmaydi. Aksincha, bu kuchsizlikning, ya’ni hamma narsani ham nazorat qilolmasligingizning ishorasi. Shuning uchun yaxshi inson yaxshi gumonga boradi. Lekin baribir siz ming avliyo yoki farishta bo‘lsangiz ham, insonlar nimani ko‘rishni istasa, sizda shuni topadi.
“Ishonuvchanligim, balki yutug‘imdir”

— Chetdan qaraganda boshqacha ko‘rinishim mumkindir, lekin soddaman, deb o‘ylayman. O‘zimcha qayerlardadir qachondir endi soddamasman, deb o‘ylab qolsam ham, baribir ishonuvchanman. Balki bu ham mening bir yutug‘imdir, bilmayman. Chunki inson hech nimaga ishonmay yashay olmaydi ham-da. Ishonch borki, inson harakatlanadi. Atrofimdagi yoshi kattaroq do‘stlarim ham ko‘pincha soddasiz, ishonuvchansiz, deydi. Aslida ham, musulmon insonning hech narsaga ishonmasdan yashashi noto‘g‘ri. Musulmon odam ishonib yashashi kerak. Undan uyog‘i qolganlarning muammosi bo‘ladi, deydi u.
“Farzandlarimning san’atkor bo‘lishini istamayman”
Xonandaning to‘rt farzandi bor, ammo xonanda kelajakda ularning san’atkor bo‘lishini istamasligini gapirdi.

— “Mashhur bo‘lish maza, sizni hamma taniydi”, deyishadi. Aslida mashhurlik rohat emas, sinov bo‘ladi. Bu gapim bilan nolimoqchi emasman. Ammo hammaning nazarida bo‘lish ham oson emas. Bu insonga katta masʼuliyat yuklaydi. Bu yil ijodga kirib kelganimga 24 yil bo‘libdi. O‘ylab qarasam, 20 yil umrim faqat yugur-yugur va yo‘lda o‘tibdi. Alam qiladigani oilam uchun yetarlicha vaqt ajratolmadim. Shuning uchun hech bir farzandimning sanʼatkor bo‘lishini istamayman. Yaxshisi, boshqa sohani tanlasin va o‘z kasbining ustasi bo‘lsin. Aslida oila mavzusida gaplashgim kelmaydi, xohlamayman. Va yana menga shu haqda maza qilib gapirib o‘tiradigan insonlar ham yoqmaydi. Oila mavzusi — shaxsiy qo‘rg‘on. U birov bilishi, ko‘rishi shart bo‘lgan narsa emas. Boshqa mavzuda bemalol suhbatlashishim mumkin, lekin oila masalasida bunday emas, deydi xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


