Mashhurlar

“Bu piar emas” — Manzura qozog‘istonlik kuyov, o‘rtadagi 20 yosh farq va Chimkentga ko‘chib ketayotgani haqida gapirdi

photo
Foto: Instagram / manzura_singer

Loading

Xonanda Manzura “Yashin TV” YouTube kanaliga intervyu berdi. Unda xonanda chin ayollik baxti, bo‘lajak turmush o‘rtog‘i va hayotidagi tub burilishlar haqida so‘zlab berdi. Turmush qurishidan avval bo‘lgan suhbat tafsilotlarini Daryo yozmoqda.

— Kuni kecha sahifangizda turmushga chiqayotganingiz haqida ma’lum qildingiz. Bu rostmi yoki piar?

— Bu piar emas. Haqiqatdan ham, turmushga chiqyapman va bu xabarni muxlislarimga ulashdim. Chunki xalq orasida turmushga chiqqanim yoki ajrashganim haqida turli gaplar yuradi. Shuning uchun ham ommaga bu haqda ma’lum qildim.

— Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishib qoldingiz?

— Rostini aytsam, bir oy avval ham u insonni tanimasdim. Qozog‘istonning Chimkentida Adhambek Yo‘ldoshev degan juda ham taniqli va reytingi baland san’atkor bor. Shu inson bilan gaplashib qoldik. Suhbat davomida duet aytishga qaror qildik. So‘ng Adhambek Yo‘ldoshev meni Chimkentga taklif qildi. Shu bilan Chimkentga yetib keldim va bu yerda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim.

— Demak, kuyov chimkentlik, shundaymi?

— Ha, chimkentlik. O‘zim ham shu yerlikman — Chimkentda o‘sganman. Sizlarga yana bir sirni ochaman. Pochchangiz mening hamavlodim. Bu men uchun juda muhim omil. Avvalgi intervyularimda ham nasl chiroyli bo‘lishi uchun azaldan juftlikning kelib chiqishiga qaraladi, deb aytganman. Yana ham biz Samarqandning eshonlaridanmiz. Dadam, aslida, Namanganning Kosonsoyidan bo‘lgan. Urushdan keyingi yillari ota-bobolarimiz Chimkent va Dushanbe tomonlarga tarqalib ketishgan. Bizda azaldan avlodga qarab kelingan. Bu narsani berkitmayman, oldinlari ham ko‘p gapirganman. Dugonalarimga ham bizda eshonni eshonga berishadi, deb aytardim. Shu narsa ushlab turibdi, demak, mening insonim hali oldinda va men eshonga turmushga chiqishim kerak, derdim. Hozir bo‘lajak juftim bilan avlodimiz har taraflama bir-biriga to‘g‘ri kelyapti.​

— Turmush o‘rtog‘ingizning yoshi sizdan kichikmi?

—Ha, mendan 20 yosh kichkina.

— To‘yga rozilik berishdan avval “bu mening insonimmi?” degan ikkilanishlar bo‘ldimi?

— Rostini aytsam, o‘zimdan 15-20 yosh kichkina insonga umuman turmushga chiqqim yo‘q edi. Negaki, 25—27 yoshdagilarning dunyoqarashi biznikidan sal boshqacha bo‘ladi. Masalan, biz sovet davri odamlarimiz, shuning uchun bizdagi dunyoqarash boshqacha. Shu sabab yaqinlarimga “mayli, 5 yosh katta-kichik farq bo‘lsa ham, tengdosh insonga turmushga chiqaman”, dedim. Yaqinlarim “yo‘q, sen ahamiyat ber bu insonga, xulqi boshqacha-ku”, deyishdi. Keyin qarasam, haqiqatan ham, yosh bo‘lgani bilan fikrlashi, taxminan, 35—40 yoshli odamlardek ekan. Bundan tashqari, ularning xulq-atvoridagi ko‘p xislatlar menga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun ko‘p o‘ylaganimdan so‘ng shu inson menga to‘g‘ri keladi, degan qarorga keldim.

— U insonning aynan qaysi xislatlari tanlov qilishingizga turtki bo‘ldi?

— Birinchi navbatda, xolis fikrlashlari. Chunki tan olishimiz kerak, bizda ayol kishini past ko‘rish, eshitmaslik, uning fikrlarini inobatga olmaslik kabi holatlar ko‘p uchraydi. Lekin shu bilan birga hamon chiroyli xulqli erkaklarimiz ham yo‘q emas. Misol uchun, dugonalarimning xo‘jayinlarini ko‘raman, ayolining ham, ularning ham xulqlari juda go‘zal. Hozir hamma erkaklarni maqtamoqchi yoki yomonlamoqchi emasman. Yaxshilari ham bor, yomonlari ham yo‘q emas. Aytmoqchi bo‘lganim, bo‘lajak xo‘jayinim yaqinlari, onasi va opa-singillari bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, oilasidagi ayollarga chiroyli muomala qilishlarini ko‘rdim. Yaqinlarini eshitadigan, ularga mehribon inson ekan. Mana shu faktorlar tanlovimda juda ham katta rol o‘ynadi.

— To‘ydan so‘ng qaynota-qaynonangiz bilan yashaysizmi?

— Xo‘jayinim oilada ikki o‘g‘il va ikki qiz farzand bo‘lib, hammalarining menga nisbatan munosabatlari yaxshi. Men ham ularni hurmat qilaman va yaxshi ko‘raman. Lekin to‘ydan keyin, Xudo xohlasa, alohida yashaymiz.

— To‘ydan keyin Chimkentga ko‘chib ketasizmi?

— Ha, albatta, Chimkentga ko‘chib ketaman. Ammo xo‘jayinim to‘ydan keyin ijod qilishimga taqiq qo‘ymadilar. “Ijodingni to‘xtatib, seni sindirib qo‘yishni xohlamayman, borligingcha qabul qilaman”, dedi va harakatlari ham shunga yarasha. To‘ydan keyin ruxsatini olib, Toshkentga kelib, syomka va xizmatlarni o‘tkazib ketishim mumkin. Xudo xohlasa, endi buyog‘ini hayot ko‘rsatadi. Chunki erkaklar o‘zi tabiatan rashkchi bo‘ladi. Hammasi Allohdan.

— Izohlarda ba’zilar bo‘lajak juftingizni “alfons bo‘lsa kerak-da”, deb o‘ylashmoqda. Bu kabi gap-so‘zlarga nima deysiz?

— Alfons erni xohlamaganman. Allohga shukur, bo‘lajak erim alfons emas. Chunki, masalan, har doim “mayli, erim boy bo‘lmasa ham, oilasini, ro‘zg‘orni tebratish uchun qandaydir hunari bo‘lsin”, deganman. Yosh qizcha emasman. O‘zimning qarashlarim bor, turmushga chiqishga rozi bo‘lishim uchun turmush o‘rtog‘im “oligarh” bo‘lmasa ham, tadbirkor yoki o‘z biznesiga ega bo‘lishi kerak, deganman. 

— Bo‘lajak eringiz ajrashgan va bolalari ham bormi?

— Turmush o‘rtog‘imning shaxsiy hayoti, uylanganmi-uylanmaganmi, mening emas, uning ishi. Bu men uchun kerak bo‘lmagan ma’lumot. Asosiysi, bugungi kunda birgamiz va chiroyli oila bo‘lishimiz kerak. Biz shunday oila bo‘lishimiz kerakki, ertaga bizga qarab, havas qilishsin.

— Ko‘pchilik kuyovning yoshi kelindan kichkina bo‘lsa, ayoli uning aytganlarini qilmaydi, deb o‘ylashi mumkin. Bu gaplar qanchalik asosli?

— Bu hayot va unda turli holatlar bo‘lishi mumkin. Shu sabab hamma narsaga xolis qarashimiz kerak. Oilada sal tushunmovchiliklar bo‘lib, xafalashishsa, kimdir boshini egishi kerak. Menimcha, ko‘proq men boshimni egishimga to‘g‘ri keladi. Chunki men ayol kishiman va xohlardimki, xo‘jayinning yoshi ayolidan kichik bo‘lsa ham, ayol kishi bir-ikki pog‘ona pastda turishi kerak. Baribir erkak kishi oilaning podshohi hisoblanadi.

Turmush o‘rtog‘im menga juda ham mehribon. Ammo u ham o‘ziga yarasha xarakterli inson. O‘zining gaplarini ustun qo‘yishni biladigan erkak fe’l-atvoriga ega. Asosiysi, shu sifatlari bilan menga yoqadi. Chunki tan olish kerak, bir mening emas, san’atkorlarning ham fe’li anoyi bo‘lmaydi.

photo02

— Hozirgi kunda baxt deganda nimani tushunasiz?

— Haqiqiy baxt oila ekanini allaqachon tushunib bo‘ldim. Lekin nimagadir hamma “Manzura turmushga chiqishni istamaydi”, deb o‘ylardi. Yaxshi insonni uchratsam, albatta, turmush quraman, degan niyatim har doim bo‘lgan. Shunchaki taqdir bo‘lmagan, shuning uchun xayrlisini kutayotgan edim. Insonga hayot yo‘llarida uni qo‘llab-quvvatlaydigan hamroh, umr yo‘ldosh kerak, albatta. Yana bir bor aytaman, juftingiz yaxshi xulqli bo‘lsa, shuning o‘zi katta boylik, deydi u. 

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.