Buxoro yangiliklari
Buxoroda ayol “Markaziy bank xodimi”ga ishonib, 1 milliard so‘mdan ortiq pulidan ayrildi
Buxoroda nufuzli tashkilotlardan birida hisobchi bo‘lib ishlovchi ayol kiberfiribgarlar tuzog‘iga tushib, 1 milliard 9 million so‘m mablag‘idan ayrildi. Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 2025-yil 1-dekabr kuni sodir bo‘lgan. Ayolga Telegram orqali o‘zini Markaziy bank mansabdori sifatida tanishtirgan noma’lum shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, uning bank omonatlari xavf ostida ekanini aytgan. Firibgarlar go‘yoki bank xodimlari pullarni talon-toroj qilayotganini bildirib, mablag‘larni “xavfsiz” kartalarga o‘tkazishni tavsiya qilgan.
Qo‘ng‘iroqdagi gaplarga ishongan ayol turli banklardagi omonatlarida saqlanayotgan jami 1 milliard 9 million so‘mni firibgarlar aytgan plastik kartalarga o‘tkazib yuborgan. Bir necha kundan keyin aldanib qolganini anglab, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan Buxoro viloyati IIBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Natijada Toshkentda pullarni naqdlashtirish va jinoiy guruh faoliyatini boshqarishda gumon qilinayotgan ikki shaxs qo‘lga olindi.
Tergov davomida jinoyatchilar mablag‘larni yashirish uchun murakkab sxemadan foydalangani ma’lum bo‘ldi. O‘g‘irlangan pullar turli hududlardagi fuqarolar nomiga ochilgan “drop-karta”larga bo‘lib yuborilgan. Ayrim fuqarolar o‘z bank kartalarini 100 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan pullar evaziga boshqa shaxslarga sotib yuborgani aniqlangan.
Mablag‘larning bir qismi bankomatlar orqali naqdlashtirilgan bo‘lsa, yana bir qismi kriptovalyutaga aylantirilgan. Jinoyat izlarini yashirish maqsadida pullar Xorazm viloyati, Andijon viloyati, Namangan viloyati, Jizzax viloyati va boshqa hududlardagi kartalar orqali aylantirib yuborilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida gumonlanuvchilarning avtomashinalari ko‘zdan kechirilganda, o‘nlab bank kartalari, mobil telefonlar, SIM-kartalar hamda 100 million so‘mdan ortiq naqd pul ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ichki ishlar organlari jinoiy sxemaning boshqa ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha ham ish olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi ayolning o‘g‘irlangan 1 milliard 9 million so‘m mablag‘i to‘liq undirib berilgan. Mutaxassislar fuqarolarni noma’lum shaxslarga ishonmaslik, bank kartasi va omonatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni begonalarga bermaslik hamda shubhali qo‘ng‘iroqlarda rasmiy tashkilotlarning ishonch telefonlari orqali ma’lumotni qayta tekshirishga chaqirmoqda.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


