Mashhurlar
“Semizligimda sigir deyishardi, ozganimdan keyin kampirga aylandim”. Barchin G‘ofurova Instagram’dagi heyt va otasi bilan munosabatlari haqida
Salbiy rollarni maromiga yetkazib ijro etuvchi aktrisa Barchin G‘ofurova “Darakchi” nashrining YouTube kanalidagi intervyusida otasiz o‘tgan bolalik yillari, onasi kasallikka chalinganda shifokorlarning mas’uliyatsiz bo‘lgani hamda shaxsiy hayoti haqida gapirib berdi. Daryo shu haqida yozmoqda.
“Qiz bola qiz bolaga do‘st bo‘lmas ekan”

— San’atda hech qachon do‘stlik bo‘lmaydi. Oxirgi vaqtlarda shunday xulosaga keldim. Qiz bolaning dugonalari ham uning do‘sti bo‘lolmas ekan. Masalan, menda shunday. “Jon jigaringman”, deb turganlarni ham ko‘rdim. Ular ham bir kun baribir oyog‘ingizga bolta urib ketadi. Shu sabab kimgadir yordam berish kerak bo‘lsa, qo‘limni tortishni o‘rgandim. Chunki yordam berib, oxirida o‘zim yomonotliq bo‘lib qolgan vaziyatlarim bo‘ldi . O‘tgan 2025-yil shunday saboqlar berdi.
“Shifokorlarning ‘onangiz o‘ladi, olib ketavering’, deb bemalol aytgani meni shokka tushirgan”

— Onam mendan ko‘ra kuchli. Har doim kulib turadilar. Shifokor onamni saratonga chalinganini, buning davosi yo‘qligini aytganida aktrisa bo‘lsam-da, onam oldida o‘zimni tutib turolmaganman. Ko‘zimdan o‘z-o‘zidan yosh quyilib kelavergan. O‘shanda onam kulishga kuch topib “Qizim shuncha sinovni yengib o‘tdik, bunisini ham yengamiz”, deganlarida ularning mendan-da kuchli ekanini bilganman.
Chunki o‘shanda shifokor bu gapni shunchalar xotirjamlik bilan “Olib ketavering o‘z dadamni ham saqlab qololmaganman, onangiz ham o‘ladi. Xohlasangiz Hindistonga olib borib davolatib ko‘ring”, deb bemalol aytgandi. O‘sha vaqtda shokka tushib qolgandim chunki hayotimda bitta onam bor. Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin, deganman. Onam bilan shahar kasalxonasiga Yangi yil arafasida borgan edik. Kasalxona xodimlari sovg‘alarni ochish bilan band. “Qaraysizlarmi, bemor bor”, desak “ha, kutib turing”, deyishdi.

— Bir indamaysiz, ikki indamaysiz, uchinchisida ham chidaysiz. Oxiri sizning ham joningizdan o‘tadi-da, “Qaraysanmi-yo‘qmi kasal odam keldi, yotibdi bu yerda”, deysiz-da keyin. Bunday holatlarga ko‘p chidolmayman. Chunki juda ham his-hayajonliman. Holatga juda kirishib ketib, vaziyatni urush-janjalga aylantirib yuborishim mumkin. Chunki bu yoqda onamdan qon ketib, ahvollari og‘ir bo‘lib turibdi.
Hayotdagi eng yaqin insonim, mening ulardan-da yaqin insonim yo‘q. Oxiri “ha, hozir to‘xtab turing ” deb kelishadi. Ko‘rikka kirganimizdan keyin ham bemalol va xotirjam holatda “olib ketavering onangiz o‘ladi” , deydi. Ayrim shifokorlarning yuzi shunchalik darajada qattiqlashib ketgan ekan. Shukrki, yaxshi vrachlar ham bor. Keyin Beruniydagi onkologik shifoxonaga qo‘ng‘iroq qildim. U yerdagilar olib keling bizga, deyishdi. Xudoga shukr, o‘shalar yaxshi qarab, onamni davolab berishdi, deydi aktrisa.
Otasi bilan munosabatlari haqida
Barchin G‘ofurova intervyularida otasiz katta bo‘lgani hayotdagi eng katta armoni ekanligi haqida bir necha marotaba aytib o‘tgan. U 2025-yilning noyabrida uzoq yillik ayriliqdan so‘ng otasi bilan uchrashgani aks etgan videoni sahifasiga joylagan edi. Aktrisa hozirda otasi bilan munosabatlari yaxshi ekanligi, tez-tez qo‘ng‘iroqlashib, uning holidan xabar olib turishini aytadi.
— Dadam bilan ora-orada telefon orqali hol-ahvol so‘rab, gaplashib turamiz. Ular ham “qo‘ng‘iroq qilib tur, uzilib ketma”, deydilar. Ularning oldiga borganimdagi videoni sahifamga joylagan edim. Dadam bilan ko‘rishganimdan so‘ng ham nimaga, nima uchun, nima sababdan degan savollarim javobsiz qolib ketdi. Bu savollar hali ham menda turibdi.
Avvallari bularni so‘raganimda urush-janjal bo‘lib ketardi. Shuning uchun bu safar borganimda hech qanaqa savol bermadim. Nima bo‘larkin, dedim. Bu fikrni bloger Nigora berdi. Biz u bilan soatlab ota mavzusida gaplashdik va u hech narsa so‘ramasdan, shunchaki boring, dedi. Uning aytganini sinab ko‘rdim. Hammasi yaxshi bo‘ldi. Lekin baribir meni qiynab kelgan savollarimga javob ololmadim va bu savollar meni qo‘yib yubormayapti. Xo‘p, ota-ona ajrashsa, farzandda nima ayb? Nega biz shu tufayli bolalik davrini ko‘rmadik?

Oilamizda faqat men dadamni qabul qilganman. Sababi ko‘pchilik menga bu haqda gapirdi. “Hayotingga erkak kirib kelishi va yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun otang bilan munosabatlaringni yaxshilashing kerak. Nafrating tufayli senga yaxshi inson uchramayapti”, deyishdi. Shu sabab va yana umraga borib kelganimdan keyin otamni ham olib borishga niyat qilganim uchun ular bilan yarashdim.
“Bolalikdagi maqsadim muzlatkichni to‘ldirish bo‘lgan”
— Ukam bilan bolalikdan ota mehrini ko‘rmay katta bo‘ldik. Onam bizga ham ota, ham ona mehrini berdi. Bolalik davrini ko‘rmay, juda erta katta hayotga qadam qo‘ydik. Eng katta afsusim bola bo‘lmaganim deb bilaman. Bolaligimdagi bitta maqsadim muzlatkichimizni to‘ldirish bo‘lgan va hozirgi kunda shu maqsadimga erishdim.
“Ozganimdan keyin kampir deydigan odat chiqarishdi”

— Gohida muxlislarning izohlardagi og‘ir gaplari ta’sir qiladi. Darhol javob qaytarayotgan vaqtimda onam bu shashtimdan qaytaradi. U “qo‘y, javob qaytarma, o‘chirib tashla, aytsa aytaversin”, deydi. Semizlik vaqtimda “golland sigiri” yana shunga o‘xshash so‘zlar yozishgan bo‘lsa, ozganimdan keyin “kampir”, deydigan odat chiqarishdi. Bu gap-so‘zlar menga og‘ir botadi. Onam bilan Instagram’imiz ulangan, shuning uchun ba’zida bu kabi izohlarga yozgan javoblarimni ko‘rib qolib o‘chirtiradilar, deydi u.
“Hayotimda erkak yo‘q, o‘zimga o‘zim erkakman”
— Uyda dardimni eshitadigan to‘rtta mushugim bor. Buni xalq ham biladi. Shu to‘rtala mushuk menga mehribon. Oyimning aytishlaricha, ular hattoki ishdan kelayotganimda eshikning oldiga tizilishib olishar ekan. Mushuklarimni yaxshi ko‘rib, barakam, deyman. Chunki ba’zi vaqtlarda oxirgi pulimga ular uchun ovqat olib kelsam, Alloh yana menga pul beradi.

Lekin hayotimda erkak yo‘q. O‘zimga o‘zim erkakman. Bilaman, tanholik faqat Yaratganga xos. Kutyapman, peshonamga yozilgani bordir. Shu kungacha hayotimda muhabbat mavzusi bo‘lgan, yashirmayman. Buni avvalgi intervyularimda ham aytgan bo‘lsam kerak. Biroq uydagilar rozi bo‘lmagan, boshqasiga uylanib ketgan. “Bu aktrisa-kul”, deyilgan vaziyatlar ham bo‘lgan. Bu mavzuni yopdim, qaytib ochmaylik. Chunki u vaziyatlardan qanday o‘tganimni faqat o‘zim bilaman. Sevgidan, do‘stlikdan, xiyonatkorlikdan charchadim, deydi Barchin G‘ofurova.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qo‘shig‘ining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni o‘ldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
G‘iybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xo‘jayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi


