Mashhurlar
“Qariganimda kelinim menga qaraydi”. Shohida Uzoqova qanday qaynona ekanligi haqida gapirdi
Mahoratli teatr va kino aktrisasi Shohida Uzoqova “Ayol qalbi” ko‘rsatuvi uchun intervyu berib, unda onasining vafoti, kelinlik davri, hozirda qanday qaynona bo‘layotgani hamda o‘g‘li Alisher Uzoqov haqida so‘zlab berdi. Daryo shular haqida yozmoqda.
“Onam vafot etgach, haligacha xonasiga kirolmayman”

— Bolaligimni qattiq qo‘msayman. Qishloqda oddiy pechka yoqilardi: oddiy stolda onam, uka-singillarim bilan Yangi yil bayramini kutib olishni sog‘inaman. Onam vafot etgach, tarqoqlik boshlandi. Hozir u hovliga kirolmayman. Onam rahmatli “Mana shu xona sizlarniki, kimga nima kerak bo‘lsa kelinglar. Men ketganimdan keyin shu xonaga kelib, istaganingizcha turib ketasizlar” degandi. Lekin onamning xonasiga kirolmayman. Onam vafot etgach, ikki yildan so‘ng ukam ham ketib qoldi. Uning bunchalik erta dunyodan ko‘z yumishini tasavvur ham qilmagandim, deydi Shohida Uzoqova.
“Kelinlik xizmatini qilib, 45 kiloga ozib ketganman”
Shohida Uzoqova kelinlik davrini eslab, qaynonasining maqtovi uchun yelib-yugurgani haqida gapirib berdi.

— Juda sho‘x, zamonaviy, tirnoq o‘stirib, bo‘yab yuradigan qiz edim. Uy ishlarining ko‘pini qilmasdim. Ekinlarni o‘toq qilmaganman, qo‘y-qo‘ziga qaramaganman. Kelinlik davrim qiyin bo‘lgan. Marg‘ilonda bir yil yashaganmiz. Qaynonamning uyida turmush o‘rtog‘im “Ayamga yoqyapsan” desa, hamma ishni qilib ketaverganman. Ertalab soat 4 da uyg‘onardim. Marg‘ilondan qaytganimda 45 kiloga tushib ketganman. Dadam rahmatli “Qizim, nima bo‘ldi senga, kasal bo‘lib qoldingmi?” desa, “Yo‘q, dadajon, men qaynonamning xizmatidaman” deb yuraveribman. Lekin kam bo‘lgan joyim yo‘q, chunki mehnatdan hech kim o‘lmaydi, deydi aktrisa.
“Kelinim homiladorligida uy ishlarini o‘zim qilganman”
— Xo‘sh, o‘zim qanday qaynonaman? O‘g‘lim Alisher ayolini o‘zi topgan. Kelinim “Dyumchaxon” ertagidagi qizchaga o‘xshaydi: kichkinagina. Birinchi oydayoq kelinimning toksikozi boshlandi. Shohida Uzoqova uy ishlarini qilishga tushdi. Kelinni ayab hovli, mahalla, ko‘chalarni tozalaganman. U menga sog‘lom nabira dunyoga keltirib berishi kerak — asosiysi shu. Kuchim bor, qo‘l-oyog‘im ishlab tursa, nega endi men qaynonaman deb, xizmatimni qil deyishim kerak? Kelinim o‘zimga o‘xshaydi, saranjom-sarishta. Boshida albatta, kamchiliklari bo‘ladi. Ovqatini ham shirin chiqibdi deb yeb, biror ishida kamchilik bo‘lsa ham ko‘rmaganga olganman.
Xudo xohlasa, men 100 yoshdan oshaman, deb niyat qilganman. Nabiramning nabirasini ko‘rib ketaman, deyman. Buning uchun qancha yashashim kerak, tasavvur qilavering. Vaqti soati kelib, 90 yoshdan oshganimda menga o‘g‘lim qaramaydi, qizim ham o‘z hayoti bilan. Kim g‘amxo‘rlik qiladi? Shu kelinim-da. Yangi kelin tushirganimda 10-15 yil uni guldek yaxshilab parvarish qilsam, asrab-avaylasam, qarigan chog‘imda “Oyijonim meni asragan edi” deb menga qaraydi, deydi aktrisa.
Alisherga “San’atda bir-birimizni tanimaymiz” deganman”

— To‘g‘risini aytaman, Alisherni hech qachon urishmaganman. Bolalarim yoshligida ular bilan qo‘shilib, qo‘g‘irchoq bo‘lsa qo‘g‘irchoq, mashina bo‘lsa mashina o‘ynaganman. Bog‘chaga borganida bog‘cha tilida gaplashganman. Maktabga borganida birga dars qilganman. 20 yoshidan keyin unga mustaqil shaxs sifatida qaray boshlaganman. Hech qachon “Alisher, buni bunday qilish kerak” demaganman. Doim sekin tushuntirganman.
Ammo san’atga kirganida “Men seni tanimayman, sen meni tanimaysan. Bir-birimizning ishimizga aralashmaymiz. Men seni yetaklab olib yurmayman. Bu sohada o‘zing nimanidir eplab ketsanggina biror yutuqqa erishasan” deganman. Bundan tashqari mening yo‘nalishim boshqa, uning yo‘li boshqa. Qoqilsa ham o‘ziga poydevorni o‘zi qurishi kerak. Agar men uni turg‘azib qo‘ysam, hech kim bo‘la olmasdi, deydi Shohida Uzoqova.
“Operatsiya vaqtida ham baxtli edim”

— Kimdir mukofot olsa, boshqa birov orzusidagi rolni o‘ynasa, boshqa odam farzandli bo‘lsa men baxtliman, orzum ushaldi deydi. Men esa o‘zimni o‘zim baxtli qilaman. Oddiy misol, qattiq kasal bo‘lganimda operatsiyaga olib kirib ketishayotganda o‘zimni baxtli his qildim. Chunki davo topyapman. Chiqqanimdan keyin ham shod edim, tuzaldim deb. Masalan, chiroyli gullar, bejirim idish — baxtni hammasidan olaman. Baxt oddiylikda, deydi u.
“Yana o‘z hayotimda yashashni xohlardim”

— Yana qayta tug‘ilish imkoni bo‘lganida shu hayotimni umuman o‘zgartirmagan bo‘lardim. Kimlardir xatolarim bor, o‘zgartirardim deydi-ku, yo‘q, men o‘z hayotimni yana yashagan bo‘lardim. Chunki bu hayot menga ko‘p narsa berdi — shunday farzandlarim, nabiralarim bor. Hayotimdan roziman. Agar hayotim kitob bo‘lsa, “Bu hayot meniki” deb nomlagan bo‘lardim.
Mening yoshimda eng ulug‘ baxt — buvijon bo‘lish. Shohi buvijonman hozir. Qizimning uch, Sarvarning to‘rt, Alisherning ikki nafar farzandi bor. Nabiralarim yana ko‘paysin, deydi aktrisa.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


