Buxoro yangiliklari

Buxoroda 751 million so‘mlik noqonuniy dori vositalari aniqlandi (video)

pic
Foto: Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi

Loading

Buxoroda sifati kafolatlanmagan va noqonuniy muomalaga kiritilishi rejalashtirilgan katta miqdordagi dori vositalari fosh etildi. Holat Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, bojxonaning Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari bilan hamkorlikda Peshku tumanida maxsus tadbir o‘tkazgan.

Tadbir davomida nazorat ostiga olingan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida hech qanday tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan, sifati kafolatlanmagan 50 turdagi jami 57 ming 115 dona dori vositalari va tibbiy buyumlar yashirin ravishda saqlanayotgani aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy saqlanayotgan mahsulotlarning umumiy qiymati 751 million so‘mni tashkil etadi. Mutasaddilar ushbu mahsulotlar keyinchalik noqonuniy savdoga chiqarish maqsadida xonadonda “yashirin ombor” sifatida saqlab kelinganini qayd etdi.

pic02

Ta’kidlanishicha, inson salomatligi bilan bog‘liq sohada qalbaki va sifatsiz dori vositalarining tarqalishi jiddiy xavf hisoblanadi. Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan preparatlar fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi, ayrim hollarda esa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar noqonuniy dori vositalarini iste’mol qilish organizmda turli asoratlarni keltirib chiqarishi, davolash jarayonini murakkablashtirishi va bemor hayotiga xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, tarkibi noma’lum preparatlar inson salomatligi uchun katta tahdid sanaladi.

Qonunchilikka ko‘ra, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, dorilarni dorixonalardan tashqarida noqonuniy sotish ham qonunga zid hisoblanadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu kabi noqonuniy savdolarga qarshi nazorat tadbirlari izchil davom ettirilayotgani qayd etildi. Mutasaddilar fuqarolarni dori vositalarini faqat rasmiy dorixonalardan xarid qilishga chaqirmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Aniqlangan dori vositalarining kelib chiqishi va ularni yetkazib bergan shaxslarni aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Muhokama qilish (0 ta sharh)

Javob berish


  • Telegram
    Buxoroisharif.uz

    Eng köp öqilgan maqolalar

    Яндекс.Метрика

    Tahririyat manzili: 200400, Özbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro tumani, Nodirabegim köchasi, 14-uy. Bosh muharrir: Nazarov Sanjar Latipoviç. Muassis: “Buxoroişarif UZ Axborot xizmati” xususiy korxonasi. Ariza, taklif va şikoyatlaringizni info@buxoroişarif.uz ga yöllang. Joylashtirilgan maʼlumotlardan töliq yoki qisman foydalanish, tarqatish, çop etish faqat manba körsatilgan hollarda ruxsat etiladi.

    © 2026. Uşbu sayt OAV sifatida Özbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA dan 1394 raqami bilan 2021-yilda röyxatdan ötgan.