Mashhurlar
“Erkak va ayolning xatosi — umr yo‘ldoshini boshqalar bilan taqqoslash” – Zokir Ochildiyev ajrimlarga nima sabab bo‘layotgani haqida
Taniqli so‘z ustasi Zokir Ochildiyev “Milliy” telekanalidagi “Ayol qalbi” ko‘rsatuvining mehmoni bo‘ldi. Suhbat davomida qiziqchi oila mavzusiga alohida urg‘u berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Oddiylik va samimiylik doimiy shiorim”
— Odamlar nazariga tushishdan avval tildan qolish haqida ko‘p o‘ylardim. Nazardan qolsam, uyalib qolmasligim kerak, deb omadim yurishgan vaqtlarda ham, boylik, hurmat-izzat kelgan vaqtlarda ham o‘zimga o‘zim tayinlab yurardim. Atrofni kuzatib turib bir vaqtlar hamma yoqni titratgan inson ham bir kuni oddiy odamlar qatoriga tushadi, degan fikr bo‘lardi. San’atkor katta cho‘qqilarga chiqib, bir kuni yana el qatori joyiga tushadi. O‘rniga boshqasi chiqadi va shunday davom etib ketaveradi. Shunday bo‘lar ekan, bugun yulduzlik kasaliga yo‘liqib, kibrga berilib qolsam ertaga qanday qilib odamlar yuziga qarayman, degan xayol tanilmasimdan oldin ham bor edi. Samimiy va oddiylik har doimgi shiorlarim bo‘lgan, deydi Ochildiyev.
“Oila Alloh bergan ne’mat”
Qiziqchi Zokir Ochildiyev oila mavzusiga to‘xtalar ekan, uni buyuk ne’mat deya ta’riflaydi va hayoti davomida ko‘rgan-kechirganlaridan kelib chiqib fikrlariga qo‘shimcha kiritadi.

— Oila Alloh bergan buyuk ne’mat. Uni erkak kishi ham, ayol ham Allohning omonati ekanini bilib, mas’uliyat bilan qabul qilishi kerak. Masalan, avvalgi insonlar qizi turmushga chiqayotganda garchi qo‘pol eshitilsa-da, “Borgan joyingda toshday qot. Turmush o‘rtog‘ing va farzandlaring bilan biznikiga kelgin, bo‘lmasa kelma”, deb duo qilib jo‘natishardi. Albatta, hamma ham farzandini yaxshi ko‘radi. Shu bilan birga oilasida yaxshi yashab ketishini ham xohlaydi. Mas’uliyat qattiq bo‘lganidan ajrimlar ham deyarli bo‘lmagan. Hozirgi kunda ajrimlar soni juda ham ko‘payib ketdi. Demoqchimanki, oila Xudoning omonati. Omonatga xiyonat qilmasdan, uni mas’uliyat bilan saqlashga harakat qilish kerak.
“Erkak va ayolning xatosi—turmush o‘rtog‘ini boshqalar bilan taqqoslash bo‘ladi”
— Oila bu — sabr va mashaqqat. Erkakning eng katta xatosi qayerdadir ko‘rib qolgan ayol bilan o‘z ayolini taqqoslashida. Ayolning ham katta xatosi qaysidir serialda ko‘rib qolgan qahramonidagi xislatlarni turmush o‘rtog‘ida ham bo‘lishini kutishi va taqqoslab, kino qahramonining fazilatlarini eridan ham qidirishi bo‘ladi. Turmush qurdingizmi, juftingizni boricha qabul qilib, sabr qilib yashang. Ayolni dunyo deb qabul qilaman. Dunyoni o‘zgartirib bo‘lmaydi, o‘zim o‘zgarishim kerak. Xuddi shunday, ayolingizni ham o‘zgartirolmaymiz. Unga moslashishga harakat qilishimiz kerak. Chunki uning siyrati shunday.

“Zamon tezlashmadi…”
— Repertuarlarimning birida zamon tezlashgani haqida aytgan edim. Zamon hali ham o‘sha-o‘sha. Odamlar tezlashib ketdi. Shoshilishadi, hamma narsaning tez bo‘lishini xohlashadi. Misol uchun, konsertga aslida dam olgani kelishadi. Lekin shunga yarasha dam oladigan kayfiyatda kelmaydi. “Tez-tez boshlansa-yu, ko‘rsak va tezroq ketsak”, deydi. Shifoxonaga borsa ham shunday holat bo‘ladi. Shifokor bir hafta yotib davolaning, desa, “yo‘q, bir hafta vaqtim yo‘q-da, 3 kun bo‘lsa, mayli”, deydi. Xullas, sabrsiz bo‘lib ketdik. Qayerga shoshilishyapti, bilmayman. Oxirgi manzilimiz aniq, lekin kim qaysi vaqtga borishi noaniq, deydi so‘z ustasi.
“Hech qaysi ne’mat borligida qadrlanmaydi”
Agar hazil gaplar bo‘lmaganida ko‘p haqiqatlar aytilmay qolib ketgan bo‘lishini mulohaza qilgan qiziqchi Zokir Ochildiyev keksayganda ayolning yolg‘iz qolib ketishi bilan erkakning yolg‘izlanib qolishi o‘rtasida katta farq borligini aytadi.
— Hech qaysi ne’mat borligida qadrlanmaydi. Ko‘pchilik erkaklar ayolini borida qadriga yetmaydi. Ayol kishi turmush o‘rtog‘isiz qolsa, nabiralari, farzandlarini yoniga sig‘ib ketaveradi. Lekin erkak kishi bunday emas. Hamma farzandlari uylariga tarqalib ketgandan keyin erkak bir o‘zi xonada qolib ketadi. Shuning uchun ota-bobolarimiz “kampir, orqamda qol”, deb xotinini duo qilgan, deydi Zokir Ochildiyev.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


