O‘zbekiston
O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-maydan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida Daryo ushbu sanadan joriy etiladigan asosiy o‘zgarishlar taqdim edi.
Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan endilikda umra ziyoratiga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “Haj va umra yagona portali” orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi. Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Haj va umraga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning doimiy yashash joyi o‘zgargan taqdirda, fuqarolar ixtiyoriga ko‘ra ularning avvalgi manzili bo‘yicha navbati saqlanib qolishi yoki yangi manzilda yangidan ro‘yxatga qo‘yilishi mumkinligi belgilangan.
Prezident Virtual qabulxonasiga yuborilgan murojaatlar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Virtual qabulxona orqali kelib tushgan murojaatlar ustidan real vaqt rejimida nazorat o‘rnatiladi. Belgilangan muddatdan kechikkan murojaatlar avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga o‘tkaziladi. Shuningdek, murojaatlar “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar esa 3 ish kuni ichida qayta ko‘rib chiqiladi.
Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha hisobotlari har chorakda kamida bir marta parlament palatalarida eshitiladi. Hududlarda esa hokimlar va mahalliy idoralar rahbarlari hisobotlari tegishli kengashlarda muhokama qilinadi.
Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarda videokuzatuv va domofon o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Prezident tomonidan imzolangan qaror bilan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyihalarida har bir podyezd, lift va tutash hududlarga kuzatuv kameralari, kirish eshiklariga esa domofon komplekslari o‘rnatilishi shart etib belgilandi.
Ushbu qurilmalar loyiha hujjatlariga kiritilmagan taqdirda, hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanishi qayd etilgan. Shuningdek, o‘rnatilgan kameralar va domofon tizimlari uy-joyning umumiy mol-mulki hisoblanadi hamda belgilangan tartibda boshqaruvchiga topshiriladi.
Metroning yerusti halqa yo‘lida poyezdlar harakati vaqti uzaytirildi
1-maydan boshlab Toshkent metropolitenining yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar harakati har kuni soat 05:00 dan 23:00 ga qadar yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu yo‘nalishda metro poyezdlari shu vaqtga qadar ertalab soat 06:00 dan 23:00 ga qadar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelgan. Endilikda yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish va qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida qatnov vaqti bir soatga uzaytirildi.
“Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkaziladi
Har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
“Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan ‘Toza havo’ umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilanishicha, mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
IIVning migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi
O‘zbekiston ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari bosqichma-bosqich aholiga “tezkorlik va shaffoflik tamoyillari asosida aholiga yanada qulay va sifatli xizmat” ko‘rsatuvchi “servis bo‘linmalar”ga aylantiriladi.
Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va shaxsiylashtirish departamentiga (sobiq Migratsiya va fuqarolik berish bosh boshqarmasi) 1-maydan boshlab Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman yo shaharda ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida “aqlli” migratsiya shoxobchalarini (Smart migration station) tashkil etish bo‘yicha sinov loyihasini amalga oshirish topshirildi. Shoxobcha sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydi va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini taklif etadi.
“Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi amaliyotga joriy etiladi
Stent for Life va Action Plan for Stroke xalqaro dasturlari asosida ishlab chiqilgan “Infarkt va insultga qarshi kurashish” milliy dasturi 2026-yil 1-maydan boshlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 1-oktyabrdan Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2027-yildan esa boshqa hududlarda amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish hamda natijasiga koʻra aniqlangan xavf guruhiga mansub fuqarolarni maqsadli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish hamda bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish algoritmlari va klinik marshrutlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.
Nogironlikni belgilashda imtiyozli davolanish yo‘llanmasi kompozit shaklda rasmiylashtiriladi
Prezident qaroriga ko‘ra, nogironlikni belgilash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yo‘llanmani shakllantirish va elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
2026-yil yakunigacha tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qo‘yishda ko‘maklashuvchi sun’iy intellektga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi.
Mahsulotlarga oid standartlar ixtiyoriy tartibda qo‘llanadi
Yangi tartibga ko‘ra, istalgan darajadagi standartlar majburiylik tusini yo‘qotadi va ixtiyoriy shaklga o‘tkaziladi. Korxonalar o‘z faoliyatida milliy, xalqaro yoki xorijiy standartlardan istalganini erkin tanlab foydalanishi mumkin. Shu bilan birga, standartlarning rasmiy ro‘yxati milliy standartlar darajasida yuritiladi.
Majburiy standartlar amaliyoti o‘rniga bozor nazorati mexanizmi joriy qilinadi. Endilikda mahsulotlar xavfsizlik va belgilangan talablarga muvofiqligi risk tahliliga asoslangan nazorat tizimi orqali baholanadi. Bundan tashqari, tasdiqdan o‘tgan mahsulotlar uchun milliy muvofiqlik belgisi — CUz’ni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Toshkent—Xiva yo‘nalishida tezyurar poyezd harakatlana boshlaydi
Toshkent—Xiva yo‘nalishida “Jaloliddin Manguberdi” nomli yangi yuqori tezlikdagi elektropoyezd 3-maydan qatnay boshlaydi. Bir tomonga chipta narxi 780 ming so‘m bo‘ladi.
Qatnovlar haftasiga 3 kun amalga oshiriladi. Toshkentdan Xivaga poyezd seshanba, payshanba va shanba kunlari, Xivadan Toshkentga esa chorshanba, juma va yakshanba kunlari harakatlanadi.
IIV Migratsiya departamentiga xorijliklar vizasini uzaytirish huquqi beriladi
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.
Shuningdek, chet el fuqarolariga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati departament va uning hududiy boshqarmalariga ham beriladi.
Harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarni kasbga o‘qitish xarajatlari qoplanadi
Askarlarni kasbga o‘qitishga jalb etilgan pedagoglarga mashg‘ulotlarni o‘tkazganlik uchun soatbay asosida ish haqi to‘lanadi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan hamda xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarni, shuningdek, askarlarni harbiy qismlarda kasbga o‘qitish xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat idoralarida qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi
Kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi.
Printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi.
OTMlar va ilmiy institutlar spin-off korxonalarini tashkil etadi
1-maydan spin-off korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga beriladi va 5 yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladi.
Korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularning ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarorini qabul qilish hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


