Mashhurlar
Yodgor Mirzajonov nega shou-biznesda ko‘rinmay qolgani haqida gapirib berdi
O‘zbek estradasida o‘zining yo‘nalishiga ega xonanda Yodgor Mirzajonov “Mening yurtim” telekanalidagi “O‘zimizning gap” loyihasi mehmoni bo‘ldi. Tabiatan vazmin xonanda bizneslari haqida va bugungi yengil taronalar xususidagi fikrlarini aytib o‘tdi. Daryo maqolasi shu haqida.
“Hazilomuz va yengil qo‘shiqlar tez trendga chiqmoqda”
— Avvallari qo‘shiq yozilayotganda har tomonlama professionallikka ahamiyat berilar edi. Yaxshi studiya, kompozitor, she’r va yaxshi oranjirovka, klip tayyorlashga harakat qilinardi. Hozir bo‘lsa, bu tamoyillar “odamlarga yoqsa bo‘ldi”ga o‘zgardi. Bilasizmi, bugungi kunda hazilomuz qo‘shiqlar tez ommalashmoqda. Bular balki biz uchun bachkanaday tuyilishi mumkindir, ammo aynan, shu kabi taronalar trendga chiqyapti. Hit bo‘layotganlar orasida yaxshi qo‘shiqlar ham yo‘q emas, albatta. Shunday bo‘lsa ham yengil va hazilomuz ashulalar tez tarqalyapti. Men ham shu yo‘nalishda qo‘shiq yaratib ko‘rdim. Ammo ommaga chiqarishga uyaldim. Odamlar gapirmasin dedim.
Shuning uchun bu yo‘nalishni va qo‘shig‘imni bir chetga surib qo‘ya qoldim. Marhum ustozimiz Musaxon Nurmatovning “ashula tayyorlaydigan bo‘lsangiz, ijodingizni sizdan keyingi nabiralaringiz eshitib, bobom shunday qo‘shiqlar aytgan ekan, deb faxrlansin” degan gaplari bor edi. Xuddi shunday ertaga eshitishganda “iye, u vaqtda ham shunday yengil ashulalar bo‘lgan ekan-da” demasliklari uchun ham chiroyli taronalar yaratishimiz kerak, deydi xonanda.
“Avvallari san’atkorga muxlislik kuchli bo‘lardi”
— San’atga kirib kelgan vaqtim bilan hozirgi davrni solishtirsak, juda katta farq ko‘zga tashlanadi. Chunki u vaqtlarda san’atkorga chin muxlislik qilinardi. Hozir u qadar muxlislik yo‘q, deb o‘ylayman. Boisi bugungi kunda san’atkorlar bilan ko‘rishishingiz, bemalol gaplashib o‘tirishingiz mumkin. Oldinlari bo‘lsa, mashhurlarga xatlar yozilardi, gazetalarning muqovalarida artistlarning surati chiqishini kutishardi. Hozir ijtimoiy tarmoqlar sabab ham bu odatlar o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Balki hamon shunday muxlislik qiladiganlar bordir, yana bilmadim, deydi u.
“San’atkorga qo‘shimcha daromad kerak”

Yodgor Mirzajonov xonandalikdan tashqari bir nechta tadbirkorlik turlari bilan ham shug‘ullanadi. Ko‘rsatuv davomida u sovun ishlab chiqarish, elektronika, qurilish hamda mehmonxona yo‘nalishlarida bizneslari bo‘lganini, ulardan ba’zilarining faoliyati bugungi kunga kelib, to‘xtab qolgani yoxud muzlab qolgani haqida aytib berdi.
— Biznesmen emasman, shunchaki qiziqaman. Qolaversa, san’atkorga qo‘shimcha daromad ham kerak, albatta. Ustoz san’atkorlarimizning ko‘pchiligi o‘z biznesiga ega. Shuning uchun men ham ijod bilan birga qo‘shimcha biznesga ham qo‘l urdim. Ish boshlanib, yaxshi ketayotgan mahalda kutilmaganda qandaydir sabablarga ko‘ra, biznesimiz to‘xtab qoldi. Yiqqan sarmoyamiz ham muzlab qoldi. Har qancha urinsak-da, sarmoyani yechib bo‘lmadi. O‘sha vaqtda bundan boshqa biznesim yoki jamg‘arib qo‘ygan pulim ham yo‘q edi. Ijodimni shuning ortidan moliyalashtirardim. O‘rtada biroz vaqt qo‘shiq yozolmay, klip ham ololmay qoldim. So‘ng yana hammasini boshqatdan, noldan boshlashga to‘g‘ri keldi, deydi Yodgor Mirzajonov.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


