Mashhurlar
Otabek Mutalxo‘jayev saraton haqidagi noto‘g‘ri tashxisdan so‘ng sochi oqarib ketgani haqida
So‘nggi vaqtlarda muxlislar nazarida kamnamo bo‘lgan xonanda Otabek Mutalxo‘jayev “Darakchi” nashrining YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida xonanda nima sababdan media olamida kam ko‘rinayotgani va boshdan kechirgan xastaligi haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“San’atda kamnamo emasman”

— Tan olish kerak, inson hayotida yorug‘ kunlar bilan birga qorong‘i kunlar ham bo‘ladi. Betob bo‘lgan kunlarim ham bo‘ldi. Shunday vaqtlarda san’atni to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi. Ammo 10 yillab yo‘qolib ketmadim. San’atda kamnamo bo‘lganimning yana bir sababi ketma-ket yangi qo‘shiqlar chiqarmayotganim bo‘lsa kerak. Lekin yana bir gap, she’rga yuragim jiz etmasa, ashula qilmayman. Shuning uchun doim yaxshi she’rlarni qarab, qidirib yuraman. Hamon ijoddaman, to‘xtab qolganim yo‘q. Media olamida ko‘rinmay qolgan vaqtlar ham xalq xizmatida, davlat tadbirlaridamiz. Kerak bo‘lsa har kuni to‘ylarda, xalq xizmati bilan viloyatlarda yuramiz. Xorijda konsertlar berib turibmiz. Yaqinda ham Moskva va Istanbulda konsertlarimiz bo‘ldi. Shu kabi gastrollarni ko‘paytirishni ham reja qilyapmiz.
Oilasi haqida
Xonanda Otabek Mutalxo‘jayev garchi ijodi, yaratgan qo‘shiqlari haqida muxlislarga gapirib bersa-da, oilasi haqida suhbatlashishni xushlamaydi.
— Oila haqida gapiradigan bo‘lsam, oilada uch farzandmiz — men kattasiman. Hozirgi kunda ikki qizim bor. Turmush o‘rtog‘im haqida ko‘p savollar berishadi. Ammo bu haqda gapirishni xohlamayman, sir bo‘lib qolishi tarafdoriman. Oilali bo‘lib bildimki, uning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor ekan. O‘zim ota bo‘lganimdan so‘ng ota-onamning qadriga yeta boshladim. Farzand tarbiyasi oson ish emas ekan, deydi u.
“O‘ziga to‘q oilada ulg‘aygan bo‘lsam-da, ko‘p qiyinchiliklar ko‘rib katta bo‘lganman”
— Garchi o‘ziga to‘q oilada o‘sgan bo‘lsam-da, hayotda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rganman. Ota-onamdan pul olmay, ularga og‘irligim tushmasin, deb kichikligimdan bozorda arava sudragan kunlarim ham bo‘lgan. Ba’zan meva terib sotganman. Maktab davrimda kompyuterxona ochgandim. Bir muddat avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida ham ishlaganman. Birinchi maoshimni 14 yoshimda makaron ishlab chiqaradigan korxonada ishlaganimda olganman — yozgi ta’til paytlari edi. Nima qilishimni bilmay, pullarni onamga berganman. Shunda onam o‘sha pullarga men uchun o‘quv-qurollar olib bergan.
Neft-gaz sohasida o‘qishni tugatganim uchun oxirgi ishlagan joyim gaz quyish shoxobchasi bo‘ldi. Talabalik yillari o‘sha yerda operator bo‘lib ishladim. Bu yerda bizni ishdan tashqari ham qurilishga olib borishardi. Ish o‘rnimni yo‘qotmaslik uchun majbur bo‘lib qurilishda ham ishlaganman. Hatto buning ortidan ko‘p kasalliklar ham orttirib olganman. Bolalikdan ishlagan pulimning qanchadir qismini ro‘zg‘orga yengil bo‘lsin, deb uyga olib kelib berardim. Bugun yaxshiyam shu ishlarni qilgan ekanman deyman, deydi xonanda.
“Tadbirkorlikda 10 ming dollarga uxlatib ketishdi”
— To‘g‘ri, pul uchun to‘ylarga chiqib turaman. Lekin pul deb g‘ururimni sotmayman. Xonandalikdan tashqari qo‘shimcha biznes ham qilib turaman. Shu ishim davomida pul uchun har nega tayyor odamlarni ham ko‘rdim. Yaqinda bir odam meni 10 ming dollar atrofidagi pulga “uxlatib” ketdi. O‘sha insonga “birovning haqqi ertaga farzanding, yaqinlaring yoki ota-onangning kasalligi bilan qaytsa, qo‘rqmaysanmi” degan gaplarim ham ta’sir qilmadi. Misol uchun, birovdan 100 dollar qarz bo‘lib qolsam, ko‘nglim xijil bo‘lib yuradi. To pulini qaytarmagunimcha xotirjam bo‘lmayman. Shuning uchun hech qachon kreditga narsa olmayman. Har doim naqdga ish qilaman. Shuning sabab birovdan qarzi bo‘la turib bemalol yuradiganlarga hayron qolaman.
“Tibbiyot biznesga aylanibdi”

— Bir yili mazam bo‘lmay yotib qoldim. Buni eskicha ham deb o‘yladim. O‘shanda namoz o‘qishni boshladim. Shukrki, yaxshi bo‘lib ketdim. Xastalik davrimda tibbiyot tomondan hech qanday foyda ko‘rmadim. Ikki ming dollarga tahlillar topshirdim, shifokorlar u yering kasal, bu yering kasal deyishardi. Keyin bilsam, tibbiyotga yolg‘on aralashibdi. Maqsadi ustingizdan pul qilish.
Ishim tushgandan keyin tibbiyotning biznesga aylanganini bildim. Turli xil tahlillar topshirtirgani ham mayli, bir shifokor mana bu yeringda, Xudo ko‘rsatmasin, saraton bo‘lishi mumkin, deb qo‘rqitib meni battar stressga solib qo‘ydi. Bo‘lishi mumkin emas, desam “yo‘q, mumkin” deyishdi. Keyin tahlil topshirib to uning javobi chiqquncha sochimga oq tushib ketdi. Aslida tibbiyotda birdan qo‘rqitish emas, yotig‘i bilan tushuntirilishi kerak. Bizda malakali shifokorlar ko‘p, lekin ular orasida noprofessionallari ham yo‘q emas ekan, deydi u.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xoʻjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


