Buxoro yangiliklari

Poyjo‘yda katta o‘zgarishlar: yangi maktab va infratuzilma loyihalari amalga oshmoqda

photo
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Loading

Romitan tumanining olis hududlaridan biri bo‘lgan Poyjo‘y mahallasida so‘nggi yillarda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yuqori Poyjo‘y, Quyi Poyjo‘y, O‘zbakon va Qalibolo qishloqlarini o‘z ichiga olgan ushbu hududda bugungi kunda 4 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar mahalla hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.

Hududda tibbiy xizmatni yaxshilash maqsadida zamonaviy tibbiyot punkti bunyod etilib, mahalla ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi. Ichki yo‘llarni yaxshilash doirasida “Poyjo‘y” va “Qalibolo” qishloqlarida qariyb 2 kilometr yo‘l asfaltlashtirildi. Elektr ta’minotini barqarorlashtirish uchun 2 ta transformator va 2,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari ta’mirlandi.

Shuningdek, gaz ta’minoti tizimida 1,25 kilometr gaz quvuri yangilanib, 3 ta gaz taqsimlash punkti texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida esa 10,6 kilometr suv quvuri tortilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ayni paytda mahallada yana bir muhim ijtimoiy obyekt — yangi umumta’lim maktabi qurilishi olib borilmoqda. Hozirgacha maktab yoshidagi 700 nafarga yaqin bolalar uzoqdagi 19-maktabga qatnab kelgan bo‘lsa, endilikda ular o‘z hududida zamonaviy ta’lim maskaniga ega bo‘ladi.

Yangi maktab O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 330 o‘rinli ushbu ta’lim muassasasi uch qavatli bino, sport inshooti, oshxona va ustaxona kabi zarur infratuzilmalardan iborat bo‘ladi.

Qurilish ishlari “Bobur Azamat Temur” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Ob’ektda 50 nafarga yaqin ishchi va mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Ish sifati va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi muntazam nazorat qilinmoqda.

Mahalla aholisi, ayniqsa ota-onalar ushbu yangilikdan mamnun. Chunki ilgari bolalarning uzoq masofaga qatnashi xavotir uyg‘otgan bo‘lsa, endilikda bu muammo o‘z yechimini topmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi infratuzilma loyihalari qishloq joylarda yashash sharoitlarini yaxshilash, aholi farovonligini oshirish va hududlarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi.

Poyjo‘y mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida ham davom ettirilishi kutilmoqda. Bu esa hududni yanada obod va zamonaviy maskanga aylantirishga xizmat qiladi.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, O‘zbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim ko‘chasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipovich. Muassis: “Buxoroisharif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va shikoyatlaringizni info@buxoroisharif.uz ga yoʻllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan toʻliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, chop etish faqat manba ko‘rsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Ushbu sayt OAV sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda ro‘yxatdan o‘tgan.