Maşhurlar
“Xunuksan, sendan aktrisa chiqmaydi, deyishgan”. “Sardor” seriali mashhurlik keltirgan Nigora Karimboyeva haqida
“Sardor” seriali orqali tezda mashhurlikka erishgan, “Oydin hayot” tok-shousida bir necha yil boshlovchilik qilgan, “zahar” obrazlarni mahorat bilan ijro etuvchi kino va teatr aktrisasi, teleboshlovchi Nigora Karimboyeva 11-fevral sanasida 46 yoshni qarshiladi. Universitetga kirishi chog‘ida unda aktrisalik qobiliyati yo‘qligini aytishgan Nigora buning aksini o‘z rollari orqali isbotladi. Aktrisaning hayoti va ijodiy faoliyatiga Dayo nazar soldi.
“Ikki singlim ham xorijda yashaydi”
Aktrisa oddiy, ishchilar oilasida dunyoga kelgan. Otasi pedagog bo‘lib, qurilish kollejida dars bergan. Onasi esa arxitektorlik bo‘yicha tahsil olgan bo‘lsa-da, oilaviy sharoiti sabab ishlamagan.

— Oilada uch qizning to‘ng‘ichi bo‘lganman. Bolaligim juda go‘zal o‘tgan. Oila ta’minoti yolg‘iz dadamning zimmasida bo‘lsa-da, kam-ko‘stsiz yashaganmiz. Bolaligim turli gadjetlarsiz, oddiy o‘tgan. Juda sodda va ishonuvchan bo‘lganman. Bu feʼl to institutni bitirgunimga qadar saqlanib qolgan. Men sanʼatga, singillarim esa ilmga qiziqishgan. Hilola singlim turmush o‘rtog‘i bilan Kanadada yashab, o‘sha yerda tahsil oladi. Kenja singlim Dildora esa oilasi bilan birga Koreyada doktorlik dissertatsiyasini yoqladi, deydi aktrisa Nigora Karimboyeva.
Telejurnalist va aktrisa bo‘lishni istagan

Nigora Karimboyeva bolaligidan nafaqat sanʼat, balki telejurnalistika sohasiga ham qiziqqan. U institutning ikkinchi kursida tahsil olayotgan paytda “Ilhom” teatrida sahnalashtirilgan “Oq, oq qora laylak” spektaklida debyut rolini ijro etgan. Kinodagi ilk rolini esa 1999-yil rejissyor Yolqin To‘ychiyevning “Fevral” filmida ijro etgan.
“Senda aktrisalik qobiliyati yo‘q, deyishgan”
Aktrisa institutga qabul qilinishi bilan bog‘liq ayrim qiyinchiliklarni quyidagicha xotirladi.

— O‘sha paytda 16 yoshda edim. Juda qattiq xafa bo‘lganimdan yig‘lab yuborganman. Chunki otam qarshilik qilganiga qaramay, onam bilan yashirincha borgan edim. Imtihonda o‘tirgan hakamlardan biri “Senda aktrisalik qobiliyatini ko‘rmadim”, deb yuzimga aytgan. To‘g‘rirog‘i, xunukkina ekansan”, degan. Juda yomon holatga tushganman o‘sha payt. Onam kulgiga olib, “Ranjima, yalmog‘iz kampirlarni ham kimdir o‘ynashi kerak”, deb ko‘nglimni ko‘targan. Buni qarangki, institut bo‘yicha o‘sha yili eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga kirganman.
Arab yigitiga “ishlayman” deb shart qo‘yganman
Tomoshabinlar orasida Nigora Karimboyeva arab millatiga mansub inson bilan oila qurgani haqida turli mish-mishlar tarqalgan. Aktrisa intervyularining birida bu shunchaki mish-mish ekani va o‘zbek yigiti bilan oila qurgani haqida aytib o‘tgan.

— Intervyu juda kam beraman. Imkon qadar shaxsiy hayotim haqidagi savollarga javob bermayman. Oila shaxsiy qo‘rg‘on, uni ommaga olib chiqish mumkin emas, deb hisoblayman. Maqtanishga yo‘ymang-u, institutni tamomlash arafasida sovchi qo‘ygan yigitlar juda ko‘p edi. Ular orasida sanʼatkorlar ham, boshqa soha vakillari ham bor edi. Ammo nomzodlarning hammasi “Ishlatasizmi?” degan savolimga “Yo‘q” deb javob bergan. Shuncha yil o‘qib ishlamaymanmi deb sovchilarini qaytarib yuborganman. Bitta turmush o‘rtog‘im “Mayli shuncha yil o‘qibsiz, ishlaysiz”, degandan keyin shu inson bilan oila qurishga qaror qilganman.
Eski shaharlik pedagoglar oilasiga kelin bo‘lganman, turmush o‘rtog‘imning millati o‘zbek. Arab yigitiga turmushga chiqibdi degan gap-so‘zlarning tarqalishiga o‘g‘limning ism-sharifi sabab bo‘lgan. Yaʼni o‘g‘limga qaynotamning ismini qo‘shimchasiz qo‘yishni istaganmiz. Jaʼfar Shokir deb hujjatlarga yozdirganimizdan keyin poliklinikaga borsak, “Eringiz pokistonlikmi, turkmi, arabmi?” degan savollar berishardi. Avvaliga yo‘q deb sababini tushuntirishga harakat qilardim. Keyinchalik bunday savollardan charchab, gaplarini tasdiqlaydigan bo‘lganman, deydi Nigora Karimboyeva.
“Avval to‘yda boshlovchilik qilishga uyalardim”
Ayni kunlarda o‘zbek to‘ylarida eng talabgir boshlovchi bo‘lgan aktrisa o‘zi istamagan holda bu xizmatni yo‘lga qo‘ygani va “to‘ychi” degan nomdan ancha yil uyalgani haqida aytib o‘tdi.

— Ilgari to‘yga chiqadigan ijodkorlarga nisbatan munosabat boshqacha bo‘lgan. Hozir esa to‘ylar ham xuddi konsertdek o‘tyapti. Shunday bo‘lsa-da, ilgari to‘ylarga chiqishdan uyalganman. O‘zbek Milliy drama teatrida ishlab yurgan paytlarimda aktrisalarning kelinsalom marosimlariga chiqishi urf bo‘lgandi. Saida Rametova va Raʼno Yarasheva to‘ylarga chiqishni taklif qilishgan. Har doim rad javobini berardim.
Bir kuni kursdoshim Rixsitilla Abdullayev rus millatiga mansub insonlarning to‘yida tarjimonlik qilishimni taklif qildi. Evaziga 50 AQSH dollari berishini eshitgach, rozi bo‘lganman. Avvaliga to‘ylarda rus tilida boshlovchilik qilardim. Besh yilga qadar to‘ylarga chiqishga ikkilanib yurganman. Hatto buni rejissyorlarga ham aytmasdim. Chunki yaxshi rejissyorlar “to‘ychi” aktyorlarga nisbatan u qadar yaxshi munosabatda emasdi, deydi aktrisa Nigora Karimboyeva.
“Do‘stimning qistovi bilan kastingga borganman”
Nigora Karimboyeva teleboshlovchilikdagi faoliyatini “Sport” kanalida boshlagan. U MTRKga rasman ishga qabul qilinishiga Rixsitilla Abdullayevning qistovi sabab bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
— Tabiatan yopiq insonman. O‘zimni har ishga urib ko‘rishni yoqtirmayman. Bir kuni do‘stim Rixsitilla Abdullayev “Sport” nomli yangi kanalga kasting bo‘layotganini aytib qoldi. “Qo‘ysang-chi, bizni baribir qabul qilishmaydi”, dedim. Uning qistovi bilan kastingdan o‘tdik. 2004—2014-yilga qadar diktor sifatida faoliyat yuritdim. Undan keyin “Oydin hayot” nomli tok-shouda boshlovchilik qildik. U yerda ham 6 yilga yaqin ishladim. Bir ishga kirishsam, undan ko‘ngil uzishim juda qiyin. Moddiy manfaatdan ko‘ra o‘sha ishdan zavq olishim menga ko‘proq huzur bag‘ishlaydi, deydi aktrisa.
“Bir kunda mashhur bo‘lib uyg‘onganmiz”
Aktrisaning tomoshabinlar orasida mashhurlikka erishishida “Sardor” serialining o‘rni katta bo‘lgan. Aktrisa serial sabab mashhur bo‘lib ulg‘aygani haqida aytib o‘tdi.

— 2000-yilda suratga olingan “Sardor” seriali katta mashhurlikni olib kelgan. Bu xuddi uyqudan mashhur bo‘lib uyg‘onishga o‘xshardi. Serial haqiqatan ham xalq orasida kutilmagan mashhurlikka erishgan, deydi aktrisa.
“Ekrandagi qiyofam zahar”
Nigora Karimboyeva salbiy rollardan qo‘rqmaydigan aktrisalar toifasiga kiradi. Ammo buni baʼzi tomoshabinlar noto‘g‘ri tushunishlari va “yomon” ko‘rib qolishlariga quyidagicha munosabat bildirdi.
— Bunday rollarni ham kimdir ijro etishi kerak. Dunyoda hammaning o‘ziga xos niqoblari bor. Ekrandagi qiyofam zaharroq bo‘lishi mumkin, ammo bu hayotda ham shunday insonman degani emas. Ekranda zahar, cho‘rtkesar ayollar rolini ko‘p ijro etaman. Xalqdan rollarimga nisbatan negativ fikr eshitmaganman, ammo tashkilotchilardan “Yaxshi rollarni ko‘proq o‘ynang, sizni zahar aktrisa deyishyapti”, deb ko‘p aytishgan. Bunday fikrlarga eʼtibor bermayman, deydi aktrisa Nigora Karimboyeva.
“Rolni Dilnoza Kubayevadan qizg‘onganman”
Nigora Karimboyeva “Aldangan ayol” filmidagi bosh qahramon roli uchun kastingda ishtirok etgan. Ammo bu obrazni Rayhon Ulasenova ijro etgan.

— “Aldangan ayol” filmining fotokastingida ishtirok etganman. Albatta, bosh rolni ijro etish xohishi bo‘lgan. Ammo rolga tasdiqlanmaganimni eshitib, biroz ranjiganman. Ammo filmni tomosha qilgach, bu rol meniki emasligini, Rayhon Ulasenova a’lo darajada ijro etganligini anglaganman. Ammo Ayub Shahobiddinovning “Kechikkan hayot” filmidagi Dilnoza Kubayeva ijro etgan rol meniki bo‘lishi kerak edi. Dilnozani hurmat qilaman. Uni singlimdek yaxshi ko‘raman. Ammo undan rolni rosmana qizg‘anganman. Bu rolni men ijro etishim kerak edi, degan ijod rashki ancha vaqtgacha tinchlik bermagan, deydi Nigora Karimboyeva.
“O‘g‘limning rejissyor bo‘lishini istamadik”
Aktrisaning Jaʼfar ismli yolg‘iz o‘g‘li bor. U o‘g‘lining rejissyor bo‘lishiga jiddiy qarshilik qilgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

— O‘zbekistonda erkak ijodkorlarga biroz qiyin. Ayol ijodkorlar ham asosiy daromadini to‘ylardan topishadi. O‘g‘lim maktabni tamomlash arafasida sanʼat institutiga kirishni rejalashtirgandi. Ammo qarshilik qilganimiz uchun asosiy eʼtiborini boshqa sohaga qaratdi. O‘zim haqida emas, farzandimning yutuqlari bilan maqtanishni yaxshi ko‘raman. U bir vaqtning o‘zida bir nechta oliygohga qabul qilindi. U Vestminster universitetining IT yo‘nalishida o‘qishni istadi. O‘qish bilan birga universitetda tashkil etilgan “Drama to‘garagiga” ham qatnashyapti. U do‘stlari bilan ingliz tilida spektakllar sahnalashtiryapti, deydi aktrisa Nigora Karimboyeva.
-
20.08.2022
Somoniylar sulolasi haqida nimalarni bilasiz?
-
20.08.2022
Jasur Umirov “Jumagul” qöshiğining yaralish tarixi haqida gapirib berdi
-
20.08.2022
Kamola Artikova Zohidga turmushga chiqsa, uni öldirib ketish bilan tahdid qilishganini aytdi
-
20.08.2022
Ğiybat nima ekanligini bilasizmi?
-
20.08.2022
Jahongir Xöjayev “Aristokratlar”dagi behayo hazillarga izoh berdi – video
-
20.08.2022
Sardor Rahimxon qizining sog‘lig‘i haqida ma’lumot berdi
-
22.08.2022
“Konechka” bekati yangidan qurilmoqda
-
19.08.2022
Noyabr oyida yurtimizda Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tadi



